Rossiyaning sun’iy idrok bo‘yicha salohiyatini kuchaytirish maqsadida Xitoydan yordam olishga intilishi ayni paytda AQSh bu yo‘nalishda yetakchilik qilayotgan bir paytda yuz bermoqda. Bu orada amaldan ketayotgan Bayden ma’muriyati Pekinning sun’iy idrok chiplariga kirishini yanada cheklash uchun yangi eksport nazoratini joriy etishi kutilmoqda.
Yangi yil boshida, Kreml ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin davlatga tegishli Sberbankka Xitoy bilan sun’iy idrokni tadqiq etish va rivojlantirish masalasida hamkorlik qilishni buyurgan.
“Rossiya prezidenti o‘z davlatini Qo‘shma Shtatlar bilan sun’iy idrok sohasida global raqobatdamiz deb biladi va axborot makoni hamda kibermakonni nazorat qilish uchun davlat resurslarini safarbar etdi. Zero, Rossiya nazarida, G‘arb g‘oyalariga qarshi kurashish uchun sun’iy idrokdan foydalanish muhim sanaladi,” – deydi Yangi Amerika xavfsizligi markazi katta ilmiy xodimi Semuel Bendett.
Moskva Xitoyning sun’iy idrokdagi muvaffaqiyatini ibrat sifatida ko‘rib, “Xitoy bilan hamkorlik qilish – sun’iy idrok bilan bog‘liq malaka, bilim va texnologiyalarni egallash uchun zarur qadam deb hisoblamoqda”, deb yozadi Bendett “Amerika Ovozi”ga yo‘llagan mulohazalarida.
Stenford universitetining Inson Omiliga Tayangan Sun’iy Intellekt instituti 2023-yil noyabr oyida e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, hozircha sun’iy idrok innovatsiyasi borasida Qo‘shma Shtatlar yetakchilik qilmoqda, ikkinchi o‘rinni esa Xitoy egallagan; ammo o’rtadagi tafovut ancha katta. Britaniyaning Tortoise Media nashri e’lon qilgan Global AI indeksida esa Rossiya 83 davlat ichida 31-o‘rinda qayd etilgan.
Sanksiyalarga javob
Rossiya 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirganidan keyin G‘arb mamlakatlari tomonidan joriy etilgan sanksiyalar uning sun’iy idrokni rivojlantirishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bendettning “Rossiya-G‘arb qarama-qarshiligida SIning o‘rni” nomli hisobotida ta’kidlanishicha, Moskva bu cheklovlarni yumshatish uchun Xitoy bilan hamkorlikni kuchaytirishni ko‘zlamoqda.
Putin Xitoy bilan hamkorlik qilishni buyurgan Sberbank G‘arb sanksiyalari ostida qolgan bo‘lsa-da, Rossiyaning eng yirik banki hisoblanadi va sun’iy idrokni rivojlantirish bo‘yicha yetakchi muassasa sanaladi.
“Bloomberg” xabariga ko‘ra, amaldan ketayotgan Bayden Xitoyning sun’iy idrok chiplarini qo’lga kiritishini yanada cheklash maqsadida yangi eksport nazoratlarini joriy etishga hozirlanmoqda va bu chora juma kuni e’lon qilinishi mumkin.
“Reuters”ning qayd etishicha, Sberbank bosh direktori German Gref 2023-yilda Rossiya sun’iy idrok rivoji uchun zarur bo‘lgan grafik protsessorlarni (GPU) qo‘lga kirita olmayotganini bildirgan edi. Shunga qaramay, bankning birinchi o‘rinbosari Aleksandr Vedyaxin dekabr oyida G‘arb sanksiyalariga qaramay, Rossiya 2030-yilga kelib sun’iy idrok reytingini mustaqil tarzda yaxshilashi mumkinligini aytgan.
Rossiya sun’iy idrokdan Xitoy bilan birgalikda foydalanmoqchi bo‘lgan yana bir asosiy soha bu – harbiy soha. Bendettning so‘zlariga ko‘ra, “2024-yilda Rossiya va Xitoy harbiylari o‘rtasida oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazilgan va ikki davlat mudofaa vazirliklari sun’iy idrokdan keng ko‘lamli urush sharoitida, xususan, Ukrainadagi kabi sharoitda, qanday foydalanish mumkinligi borasida muloqotni davom ettirishi kutiladi.”
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, o‘tgan yil boshida Rossiya va Xitoy rasmiylari Pekinda uchrashib, ayniqsa avtonom qurol-yarog‘ ishlab chiqishda sun’iy idrokni harbiy maqsadlarda qo‘llash masalalarini muhokama qilgan.
Sun’iy idrok yordamida boshqariladigan qurollar
2023-yil dekabr oyida Ukrainaning ma’lum qilishicha, Rossiya kuchaytirilgan xususiyatga ega, havodan mudofaani chetlab o‘tishi, asosiy nishonlarni aniqlashi va oflayn tartibda ishlashi mumkin bo‘lgan sun’iy idrokga asoslangan zarba beruvchi dronlarni qo‘llay boshlagan.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi qoshidagi Strategik texnologiyalar dasturi direktori Jeyms Lyuisning aytishicha, Rossiya dronlarni takomillashtirish va nishonni aniqroq topish, tez zarba berish imkonini beradigan qurollar tayyorlashda sun’iy idrok texnologiyasidan foydalanishi ehtimoldan xoli emas.
Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi sun’iy idrok hamkorligi “Qo‘shma Shtatlar uchun yangi xavf tug‘diradi”, biroq harbiy maydonda “sun’iy intellekt noto‘g‘ri strategiyani oqlab bera olmaydi”, deydi Lyuis.
O‘tgan oy Moskvada bo‘lib o‘tgan sun’iy idrok anjumanida Shanxay Sun’iy idrokni tadqiq etish instituti prezidenti Sun Xaytao Xitoy Rossiyaning Sberbanki bilan sun’iy idrokni rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha bitim imzolashni rejalayotgani haqida gapirdi.
Mazkur anjumanda Putin Xitoyni “sun’iy idrok texnologiyasini rivojlantirish va uni amaliyotga joriy etishda katta yutuqlarga erishgani” hamda “aqlli shaharlar” barpo etish va “zamonaviy boshqaruv”ni yo‘lga qo‘yishdagi muvaffaqiyati uchun olqishladi.
Jorjtaun universitetining Xavfsizlik va rivojlanayotgan texnologiyalar markazi ilmiy xodimi Sem Bresnikga ko‘ra, Pekin Moskva bilan sun’iy idrok yo‘nalishida hamkorlikdan qanday naf ko‘rishi aniq emas, biroq Xitoy buning evaziga Rossiyadan ayrim harbiy texnologiyalar va urushga doir ma’lumotlarga ega bo‘lishni xohlashi mumkin.
“Rossiya suv osti kemalari ishlab chiqarishda juda puxta tajribaga ega. Ilgari Xitoy ana shunday texnologiyalarni qo‘lga kiritishdan manfaatdor degan taxminlar mavjud edi. Yana bir misol – vertolyot texnologiyasi,” - deydi Bresnik.
“Ukrainadagi urush juda katta miqdorda ma’lumot ishlab chiqardi, - deydi u so‘zida davom etib. - Xitoy ana shu ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga intilishi mumkin, chunki Rossiyadan olingan harbiy ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlar Xitoyga o‘zining harbiy sun’iy idrok tizimlarini rivojlantirishda katta yordam bo‘ladi.”
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi vakili Lyu Penvyuga ko’ra, “sun’iy idrokdan foydalanish borasida Xitoy ‘inson manfaatlarini ustuvor qo‘yish’ va ‘yaxshilikka xizmat qilish’ tamoyillarini faol ilgari suradi. Shu tariqa, sun’iy idrok xavfsiz, ishonchli va nazorat qilinadigan bo‘lishini, global barqaror rivojlanishga xizmat qilishini hamda insoniyat manfaatini yaxshilashini ta’minlashga intiladi,” dedi u “Amerika Ovozi”ga yo’llagan javobida.