Breaking News

Tojikistonlik AQShda terrorizm gumoni bilan hibsda


Bruklin ko'prigi, Nyu-York, AQSh
Bruklin ko'prigi, Nyu-York, AQSh

Tojikistonlik 33 yoshli muhojir Mansuri Manuchehriy 26-fevralda Nyu-Yorkning Bruklun tumanida hibsga olingan. U "Islomiy davlat" va "Islomiy davlat - Xuroson" terror guruhlariga moddiy yordam berganlikda gumon qilinmoqda.

Shuningdek, deyiladi AQSh Adliya vazirligi bayonotida, Manuchehriy Amerikada noqonuniy yurgan va noqonuniy ravishda qurolga egalik qilgan.

“Adliya vazirligi mening boshqaruvimda terrorizmga aslo toqat qilmaydi, -deydi vazir Pem Bondi. - Amerikaliklarga tahdid solishga uringan shaxslar topiladi, hibs qilinadi va sudga tortiladi".

Federal tergov byurosi rahbari Kesh Patel deydiki, terrorizm va terror guruhlariga qarshi kampaniya avjida. Amerikada bu boradagi har qanday harakat nazoratga olinadi. Vatandami yoki chetda, amerikaliklarga zarar keltirishga urinish keskin jazolanadi, deydi u.

“Terroristlarni quvvatlaganlarni Adliya vazirligi albatta aniqlaydi. Immigratsiya va moliya tizimlarimiz suiiste'mol qilinishiga yo'l qo'ymaymiz. Mamlakatimiz terroristlar va ularning yordamchilari bemalol yuradigan joy bo'lmaydi", - deydi Su Bay, vazirlikda milliy xavfsizlik bo'yicha bo'lim boshlig'i.

Mansuri Manuchehriy Nyu-Yorkda hujjatsiz va qurollangan holda yurgan, deya bildiradi AQSh Adliya vazirligi
Mansuri Manuchehriy Nyu-Yorkda hujjatsiz va qurollangan holda yurgan, deya bildiradi AQSh Adliya vazirligi

Manuchehriy ishini olib borayotgan federal prokuror Jon Durhemga ko'ra, gumonlanuvchi terrorichilarga o'nlab ming dollarga teng madad ko'rsatgan va turli qurollarni ishlatish uchun treninglardan o'tgan.

Bu shaxs, deyiladi yuridik hujjatlarda, Amerikaga 2016-yilda sayyohlik vizasi bilan kelgan va viza muddati o'tib ketsa-da, vataniga qaytmagan.

2017-yilda Manuchehriy bir amerikalik bilan pul evaziga soxta nikohga kirgan. Lekin qonuniy maqom ololmagan.

2021-yilning dekabridan 2023-yil apreli orasida u Turkiya va Suriyada terrorchilarga aloqador odamlarga 50 ming dollardan ziyod miqdorda mablag' yuborgan. Uning Turkiyadagi hamkorlaridan biri 2024-yilda Istanbuldagi cherkovga qilingan hujum ketidan qamoqqa olingan.

Manuchehriy "Islomiy davlat" propagandasini tarqatgan, guruhni maqtab postlar qilgan va jihod yo'lida qurbon bo'lishni targ'ib qilgan, deyiladi aybnomada.

2022-yilning fevralida Manuchehriy Nyu-Jersi shtatidagi o'q otishni mashq qilish maydonida turli qurollarni qo'llay olishini ko'z-ko'z qilib, o'zini videoga olgan va uni Turkiyadagi sheriklariga yo'llagan. Bu videoda, deydi federal prokuratura, Manuchehriy islom yo'lida xizmatga tayyor ekanini bildirgan.

Sudda aybdor deb topilsa, Manuchehriy 45 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Uning himoyachisi, oilasi va yaqinlaridan hozircha biror bayonot yoki munosabat yo'q. Ammo rasmiy hujjatlarda qayd etilishicha, Manuchehriy terrorizm tarafdori va xuruj qilishi mumkin degan xavotirni federal agentlarga uning qarindoshi yetkazgan.

Manuchehriy hibsga olingan kuniyoq federal sudga olib borilgan, ayblovlar o'qib eshittirilgan. Sudya uning qamoqda qolishini buyurgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG