Oshkoralik va shaffoflikni targ'ib qiluvchi xalqaro nohukumat tashkilot "Transparency International" 2024-yildagi vaziyat haqida chiqargan hisobotida dunyo bo'ylab korrupsiya ko'lami oshgani haqida ogohlantiradi.
180 davlat va hududlardagi ahvol tahlil qilinganida Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo dunyoning yulg'ichlik va poraxo'rlikka qarshi kurashda eng qoloq qismlaridan biri sifatida gavdalanadi.
Vaholanki, xususan Markaziy Osiyoda har bir hukumat korrupsiyaga qarshi kurashayotganini tinimsiz da'vo qilib keladi. Har yili qancha odam poraxo'rlik va xalq mulkini o'marganlikda ayblanib, qamalgani haqida ko'rsatkichlarini ko'z-ko'z qiladi, xalqaro hamjamiyat bilan muloqotda bu sohada yordam so'raydi, shaffoflikni ta'minlashga bel bog'laganini qayd etadi.
Turkmanistonni 18 yildan beri ota-bola Berdimuhammedovlar boshqaradi. Biror saylov adolatli o'tmagan, mamlakatda erkin matbuot yo'q, fuqaro hukumatni aslo savolga tuta olmaydi.
Xuddi shu holat Tojikistonda ham hukmron. Respublika 30 yildan oshibdiki, Emomali Rahmon qo'lida. To'qqiz farzandi mamlakat siyosiy-iqtisodiy hayotining turli jabhalarini egallab olgan.
O'zbekistonda 2017-yilda boshlangan islohotlarga ulkan umidlar bog'langan edi, ammo bugungi reallik, qolaversa izlanish va so'rovlar natijasi shuni ko'rsatadiki, Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida korrupsiya ko'lami yanayam kengaygan. Nepotizm, ya'ni oila va urug'-aymoqlarga hokimiyatdan o'rin va iqtisodiy qudrat berilib, mamlakat iqtisodining salmoqli qismi hozirda prezident atrofidagi doira, jumladan uning oilasi va ularga bog'liq odamlar iznida.
Qirg'iziston, "Transparency International" tahlilicha, ayniqsa Sadir Japarov prezidentligida demokratiyadan chekinib, avtoritarizmga o'tgan tuzumlardan biri va u yerda ham boshqaruvdagilar va ularning guruhlari - asosiy yulg'ichlar.
"Demokratik institutlar shakllansin, barqaror yashaylik, desangiz, korrupsiyaga toqat qilmaymiz".
Qozog'istonda 2019-yilda prezidentlikka kelgan va 2022-yildan beri hokimiyatini sezilarli ravishda mustahkamlab olgan Qosim-Jo'mart To'qayev o'tgan ikki yilda korrupsiyani boltalash uchun ayrim choralar ko'rgan. Biroq ularning natijalari hali hayotda aks etmayapti.
Avtoritar boshqaruvlar kuchga to'lib, demokratik institutlar rivojlanishi uchun yo'l berilmay, erkinliklar va huquq sistematik ravishda toptalib, qonun ustuvorligi o'rniga yakkahokimlik yanayam keng ildiz otishi - bu jamiyatlarda islohotlar xo'jako'rsinga qilinayotganidan dalolat, deya sarhisob qiladi "Transparency International".
Tashkilot tuzgan indeksda davlatlar 0 dan 100 gacha baholanadi. Markaziy Osiyo respublikalari eng quyida.
Rossiya 22-o'rinda. Xuddi shu o'rinda Ozarbayjonni ham ko'rasiz.
Tojikiston 19, Turkmaniston 17-o'rinlarda nafaqat Markaziy Osiyoda, balki global miqyosda eng past ko'rsatkich bilan yashaydi.
Qirg'iziston 25, O'zbekiston 32, Qozog'iston esa 40-o'rinlarda.
Kleptokratiya, siyosiy qudratdan foydalanib boyish, mintaqa uchun yangilik emas, deydi tadqiqotchilar. Bu holat har bir mamlakatda yaqqol namoyon va so'ralganida, bu haqiqatni oddiy odamlar ham tilga oladi, ammo norozilikni ochiq bildirishga qo'rqadi.
"Transparency International"ning mintaqaviy maslahatchisi Altinay Mirzabekova deydiki, demokratiyadan chekinish va korrupsiya charxpalagidan chiqa olmaslik Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda qonunbuzarlik tobora gurkirashiga turtki beradi.
"Avtoritar rejimlar demokratik nazoratga yo'l bermaydi. Fuqaro jamiyati erkin emas. Tabiiy boyliklar bu rahbarlarning xususiy mulkidek. Adliya tizimi esa tishsiz, yulg'ichlarni javobgarlikka tuta olmaydi," - deydi ekspert.
Mirzabekova ta'kidlashicha, "Shaffoflik va mustaqil institutlar zarur. Fuqaro huquqlari e'zozlanmasa; odamlar bu muammolar haqida erkin gapirib, muhokama qilolmasa, korrupsiya boshqaruvni va iqtisodni yemiradi".
Mutaxassis kuzatadigan mintaqalarda Gruziya (53). Armaniston 47) va Montenegro (46) korrupsiyaga qarshi konkret choralar ko'rgani uchun eng ildamlagan mamlakatlardir.
"Transparency International" rahbari Mayra Martini umidni boy bermaslikka undab, o'z xalqi va davlati kelajagini o'ylagan har bir tomonni yulg'ichlik, poraxo'rlik va nepotizmga nisbatan loqayd bo'lmaslikka chaqiradi.
"Hukumatlar va xalqaro tashkilotlar har bir jabhada anti-korrupsion choralarni ishga solishi zarur", - deydi Martini.
Aks holda, deydi u, mamlakatma-mamlakat mablag'lar va boylik o'marilaveradi, tizimlarga ishonch pasayaveradi.
"Demokratik institutlar shakllansin, barqaror yashaylik, desangiz, korrupsiyaga toqat qilmaymiz".