Breaking News

Markaziy Osiyo AQSh-Rossiya muloqotiga befarq emas


Qozog'iston Rossiya bilan aloqalari, qator murakkabliklarga qaramasdan, mustahkam ekanini ta'kidlab keladi
Qozog'iston Rossiya bilan aloqalari, qator murakkabliklarga qaramasdan, mustahkam ekanini ta'kidlab keladi

Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo'mart To’qayev AQSh-Rossiya muloqoti tiklanayotgani va Ukraina urushini to’xtatishga doir muzokaralarni yoqlab chiqqan.

“Biz boshidan urushni to’xtatish, tomonlar diplomatik muzokaralar orqali bitimga kelishishi lozimligini ta’kidlab kelganmiz. Bizning pozitsiyamiz amaliyotga ko‘chmoqda, ikki qudratli davlat (AQSh va Rossiya) siyosiy muloqotni boshlashdi. Bu yaxshi tendensiya, Qozog’iston uchun ham foydali. Biz buni imkon qadar qo’llab quvvatlashga harakat qilamiz ”, - dedi Prezident To’qayev o'tgan hafta Ostonadagi bir tadbirda.

To’qayevning bu fikrlari - xalqaro maydonda jiddiy munozara qo’zg’agan Donald Tramp-Vladimir Putin muloqoti haqida Markaziy Osiyodan bildirilgan dastlabki rasmiy munosabat.

Trampning Putin bilan muloqotga chiqishi, buning ortidan esa Saudiya Arabistonida Rossiya-AQSh muzokaralari o`tkazilgani Yevropa bo'ylab, shuningdek, Ukrainada ham munozarali baholandi, tanqid ostida.

Yevropa liderlari Tramp Ukraina va Yevropa Ittifoqini chetlab, Putin bilan alohida muloqotga kirishganidan norozi. Prezident Volodimir Zelenskiy deydiki, Ukraina ishtirokisiz tinchlik muzokaralari o`tkazish samarasiz, chunki Kiyev usiz qilingan qarorlarni aslo tan olmaydi.

Saudiya Arabistonidagi dastlabki muzokaralar ortidan Davlat kotibi Marko Rubio Ukraina va Yevropa Ittifoqi keyingi bosqichlarda qo‘shilishi mumkin, deb aytgan. Biror kelishuv ularsiz qilinmaydi, deya ta'kidlagan Rubio.

Trampning Ukraina bo`yicha maxsus vakili Kit Kellog Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasida so'zlar ekan, Yevropa davlatlarining rolini yuqori baholamagan.

Tram va Putin o’rtasidagi telefon suhbat, buning ortidan esa Riyodda AQSh-Rossiya so'zlashuvi Yevropa rahbarlari tomonidan keskin burilish deya qaralmoqda.

Global Janub davlatlari bu muloqotni yoqlayotgan bo`lsa-da, bevosita urushga tortilgan Ukrainada va urush xavfi siljishidan xavotirdagi Yevropada muloqot va tinchlik muzokaralari ehtimoli ancha bahsli masala bo'lib qolmoqda va olqishlanmagan.

Prezident To’qayev Tramp-Putin aloqalari va urushga doir diaolog boshlanishini yoqlab chiqishi Global Janubdagi boshqa pozitsiyalarga hamohang. Qozog’iston ziddiyat tezroq tugab, savdo va iqtisodiy hamkorlik tiklanishidan manfaatdor ekanini ifoda etmoqda.

Ammo tahlilchilar Ukraina urushini Rossiya shartlariga ko`ra yakunlanishi sobiq ittifoq, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari uchun tahdid tug’dirishi, Ukrainada g’alaba qilgan Rossiyaning keyingi nishoni Yevropa emas, Markaziy Osiyo mintaqasi bo`lishi ehtimolini yaqin baholashadi.

Tahlilchi Alisher Ilhomov nazarida, Rossiya imperiyasini tiklash qaroridagi Putinning Ukrainadagi da’volari qondirilsa, xavf boshqa mintaqalarga, jumladan Markaziy Osiyoga ham yoyiladi.

“Putinning Ukrainadagi g’alabasi Markaziy Osiyo davlatlari uchun ancha qimmatga tushishi mumkin. Urushning Rossiya shartlariga ko`ra tugatilishi sobiq ittifoqdagi biror davlat manfaatiga javob bermaydi. Rossiyaga Ukraina hududlarini bosib olish, anneksiya qilish imkon berilishi Rossiya tahdididan xavotirda turgan boshqa davlatlarga yo`llangan xunik ishora bo`ladi, xususan Markazi Osiyo davlatlariga. Ehtimol hozir Rossiya boshqa davlat hududlarini anneksiya qilish qudratida emasdir, ammo ularning tashqi, ichki siyosati ham to`liq Moskva nazoratiga o`tadi”, - deydi Ilhomov.

Markaziy Osiyo Ukraina urushiga nisbatan rasman betaraf. Mintaqa davlatlari uch yildirki davom etayotgan bu ziddiyat yuzasidan deyarli munosabat bildirmaydi.

To’qayev avval ham tomonlarni muzokaraga chaqirgan, shu bilan birga, Rossiya harbiy jihatdan yengilmas, deya ham qayd etgan.

Qozog’iston - Rossiya bilan eng uzoq chegaraga ega davlat. Uzunligi 7,500 kilometrdan oshadi. Qozog’iston Rossiya bilan strategik ittfoqchi va Moskva yetakchiligidagi bloklarga a´zo.

Moskvadagi siyosiy doiralar Rossiya Qozog’istonga nisbatan ham hududiy da'volarga egaligini ta’kidlab keladi.

Bu da’vo Kreml tomonidan rasman dastaklanmagan, lekin inkor ham etilmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG