Breaking News

AQSh-Hindiston munosabatlari qanday davom etadi?


AQSh rahbari Donald Tramp Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan, Arxiv.
AQSh rahbari Donald Tramp Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan, Arxiv.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 12-fevral kuni ikki kunlik tashrif bilan Vashingtonga yetib kelgan edi. Bugun - 13-fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Modini Oq uyda qabul qiladi. Muzokaralar ortidan qo'shma matbuot anjumani va kechki ziyofat uyushtiriladi.

Dehli Modining safaridan ijobiy natijalar kutmoqda.

“Bosh vazirning AQShga safari hamkorligimizga yangi yo’nalish va kuch bag’ishlaydi”, - deydi Hindiston diplomati Vikram Misri.

Modi Tramp prezidentligining birinchi muddatida Vashington bilan iliq munosabatda bo’lgan. Bu safar savdo va immigratsiyaga doir bahsli masalalar muzokaraning nozik mavzulari. Tramp esa Hindistonni yirik tarif qo’llovchi davlat deb atamoqda.

Dehli muammolar yechimi tomon qadam tashlay boshlagan. Xususan, AQSh avtomobillari va mototsikllariga belgilangan boj to’lovlarini kamaytirish payida. Tahlilchilar nazdida, Dehli yanada ko’proq qadam tashlashga tayyor.

“Katta dallol sifatida Tramp kattaroq talab qo’yadi. Hindiston ham qolishmaydi. Natijada, bir murosaga kelamiz”, - deydi Kalinga institutidan ekspert Chintamani Mahapatra.

Ikki lider mudofaa tizimlari va texnologiyalarga doir masalalarni ham muhokama qilishi kutiladi. O’tgan oy Tramp dunyoning eng yirik qurol xaridori sanalgan Hindistonni AQShdan ko’proq xavfsizlik vositalarini xarid qilishga chaqirgan edi. Dehlida bunga real ehtiyoj bor.

“AQSh Hindiston bozori boy berilayotganidan xavotirda. Bosimni kuchaytirmoqda. Transport va razvedka samolyotlari, hatto qiruvchi samolyotlar, samolyot motorlari uchun texnologiyalar, bronemashinalar xaridi kelishilishi mumkin”, - deydi mudofaa bo'yicha ekspert Rahul Bedi.

Dehli AQShda noqonuniy yurgan fuqarolarini vatanga qaytarish bo’yicha Vashington bilan kelishgan. Biroq hujjatsiz migrantlarga insoniy munosabatda bo’lishni so’rashi mumkin. O’tgan hafta Hindistonga yuzdan ziyod migrant oyoq-qo’li kishanlangan holda deport qilingani bahslarni alangalatgan edi.

O’z navbatida, Hindiston malakali kadrlar va AQSh universitetlarida tahsil olish istagidagi talabalar uchun qonuniy immigratsiya kanallarini saqlab qolishni istaydi.

“Xalqlar o’rtasidagi rishtalar AQSh bilan aloqalarimizning tamal toshi”, - deydi Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar.

Modi nazdida, uchrashuv Tramp prezidentligining birinchi muddatida erishilgan yutuqlarni mustahkmlash uchun fursat.

Xitoy agressiyasiga qarshi kurash tomonlarni yaqinlashtiradi. AQSh va Hindiston Hind-Tinch okeani mintaqasida ittifoqchi.

“O’n yil sukut saqlagan ittifoqni siltab, qayta jonlantirgan prezident Tramp. Hindiston va AQSh Hind-Tinch okeani mintaqasida tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash yo’lida mushtarak maqsadlarga ega”, - deydi ekspert Mahapatra.

Vashingtonda kechadigan muloqot Tramp prezidentligining ikkinchi muddatida AQSh-Hindiston munosabatlari qaysi o’zanda davom etishini belgilaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG