Breaking News

Olmaliqdagi koloniyadan jasad chiqdi, Tovoqsoyda ham bir mahkum o'lgan


O'zbekiston qamoqxonalaridan oldin ham jasadlar chiqqan va aksariyat hollarda o'lganlarning oilalari tizimni noinsoniy munosabatda ayblagan
O'zbekiston qamoqxonalaridan oldin ham jasadlar chiqqan va aksariyat hollarda o'lganlarning oilalari tizimni noinsoniy munosabatda ayblagan

O'tgan hafta Toshkent viloyatidagi qamoqxonalarda ikki mahkum jon bergan. Biri, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, yurak xuruji va pankreatitdan vafot etgan; ikkinchisi esa koloniyadagi obodonlashtirish jarayonida qattiq jarohatlanib, o'lgan.

O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilib tanilgan mustaqil tashkilot - "Ezgulik" jamiyati bergan ma'lumotlarga ko'ra, 15-fevral kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi 14-sonli koloniyadan 21 yoshli mahkum Muhammadqodir Po‘latovning jasadi chiqqan.

Rasmiy hujjatda Polatov yurak xuruji va pankreatitning og‘ir shakli sabab olamdan o'tgani aytiladi.

Marhum bezorilikda aybdor deb topilib, o'tgan yilning sentabrida uch yilga qamalgan va shu yili manzil koloniyasiga chiqishi kutilayotgan bo'lgan.

Uning oilasi Farg‘ona shahrida yashaydi. Onasi Nigora Qambarovaning ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan videosida oila naqadar shokda ekanini ko'rish mumkin.

Qambarova shu yilning 26-28 yanvar kunlari o'g'li bilan koloniyada ko'rishgan.

Muhammadqodir Polatov sport bilan shug'ullangan va onasiga ko'ra, sog‘lig‘idan shikoyat qilmagan.

"Ezgulik" rahbari Abdurahmon Tashanov "Facebook" tarmog'idagi postida qayd etishicha, Po'latovning oilasi jasadda qiynoq alomatlarini ko'rgan, "elektroshoker iziga o‘xshash chiziqlar" borligini iddao qilgan.

"Bizda shubha tug‘dirgan hozircha yagona jihat koloniya ma’muriyatining mahkumning og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida uning yaqinlariga xabar bermaganligidir. Qo‘limizda ekspertiza hujjatlari bo‘lmagani bois mahkumning qiynoqdan o‘lim topganiga dalolat qila olmaymiz. Ammo koloniya ma’muriyatining jasadni yorib, so‘ng yaqinlariga topshirgunicha bo‘lgan jarayonda ularga xabar bermaganligi mudhish xatodir. Chunki onaning ko‘nglida ulkan gumon qoldi, 20 kun avval soppa-sog‘ ko‘rgan norg‘ul bolasining o‘ligini dabdurustdan qo‘liga tutqazishsa, onaning ahvolini tasavvur qilavering!" - deya yozadi Tashanov.

Huquq himoyachisi qo‘lidagi materiallarni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili, ya'ni Ombudsmanga hamda mediaga bergan.

Tashanov chora ko‘riladi, degan umidda emas. "Chunki koloniyadan o‘lik chiqishi oddiy holga aylanib qoldi", - deydi u, O'zbekistondagi umumiy vaziyatga va oldin ham mahbus va mahkumlarnind jasadi chiqqaniga ishora qilib.

O'zbekiston Bosh prokuraturasining 18-fevral kungi bayonotiga ko'ra, Muhammadqodir Po‘latov Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limida vafot etgani yuzasidan "voqea joyi va murda ko‘zdan kechirilib, mutasaddi xodimlar va shifokorlardan holat yuzasidan tushuntirishlar olingan va o‘lim sababini aniqlash uchun sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan".

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, yurak ishimik kasalligini o‘tkir shakli, yurak mushaklarida qon ketishi “miokard infarkti”dan vafot etganligi ko‘rsatilgan. Toshkent maxsus prokuraturasi masalani o'rganayotgani bildirilgan.

Po'latovning o'limi Ombudsman tomonidan ham tekshiruvda ekani ma'lum qilingan.

Tovoqsoydagi 7-koloniya, dekabr, 2019
Tovoqsoydagi 7-koloniya, dekabr, 2019

Bu orada Ombudsman idorasi Toshkent viloyatidagi yana bir qamoqxona - Tovoqsoydagi 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasida fojia yuz berganini ham tasdiqlagan.

"To‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, 11-fevral kuni taxminan soat 16:10 da mahkum M.T. koloniya hududidagi eski oshxona binosida obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan. Devorni buzish jarayonida ehtiyotsizlik sababli uning bir qismi mahkum ustiga qulagan, natijada og‘ir tan jarohati olgan", - deyiladi Ombudsman idorasining 18-fevraldagi bayonotida.

Bosh prokuraturaga ko'ra, mahkumning to'liq ismi - Mustafa Tursinbayev. Huquq himoyachilarining aytishcha, u 41 yoshli qoraqalpoq faoli va bloger bo'lgan. 2023-yilning noyabrida hibsga olinib, 2024-yilning mart oyida Nukus tuman sud uni tovlamachilikda aybdor deb topib, besh yilga ozodlikdan mahrum etgan. Mahkum aybni bo'yniga olmagan.

Tursinbayev bir qavatli binoning devorlarini buzayotganida uning bir qismi qulab, uni bosib qolgan, deya tasvirlanadi rasmiy bayonotda. Mahkum 16-fevral kuni shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Toshkent maxsus prokuraturasi tergov harakatlari olib bormoqda, deya bildiradi Bosh prokuratura.

Ombudsmanning Qoraqalpog'istondagi vakili marhumning oila a’zolari bilan uchrashib, ta’ziya bildirgan. Marhumning otasi, deya bildiradi idora, Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasida besh kun o‘g‘lining yonida bo‘lgan.

"Ezgulik" o'z hisobotlarida qamoq va hibsxonalardagi qiynoqlar va noinsoniy munosabat hollarini xatlab keladi. Bu holatlar uchun, tashkilot kuzatishicha, deyarli hech kim javobgarlikka tutilmaydi.

Tashkilot shu kunlarda yana bir mahkum, ayol kishi, panjara ortida jon bergan, degan da'volarni ko'rib chiqmoqda.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG