Breaking News

BMT: Tolibonning ayollarga qarshi cheklovlari inson huquqlarini jiddiy buzmoqda


Afg'onistonlik ayollar, Qandahor, 2024-yil, 18-dekabr
Afg'onistonlik ayollar, Qandahor, 2024-yil, 18-dekabr

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistonda ayollar va qizlarning huquqlari jiddiy ravishda buzilayotganini qayd etdi. Bu holat Tolibon hukumatining ayollar va qizlar huquqlari uchun yetarlicha harakat qilinmayotgani yoki aksincha, huquqlarini ataylab cheklashga harakat qilinayotgani bilan bog’liq.

“Vakolat bilan birga mas’uliyat ham keladi”, - dedi Afg‘onistondagi BMT Yordam missiyasi (UNAMA) rahbari Roza Otunbayeva. U bu fikrni 2021-yil avgustida sobiq isyonchi guruh Tolibonning hokimiyatga qaytishini eslab aytdi.

“Tolibon Birlashgan Millatlar Tashkilotidan o‘zini afg‘on xalqining qonuniy vakillari sifatida tan olinishini talab qilar ekan, ular umumiy qadriyat va tamoyillarni saqlash va rivojlantirish yo‘lida chinakam harakat qilishi kerak”, - dedi u.

Xalqaro Inson huquqlari kuniga bag‘ishlab e’lon qilingan UNAMA bayonotida Tolibonning inson huquqlariga oid faoliyati, ayniqsa, afg‘on ayollari va qizlariga nisbatan “tizimli kamsitish” bilan ajralib turgani ta’kidlandi.

Tolibon hukumati, hali biron bir davlat tomonidan rasmiy tan olinmagan holda, afg‘on ayollarini deyarli har qanday kundalik va ijtimoiy hayotdan chetlatib qo‘ygan. Qizlarga oltinchi sinfdan yuqori sinflarda ta’lim olish taqiqlangan, aksariyat ish joylarida ayol xodimlarni ishga qabul qilishga ruxsat etilmagan, faqat sog‘liqni saqlash, politsiya va immigratsiya kabi bir necha sohalar bundan mustasno. Ayollar erkak mahrami hamrohligisiz yo‘lda yoki samolyotda sayohat qila olmaydi.

Ushbu cheklovlar so‘nggi uch yil ichida Tolibonning oliy rahbari bo’lib kelayotgan Hibatulla Oxundzoda tomonidan chiqarilgan ko‘plab farmonlar orqali amalga oshirilmoqda. Bu farmonlar Islom qonunchiligi – shariatning qat’iy talqiniga asoslangan.

BMT o’z bayonotida Tolibonga Afg‘onistonning 1948-yil 10-dekabrda Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlaganini eslatib o’tdi. Deklaratsiyaga asosan, har bir inson o’z haq-huquqiga va erkinligiga ega bo’lishi kerak, ammo Tolibonning hozirgi siyosati ushbu hujjatning tamoyillariga zid.

“Agar afg’onistonliklar ayollar va qizlarning huquqlarini poymol etishda davom etsa, bu holat Afg’onistonda yashovchi insonlarning mas’uliyatni bajarmaslik va farovonlikni ta’minlashda ataylab harakat qilmayotganini ko’rsatadi, ya’ni inson huquqlarining bu tarzda buzilishi hukumatning va mas’ul organlarning o‘z majburiyatlarini bajara olmaganligini anglatadi”, - dedi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Afg‘onistondagi vakili Fiona Freyzer.

Tolibon yetakchilari ayollarga qo‘yilgan keng ko‘lamli cheklovlarni bekor qilishga qaratilgan BMT boshchiligidagi xalqaro chaqiriqlarni e’tiborsiz qoldirib, o‘z boshqaruvini shariat qonunlariga muvofiq deb ta’kidlamoqda.

BMT ayollar huquqlarini cheklash siyosati tufayli Tolibon hukumatini qonuniy vakil sifatida tan olmayapti. BMT bu cheklovlarni xalqaro qoidalarga zid deb hisoblab, Tolibon hukumatiga nisbatan mas’uliyatli bo’lishni talab qilishda davom etmoqda.

Joriy oy boshida Afg‘oniston sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlari Oxundzoda tomonidan chiqarilgan yangi farmonga asoslanib, tibbiyot muassasalariga mamlakat bo‘ylab ayol talabalarni qabul qilishni to‘xtatishni buyurdi. Bu qaror qizlar uchun oliy ta’lim olishning so‘nggi imkoniyatlaridan birini ham yopib qo‘ydi.

Ushbu farmon butun dunyo bo‘ylab keskin norozilikka sabab bo‘ldi va uni zudlik bilan bekor qilishga chaqiriqlarni kuchaytirdi. Tanqidchilarning ogohlantirishicha, bu qaror erkak shifokorlarga ayol bemorlarni davolash taqiqlangan mamlakatda millionlab ayollarni ayol hamshiralar va akusherlardan mahrum qilib qo‘yadi.

BMTning ogohlantirishicha, so‘nggi taqiqlov urush va tabiiy ofatlar natijasida zaiflashgan, qashshoqlikdan aziyat chekayotgan Afg‘onistonda chuqurlashib borayotgan gumanitar inqiroz va sog‘liqni saqlash muammolarini yanada keskinlashtiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG