Floridada har yili lamantinlarning kamida 20 foizi kemalar bilan to‘qnashuv natijasida nobud bo‘ladi. Lekin bu dengizning mayin gigantlarini tahdid ostiga qo‘yayotgan yagona xavf emas.
Florida shtatidagi Kristal-River shahri dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. Noyabrdan aprelgacha bu hududda juda ko‘p lamantinlar to‘planadi, chunki ularni shahar atrofidagi iliq suvlar o’ziga jalb qiladi.
Kapitan Derek Shmidt “Jannatdagi lamantinlar” kompaniyasining egasi va boshqaruvchisi bo‘lib, lamantinlarni tabiiy muhitlariga aralashmagan holda kuzatish imkoniyatini taqdim etadi.
“Kompaniyamiz passiv kuzatish tamoyiliga asoslangan. Agar lamantinlar oziqlanayotgan bo‘lsa, ularning ovqatlanish jarayoniga aralashmaymiz. Agar uxlayotgan bo‘lsa, ularni bezovta qilmaymiz va umuman, ularning tabiiy xatti-harakatlariga ta’sir ko‘rsatmaymiz”, - deydi u.
Kristal-River Florida shtatida lamantinlar bilan suzish ochiq ruxsat etilgan yagona joy. Ammo ularga tegish qat’iyan taqiqlangan. Lamantinlarning o‘zi sizga yaqinlashishga qaror qilsa, bu istisno bo‘lishi mumkin – lekin bu kamdan-kam uchraydigan holat.
2022-yilgi so‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, Florida shtatida 8000 dan 11000 gacha lamantin bor, ammo ular "xavf ostidagi tur" deb e’tirof etilgan.
“Lamantinlar har kuni o‘z tanasining 10 foizigacha bo‘lgan vaznda ozuqa iste’mol qiladi. Ayni paytda bu juda katta muammo bo‘lib turibdi. So‘nggi ikki yilda bo‘lib o‘tgan dovullar natijasida lamantinlarning asosiy ozuqasi bo‘lgan dengiz o’tlari katta miqdorda yo‘q bo‘lib ketdi”, - deydi Shmidt.
O‘tgan yili Helen va Milton to’fonlari bu hududdagi o’tlarning katta qismini yo‘q qilib yubordi. Shuningdek, okean haroratining ortishi ularning migratsiya yo‘nalishlarini buzib, jonzotlarning ko’payishiga tahdid solmoqda.
“Okean suvi qanchalik isib ketsa, lamantinlar shunchalik uzoq joylarga borishga harakat qiladi. Keyin esa, harorat keskin pasayganda, ba’zilari noto‘g‘ri joylarda qolib ketadi”, - deydi Keysi Fredette.
2021-yilda lamantinlar o‘limi rekord darajaga yetib, taxminan 1100 ga yetdi. Keyingi yillarda bu ko‘rsatkich biroz kamaygan bo‘lsa-da, har yili yuzlab lamantinlar nobud bo‘lishda davom etmoqda. Biroq umid baxsh etuvchi belgilar ham yo‘q emas.
“Men lamantinlar bilan bog‘liq tadqiqotlar bilan 30 yildan beri shug‘ullanaman. Ayni paytda ularning soni sezilarli darajada oshganini kuzatish mumkin. Lamantinlar moslashuvchan jonzotlar – agar yetarli oziq-ovqat mavjud bo‘lsa, ular yangi sharoitga moslasha oladi”, - deydi tadqiqotchi Monika Ross.
Bunday ekskursiyalar noyob hayvonlar haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan. Mutaxassislarga ko‘ra, AQShda lamantinlar soni ortib bormoqda. Shu bois, yanvar oyida ularni yana yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan tur sifatida qayta e’tirof etish haqidagi so‘rovga rad javobi berilgan.