Breaking News

Qrim-tatar ijodkorlari USAID yopilishidan taassufda


AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi qarorgohi, Vashington, 5-fevral, 2025
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi qarorgohi, Vashington, 5-fevral, 2025

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) urush ostidagi Ukrainada nafaqat hukumat bilan turli sohalarda hamkorlik loyihalarini amalga oshirayotgan, balki mamlakatdagi mustaqil matbuotni, nodavlat tashkilotlarni, madaniyat va san’at sohasidagi ijodkorlarni ham quvvatlab kelayotgan edi.

Agentlik tub aholi huquqlarini himoyalash, qadriyatlarni asrab avaylashga hissa qo'shgan.

Ukrainadagi qrim-tatarlar, xususan faollar va ijodkorlar USAID bilan yaqin hamkorlik qilgan.

Urush ortidan Kiyevda yashayotgan qrim-tatar rassomi Rustem Skibin bu tashkilot ishlashni aslida Qrimda boshlagan.

Skibin USAID faoliyati tugatilishi haqidagi xabarni taassuf bilan qabul qilganini aytadi.

“USAID, ayniqsa qrim-tatarlari kabi o`z vatanida tazyiqlar ostida yashayotgan xalqlar madaniyati, san’atini asrab avaylash, ijodkorlari faoliyatini qo`llab quvvatlashga muhim ahamiyat qaratardi. Agentlik bilan dastlabki hamkorligim hali Qrimda ekanligimda, qrim-tatar kulolchilik san’ati tarixi namunalarini yaratishga doir loyiha asosida boshlangan edi", - deydi ijodkor.

"Bu loyiha natijasida amalga oshirgan ishlarimiz xalqimiz madaniyati, san’ati namunalari tiklanishida muhim ahamiyat kasb etgani e’tirof qilindi. USAID shunday loyihalari bilan faqat menga emas boshqa ijodkorlarga ham yaqindan ko`maklashganini, qo’llab-quvvatlab kelganini aytishim mumkin. Albatta, bunday tashkilotlar yopilishi ijodkorlar faoliyati, ayniqsa urush ichidagi mamlakat ijodkorlari faoliyatiga ta’sir ko`rsatadi, chunki ular hozir har qachongidan ko`ra ko’proq dastakka, moddiy, ma’naviy jihatdan ham qo`llovga muhtoj”, - deydi Skibin.

Qrim-tatarlar o'zligi uchun kurashib keladi. Kiyev, Ukraina, 27-iyun, 2020.
Qrim-tatarlar o'zligi uchun kurashib keladi. Kiyev, Ukraina, 27-iyun, 2020.

BMT doirasida ham qrim-tatarlari haq-huquqlari toptalayotgan tub aholi, kam sonli millatlar sifatida qayd qilingan.

Qrim-tatarlar - Qrimning tub aholisi. Qrim ularning tarixiy vatani bo`lib kelayotganiga qaramasdan, ular avvaliga Rossiya, keyin esa Ukraina tarkibida ham mustaqil davlat, boshqaruvga ega bo’lmadi.

Qrim Rossiya tomonidan qayta ishg’ol qilinishi, Ukrainaga nisbatan urush boshlanishi ortidan esa yarim oroldagi tub aholi huquqlari yanada og’irlashdi, qrim-tatarlarning ko’pchiligi o’z vatanini tark etib, boshqa hududlardan qo’nim topishga majbur bo`ldi.

Qrim-tatar resurs markazi direktori Iskandar Bariyev ham Qrimdan Kiyevga ko’chishga majbur bo`lgan faollardan.

Uning tashkiloti Qrimdagi inson huquqlariga doir vaziyatni kuzatib, siyosiy tutqunlar, ularning yaqinlarini quvvatlaydi. Markazning bu faoliyatiga turli xalqaro tashkilotlar, jumladan USAID ham yaqindan ko`maklashgan.

Stalin davrida ham zulmdan azob chekkan qrim-tatarlar o'z mustaqil boshqaruviga ega bo'lishni orzu qiladi. Tarixi va madaniyatini asrab-avaylashda ular USAIDga ham tayanib kelayotgan edi.
Stalin davrida ham zulmdan azob chekkan qrim-tatarlar o'z mustaqil boshqaruviga ega bo'lishni orzu qiladi. Tarixi va madaniyatini asrab-avaylashda ular USAIDga ham tayanib kelayotgan edi.

Bariyevga ko`ra, USAID kabi tashkilotlar inson huquqlariga doir tadqiqotlar to`xtab qolmasligi uchun ham muhim. Bu ayniqsa milliy huquqlari qo’pol toptalayotgan tub aholi, xususan qirim-tatarlari misolida yaqqol ko`rinadi.

Markaz yaqinda BMTning Tub aholi huquqlari bo`yicha komissiyasiga hisobot taqdim etdi. Unda Rossiya bosqini Qrimning tub aholisini mutlaqo himoyasiz qoldirgani, xalqaro tashkilotlar aralashmas ekan, vaziyat yanada og’irlashishi ta’kidlanadi.

Stalin davrida Markaziy Osiyoga surgun qilingan, deportatsiya davomida yirik yo`qotishlarga uchragan qrim-tatarlari Qrim aholisining 15 foizga yaqinini tashkil qilishi ta´kidlanadi.

Ammo 2014- yildagi bosqin bu ko`rsatkichlarni o`zgartirgan. Qrim-tatarlar katta sonda Qrimni tark etishga majbur bo`lgan.

Rossiya bosqini ortidan Qrimdan chiqib ketganlarning aksariyatini Milliy Majlis faollari, jurnalistlar, san’at va madaniyat xodimlaridir.

Rassom Rustem Skibin - shulardan biri. U milliy tarixni tadqiq etishga jiddiy kirishib, xalqaro tashkilotlar ko`magida Yevropada va Ukrainada qrim-tatarlar tarixi, madaniyati va san’atiga doir turli ko’rgazmalarda qatnashdi.

“Vatanimiz hozir bosqin ostida, ammo ozod bo`lishi shubhasiz. Rossiya Qrimda tub aholiga nisbatan tazyiqlarni avjga chiqardi. Qrim-tatar madaniyati va san’atini yo`qotmoqda. Men kabi vatandan tashqarida yashayotgan ijodkorlarning asosiy vazifasi esa bu madaniyatni asrash, rivojlantirish. Albatta bu jarayonda biz uchun xalqaro hamjamiyat, xalqaro tashkilotlarning ko`magi juda muhim”, - deydi Skibin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG