Yanvar boshida Hindiston va Tolibon rahbariyati o’rtasida o’tgan birinchi yuqori darajadagi diplomatik uchrashuvni tahlilchilar Dehlining Afg’onistondagi nufuzini tiklash tomon qo’yilgan muhim qadam deya baholamoqda.
Ikki tomon tashqi ishlar vazirlari Dubayda muloqot qilgan. Hindiston Afg’onistondagi taraqqiyot loyihalarida “yaqin kelajakda” ishtirok etishini ko’rib chiqishini, sog’liqni saqlash sohasiga va qochqinlarga ko’proq yordam ajratishini bildirmoqda. Vikram Misri va Amir Xon Muttaqiy savdo aloqalarini rivojlantirishni ham muhokama qilgan.
Hindistonni “muhim mintaqaviy va iqtisodiy hamkor” deb atar ekan, Afg’oniston Tashqi ishlar vazirligi bu mamlakat bilan siyosiy va iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlashni istaymiz, deya bildirdi.
“Dehlining yondashuvi pragmatik bo’lib, Tolibonni yakkalab qo’yish uning Afg’onistondagi maqsadlariga erishishni qiyinlashtiradi, degan qarashga asoslanadi”, - deydi siyosatshunos Maykl Kugelman.
Dehlida xavotir shu ediki, Tolibonning qaytishi bilan Afg’oniston yana Hindiston Kashmirida jang qilib kelayotgan pokistonlik jangarilar uchun boshpanaga aylanadi.
Biroq tahlilchilarning aytishicha, Tolibon Hindistonning xavfsizlik manfaatlariga zid hech qanday qadam tashlagani yo’q.
“Ular o’z tuprog’ida Hindistonga qarshi terrorchilik faoliyatiga yo’l qo’ymaslik bo’yicha majburiyatlarini bajarishmoqda. Shunday ekan, aloqalar kuchayib bormoqda, – deydi tadqiqotchi Shushant Sarin. – Afg’oniston bu mintaqada beqarorlik o’chog’i sifatida ko’riladi, bu esa Hindiston manfaatlari uchun muhim”.
Hindistonning toliblar bilan yaqinlashuvi 2022-yilda Afg’onistonga oziq-ovqat va dori-darmon jo’natishidan boshlangan. O’shanda Dehli Kobuldagi diplomatik idorasini ham “kichik texnik guruh” bilan qayta ochdi.
Kobul va Islomobod o’rtasida aloqalar tarang ekan, Afg’oniston va Hindiston orasidagi hamkorlik oshib borishi kutilyapti.
“Pokistonning Tolibon bilan chigal aloqalarini hisobga olsak, Hindistonning Tolibon bilan gaplashishi osonroq, – deydi Kugelman. – Hindiston-Pokiston raqobati fonida Dehli Islomobodning toliblar bilan ziddiyatidan foydalanib, bu guruh bilan yaqinroq aloqa qiladi, Afg’onistonga o’z ta’sirini o’tkazishda ustunlikni qo’lga kiritishga harakat qiladi”.
Vikram Misri va Amir Xon Muttaqiy o’rtasidagi uchrashuvda Hindiston tomoni “afg’on xalqining shoshilinch ehtiyojlariga javob berishga tayyorligini” bildirgan.
2021-yilda Tolibon hokimiyatni egallashidan oldin Hindiston Kobulning yirik mintaqaviy donorlaridan biri edi. Maktablar, yo’llar, to’g’on va kasalxonalar qurish uchun Dehli qariyb uch milliard dollar sarmoya kiritgan. Ushbu loyihalarning aksariyati Tolibon kelganidan keyin to’xtab qolgan. Ba’zilari qayta boshlanishi mumkin, deydi tahlilchilar.
“Hindistonning maqsadi o’nlab yillar davomida qilingan yaxshi ishlarni himoya qilish va Afg’onistonni rivojlantirishga qaratilgan proyektlarni tiklash, – deydi Dehlidagi Kalinga instituti asoschisi Chintamani Mahapatra. – Afg’oniston biz uchun juda muhim davlat, shuning uchun Hindiston Tolibonni yakkalab qo’yishdan ko’ra ular bilan aloqa qilishdan manfaatdor. Barqarorlikka erishish uchun biroz iqtisodiy rivojlanish ham bo’lishi kerak”.
Tomonlar savdo va tijorat uchun Eronning Chobahor portidan foydalanishni rag’batlantirishga kelishib olgan.
Hindiston Afg’oniston va Eron orqali Markaziy Osiyo bilan yaqinroq bog’lanishni istaydi. Pokiston tranzit huquqlarini bermasligi sababli Dehli regionga to’g’ridan-to’g’ri chiqa olmaydi. Savdo uchun Pokistonning quruqlikdagi yo’llari va portlariga tayanuvchi Afg’oniston uchun Chobahor porti muqobil yo’ldir.
Tolibon Dehlini afg’on tadbirkorlari, bemorlari va talabalariga viza berishga undagan. Bu jarayon Hindistonning Afg’onistondagi konsulliklari yopilganidan keyin, shuningdek, xavfsizlik va Hindiston Tolibonni rasman tan olmasligi sababli to’xtab qolgan edi.
“Hindiston afg’onlar uchun eshikni ochishga tayyor emas, ehtiyotkorlik bilan ish tutadi, hamkorlikni chuqurlashtirishda davom etadi. Dehli Tolibonning ayollarga nisbatan siyosati va mafkurasiga shubha bilan qarar ekan, uning siyosati realizmga asoslanadi. Axir Afg’onistonni yo’q deb tasavvur qila olmaymiz, qo’shnilarmiz”, - deydi tadqiqotchi Shushant Sarin.
Rossiya va Xitoy ham toliblar bilan munosabatlarni mustahkamlamoqda.
“AQSh Afg’onistonda asirlikda saqlanayotgan amerikaliklar taqdiri va IShID bilan bog’liq xavotirlar kabi nozik masalalar bo’yicha Tolibonga qanday yondashish haqida o’ylanar ekan, asosiy ittifoqchilaridan biri [Hindiston] Tolibon bilan gaplashish yo’lini tanlagani foydali bo’lishi mumkin”, - degan fikrda Kugelman.