AQSh Prezidenti Donald Tramp Shimoliy Amerikadagi eng baland tog‘ning nomini Denalidan yana Makkinli deb o‘zgartirish haqida farmon chiqardi.
Shu tariqa, Tramp 2013-yilda prezident Barak Obama tomonidan chiqarilgan qarorni bekor qildi. Obama tog‘ning nomini Makkinlidan Denaliga o‘zgartirgan edi.
AQShning eng baland tog‘i o‘zining hozirgi nomini siyosiy qarama-qarshilik natijasida olgan. Bu nom atrofidagi bahslar o‘nlab yillardan beri davom etib, ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlarning bir qismi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
“Denali” — tog‘ning Alyaska tub aholisi (hindular) tomonidan berilgan nom; “Makkinli” esa oq tanli izlanuvchilar tomonidan qo‘yilgan nom.
Bunday holat tarixda boshqa mashhur tog‘lar bilan ham yuz bergan. Dunyodagi eng baland tog‘ avval Britaniya mustamlakachilari tomonidan “Everest”deb nomlangan edi. Bugungi kunda unga nisbatan tibetcha asl nomi – “Jomolungma” ishlatilmoqda.
AQShda hindular tomonidan qo‘yilgan ko‘plab geografik nomlar saqlanib qolgan. Masalan, 50 shtatdan 27 tasi nomini mahalliy tub aholi tillaridan olgan. Biroq so‘nggi o‘n yilliklarda joy nomlari va ularning o‘zgarishi yanada katta ahamiyat kasb eta boshladi. Bu jarayon tarixning turli talqinlarining ramzi sifatida qaralmoqda.
Makkinli tog‘i (Denali) o‘ziga xos siyosiy tarixga ega. Bir vaqtlar u Rossiya imperiyasining eng baland cho‘qqisi bo‘lgan, keyinchalik esa AQSh tarkibiga qo‘shilib, mamlakatning eng baland nuqtasiga aylandi.
Makkinli tog’i
Alyaskaning ulkan hududida joylashgan Makkinli tog‘i Shimoliy Amerikaning eng baland cho‘qqisidir. Tog‘ning balandligi taxminan 6,2 km.ni (6190 m) tashkil etadi. Agar uning etaklari ham hisobga olinsa, Makkinli dunyoning eng baland tog‘i bo‘lishi mumkin. U hatto Jomolungma tog’idan 1,5 km balandroq.
Shimoliy Amerikaning tubjoy aholisi bu tog‘ning mavjudligini qadimdan bilgan. 2013-yilda Makkinli tog‘i yaqinida topilgan paleolitik dafn marosimi qoldiqlari bu hududda odamlar 14 500 yil avval yashaganini ko‘rsatadi.
Alyaskaga (bu nom aleut tilidan kelib chiqqan) birinchi bo‘lib rus dengizchilari va sanoatchilari yetib kelgan. Biroq ular asosan qirg‘oq bo‘ylab faoliyat yuritgan, Shimoliy Amerikaga chuqur kirib bormagan.
Rus Amerikasi iqtisodiyotining asosiy tarmog‘i dengiz sutemizuvchilari, ayniqsa, dengiz qunduzi (kalan) oviga asoslangan edi. Bu mo‘ynalar xalqaro bozorda juda talabgir mahsulot hisoblangan.
Sibir bilan solishtirganda, Amerika hududidagi ruslar quruqlikda yovvoyi hayvonlarni mustaqil ovlash o‘rniga, hindular bilan savdo qilishni afzal ko‘rgan va mo‘yna hamda terilarni ulardan sotib olgan.
Shu sababli va yana bir qator boshqa omillar tufayli, rus kolonistlari Alyaskaning ichki hududlarida deyarli ilmiy yoki geografik tadqiqotlar olib bormagan.
Biroq mashhur dengizchi va tadqiqotchi Ferdinand fon Vrangeld bundan istisno. 1830-yilda u Rus Amerikasi boshqaruvchisi lavozimiga tayinlangan.
“Rossiya koloniyalari haqida gapirganimizda, yevropaliklarning bu yerda doimiy yashashini tasavvur qilmaslik kerak. Rossiyaliklar Amerikaga faqat o‘z dini va tilini olib keldi, ammo o‘zlari doimiy aholi emas, balki vaqtinchalik tashrif buyuruvchilar bo‘lib qoldi”, - degan edi Vrangeld ruslarning Alyaskaga nisbatan uzoq muddatli manfaat ko’rsatmaganini izohlab.
Ferdinand fon Vrangeld sa’y-harakatlari tufayli, 1839-yilda bu tog‘ ilk bor geografik xaritaga kiritildi. Unga berilgan ruscha nom – “Bolshaya Gora” (Katta Tog‘) – ata-bask tilidagi “Denali” so‘zining bevosita tarjimasi hisoblanadi, bu so‘z “baland” yoki “katta” degan ma’noni anglatadi.
Mahalliy hindular (ata-bask qabilalari) bu tog‘ni erkak deb bilgan, yaqin atrofdagi “Foraker” tog‘ini esa “Denalining xotini” deb atagan.
“Foraker” – Shimoliy Amerikaning uchinchi eng baland tog‘i bo‘lib, uning hozirgi nomi Ogayo shtati senatorlaridan biri Jozef Foraker sharafiga berilgan. Senator Foraker AQSh prezidenti Uilyam Makkinli bilan zamondosh bo‘lgan.
Ruslar Shimoliy Amerikaning eng baland tog’i yuzasidan o’tkazgan tadqiqotlari shu bilan tugagan. Shuningdek, Alyaskada yana bir tog‘ Ferdinand fon Vrangel nomi bilan atalgan. Uning balandligi 4,2 km dan ortiq.
Amerika
1867-yilda Alyaska Qo‘shma Shtatlarga sotilgan paytda, bu ulkan yarim orolning aniq xaritalari mavjud emas edi. Sotuv shartnomasi bilan birga kelgan xaritalarda “Bolshaya Gora” (Denali/Makkinli) ko‘rsatilmagan, uning atrofidagi hudud esa “o‘rganilmagan” deb belgilangan edi.
1869-yil avgust oyida Alyaskaga ushbu hududning sotib olinishi tashabbuskori, AQSh davlat kotibi Uilyam Syuard keldi.
U Sita shahrida (sobiq Novo-Arxangelsk –Rus Amerikasi poytaxti bo‘lgan joy) nutq so‘zlab, AQShning yangi hududi bo‘lgan Alyaskaning ulkan salohiyatini tilga oldi. Hududdagi “vulqonga boy, qor bilan qoplangan cho‘qqilarga ega tog‘lar haqida” gapirdi.
Ammo Syuard Shimoliy Amerikaning eng baland tog‘i (Denali/Makkinli) sotib olinganidan bexabar edi.
Amerika davrida bu tog‘ qaytadan “kashf etildi”, lekin bu safar geograflar emas, balki oltin izlovchilar tomonidan.
1889-yilda savdogar va oltin izlovchi Frenk Densmor tog‘ga yetib boradi va uni o‘z nomi bilan ataydi. Biroq bu nom keng qo‘llanilmagan. Buning asosiy sababi Alyaskaning izolyatsiya qilinganligi va kommunikatsiya infratuzilmasining rivojlanmaganligi bo’lgan.
1896-yilda tog‘ hozirgi nomini oldi. Oltin izlovchi Uilyam Diki tog‘ni o‘sha paytdagi AQSh prezidentligiga nomzod Uilyam Makkinli sharafiga nomlaydi.
1897-yil yanvar oyida Uilyam Diki Alyaskaga qilgan sayohati haqida “New York Sun” gazetasida maqola chop etadi.
U maqolasida, “Bizning yovvoyi o‘lkalarimizga Ogayodan prezidentlikka nomzod Uilyam Makkinli haqida xabar yetib keldi, shuning uchun men ushbu tog‘ni uning sharafiga atab nomladim”, - deb yozadi.
Maqola bilan birga u tog‘ belgilangan eskiz xaritani ham chop etadi. Bu yangilik tezda boshqa nashrlar tomonidan tarqatiladi va natijada ilgari Vrangel va Densmor tomonidan berilgan nomlar unutilib ketadi.
Uilyam Diki haqida juda kam ma’lumot mavjud. U AQShning sharqiy qismidagi Nyu-Hempshir shtatidan kelib chiqqan, keyinchalik g‘arbiy qirg‘oqdagi Sietl shahriga ko‘chib o‘tgan. Klondayk daryosida oltin topilgach, u boylik izlab Alyaskaga yo‘l olgan. 20-asr boshlarida uning bevasi va qizi Alyaskada yashagan.
“Men bu qarorga kelishimga sabab – Makkinlining muxoliflari bilan bir necha qizg‘in bahslar o‘tkazganim edi. Shuning uchun ushbu tog‘ni uning nomi bilan atash orqali o‘z prezidentlik nomzodimni qo‘llab-quvvatlashga qaror qildim”, - deydi Diki tog‘ga siyosatchi nomini berish qarorini izohlab.
AQShda shaharlar, daryolar va tog‘larni siyosatchilar va prezidentlar nomi bilan atash uzoq yillik an’ana. Mamlakat xaritasida Adams (Jon Adams nomi bilan), Monro (Jeyms Monro nomi bilan), Linkoln (Avraam Linkoln nomi bilan) kabi tog‘larni ko‘rish mumkin.
Nyu-Hempshir shtatida hatto AQSh asoschilaridan biri Benjamin Franklin nomi bilan atalgan tog‘ ham mavjud, garchi u prezident bo‘lmagan bo‘lsa ham.
Ba’zi davlat arboblari bu sharafga o‘z hayotlik chog‘ida ham sazovor bo‘lgan. Bu jarayonni tartibga soluvchi federal organ — AQSh Geografik nomlar kengashi (US Board on Geographic Names) 1890-yilda tashkil etilgan. Biroq bu idora faqat mahalliy aholining bergan nomlarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazgan va mahalliy hokimiyat tomonidan tasdiqlangan nomlarni qayd etgan.
Makkinli o‘sha yilgi prezidentlik saylovlarida Respublikachilar partiyasining rasmiy nomzodi edi. 1896-yilda ko‘plab amerikaliklar Ogayo shtatining sobiq gubernatori Uilyam Mak-Kinlini davlatning kelajakdagi qutqaruvchisi deb bilgan. Shu sababli, Uilyam Diki tomonidan Mak-Kinli nomining tanlanishi mantiqiy va o‘ziga xos jihatdan asosli bo’lgan.
Makkinlining siyosati
1896-yilda AQSh iqtisodiy inqirozga duch keldi. Bunga sabablar orasida milliy valyuta – dollar bilan bog‘liq surunkali muammolar ham bor edi.
Shu davrda AQSh sanoat rivojlanishining jadal bosqichiga kirdi. Ko‘plab kundalik buyumlar va texnologiyalar – birinchi traktorlar, svetoforlar, telefon raqam terish disklari, paxta shakaridan shirinlik tayyorlash mashinasi, shisha butilkalar uchun metal qopqoq (bu “Coca-Cola”ning global bozorni egallashiga yordam bergan), zanjirli fermuar aynan shu davrda ixtiro qilinib, ishlab chiqarishga joriy etildi.
20 yil ichida AQShda patentlangan ixtirolar soni 6 barobarga oshdi.
Ushbu ixtirolar ishlab chiqarish samaradorligini oshirib, odamlarning turmush tarzini o‘zgartirdi, modaga ta’sir ko‘rsatdi, yangi mahsulotlar va bozorlarni yaratdi.
Velosipedlar ko‘plab amerikaliklar uchun ommaviy hordiq chiqarish vositasiga aylandi. Aynan shu davrda katalog orqali savdo boshlangan, bu esa zamonaviy internet-savdoning ilk shakli sifatida qaraladi.
Bu davrda AQSh yirik davlatlar ichida mustamlaka uchun kurashda qatnashmagan yagona qudratli mamlakat edi.
Bu holat AQSh eksportchilari orasida norozilik uyg‘otdi, chunki ular ham xomashyo manbalariga va yangi bozor maydonlariga ega bo‘lishni istardi.
1896-yilgi Amerika hozirgi davr bilan ma’lum o‘xshashliklarga ega bo’lgan. Oq tanli protestantlar Irlandiya va Italiya kabi katolik davlatlaridan, shuningdek Janubiy va Sharqiy Yevropadan kelayotgan immigratsiya tufayli AQSh aholisidagi ulushlari kamayib borayotganini payqagan.
AQShda Fuqarolar urushi tugaganidan keyin yuz bergan iqtisodiy yuksalish nafaqat ko‘pchilikning boyishiga, balki ijtimoiy tengsizlikning kuchayishiga ham olib keldi.
Mamlakat ikki siyosiy guruhga – Respublikachilar va Demokratlarga bo’lindi. O‘sha davrdagi Respublikachilar va Demokratlar hozirgi siyosiy pozitsiyalaridan tubdan farq qilgan.
Prezidentlik saylovlarida Uilyam Makkinlining asosiy raqibi Demokratik partiyaning yosh nomzodi 36 yoshli populist va mohir notiq Uilyam Jennings Brayan edi. O‘sha davrning amaldagi prezidenti tajribali siyosatchi Grover Klivlend Oq uy uchun kurashni davom ettirishdan voz kechadi.
Makkinli va Brayan o‘rtasidagi asosiy qarama-qarshilik dollarning qiymatiga bog‘liq edi. Uilyam Brayan dollar kursini kumushga bog‘lash va kumush tangalarni cheksiz chiqarishni qo‘llab-quvvatlagan bo’lsa, Uilyam Makkinli dollar kursini oltin standarti asosida ushlab turish va qat’iy pul-kredit siyosatini yuritish tarafdori edi.
Bu bahs butun mamlakatda jiddiy iqtisodiy va siyosiy tarqoqlikka sabab bo‘ldi.
O‘sha davrda AQShda “kumush dollari” o‘ziga xos ijtimoiy adolat timsoli hisoblangan. Bu g‘oyani shahar va qishloq aholisining kambag‘al qatlamlari, ko‘plab kredit qarziga botgan qarzdorlar va kumush konlari egalari qo‘llab-quvvatlagan.
Respublikachilar partiyasi va Uilyam Makkinli ilgari surgan saylov platformasida “oltin dollari” konsepsiyasidan tashqari, AQShning kelgusi o‘n yilliklar davomida ichki va tashqi siyosatining asosiga aylangan tamoyillar ham mavjud edi.
Bu platforma iqtisodiy barqarorlik, proteksionizm, milliy xavfsizlik va xalqaro ta’sirni kengaytirish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan.
Respublikachilar va Uilyam Makkinli proteksionistik siyosatni qo‘llab-quvvatladi. Bu siyosat import qilingan ko‘plab mahsulotlarga yuqori bojxona tariflari joriy etishdan va Amerika manfaatlarini global miqyosda himoya qilish va mustahkamlashdan iborat edi.
Tashqi siyosatda esa Respublikachilar partiyasi va Makkinli Gavayi orollarini nazorat ostiga olish (o’sha davrda Gavayi mustaqil qirollik edi), “Nikaragua kanali”ni qurish va Karib dengizidagi Daniya orollarini sotib olishni ilgari surdi.
Respublikachilar partiyasining 1896-yilgi saylov dasturida arman xalqi himoyasi, Ispaniyaning mustamlakachilik siyosatiga qarshilik, Qurolli dengiz flotini kuchaytirish va immigratsiyani cheklash kabi tashqi va ichki siyosiy yo‘nalishlar ilgari surilgan edi.
Makkinli hukumati xalqaro maydonda AQShning nufuzini oshirish va milliy xavfsizlikni mustahkamlashga intilgan. Shu bilan birga, immigratsiyaga qo‘yilgan cheklovlar mamlakat ichidagi ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan edi.
Respublikachilar partiyasi, shuningdek, Alyaskaga shtat maqomini berishni qo‘llab-quvvatladi. O‘sha paytda Alyaska AQShning harbiy okrugi hisoblanar edi. Uning fuqarolik boshqaruvi mavjud emas edi. Alyaska faqat 1959-yilda AQShning rasmiy shtati maqomiga ega bo‘ldi.