27-fevral kuni minglab isroillik XAMAS garovida halok bo’lgan Shiri Bibas hamda uning to’rt yashar va to’qqiz oylik ikki o’g’lini so’nggi manzilga kuzatdi. XAMAS bayonotiga ko’ra, ular Isroil havo hujumlari qurboni bo’lgan.
Tel-Avivda ta’ziya marosimiga yig’ilganlar “Uzr” deb yozilgan plakatlar bilan namoyishda qatnashdi.
“Marhuma Shirini his qilayapman. Uning o’rnida men yoki boshqa bir ona bo’lishi mumkin edi. Go’daklari bilan garovda qolish ayanchli. Uning kechinmalarini tasavvur qilish qiyin. Biroq faraz qilishga urinayapman”, - deydi qatnashchi ayol Chen Bachar.
Qariyb 500 kun XAMAS garovida qolgan Bibaslar oilasing boshi Yarden ikki hafta avval ozod etilganida rafiqasi va farzandlarining taqdiridan bexabar edi. U garovda oilasidan alohida saqlangan edi.
Isroil-XAMAS o’rtasida erishilgan sulh bitimining birinchi bosqichi 1-mart kuni yakuniga yetadi. Ikkinchi bosqichda urushni doimiy to’xtatish nazarda tutilgan. Biroq muzokaralar hanuz boshlanganicha yo’q.
G’azoda esa 48 mingdan oshiq qurbonning 70 foizdan ziyodi ayollar va bolalar. Alam va iztiroblar murosaga soya solishi tabiiy.
“Isroilda o’tkazilgan so’rovnomalarda aholi sulhni davom ettirishni yoqlagan. Bitim eng kamida garovda qolayotgan qariyb 30 nafar hayot erkak ozod etilib, halok bo’lgan tutqunlar va harbiylar jasadi qaytarilguncha amal qilishi lozim”, - deydi Xayfa universiteti professori Sara Xirshxorn.
Bibaslar oilasining fojiasini bot-bot tilga olayotgan Isroil rahbari Benyamin Netanyaxu urushni qayta boshlash uchun sabab ko’rsatmoqda.
“Butun Isroil ta’ziyada. Bosh vazir sifatida va’da beraman: garovdagilarni o’ldirgan vahshiylarni javobgarlikka tortmaguncha to’xtamayman. Ularning yer yuzida yurishga haqqi yo’q”, - dedi u.
Ko’plab mamlakatlar nizoning yechimi ikki alohida davlat tuzish ekanini ta’kidlab keladi. Falastinga mustaqillik, o’z yerlari va Quddus sharqi berilsa, abadiy tinchlikka erishiladi, deydi ular. Isroilda esa XAMASni siyosiy sahnadan chiqarish istagi kuchli.