Xyuman Rayts Votch (Human Rights Watch) xalqaro inson huquqlari tashkilotining “Guvohlar qolmadi” deb nomlangan hisoboti yuzasidan Berlinda matbuot anjumani o’tdi.
Izlanish muallifi, tashkilotning O’zbekiston bo’yicha direktori Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow) ning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, O’zbekistonda qiynoqlar kuchaygan, fuqarolik jamiyati bo’g’ilgan. Bu haqda guvohlik beruvchi tashkilotlar, faollar birin-ketin mamlakatdan quvilgan.
107 sahifadan iborat, yuzdan ortiq kishi bilan o’tkazilgan so’rov natijasida tayyorlangan hisobotning “Guvohlar qolmadi” deb atalishini Stiv Sverdlov shunday izohlaydi:
“Men bu sarlavhani taniqli advokat bilan o’tgan suhbatimizdan oldim. O’zbekistonda avval ham qiynoqlar ommalashgan edi, hozirgi vaziyatning avvalgisidan farqi shundaki, mamlakatda qiynoqlar haqida guvohlik beruvchi, inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi xalqaro tashkilotlar qolmadi. Mahalliy fuqaro jamiyatiga bosim kuchaygan, mustaqil jurnalistlar esa tobora kamaymoqda. Diplomatik idoralar ham inson huquqlari masalasida yumshoq munosabatni afzal bilishmoqda”.
Xyuman Rayts Votchning O’zbekiston bo’yicha direktoriga ko’ra, mamlakatda vaziyat o’ta qaltis, qiynoqqa tutilganlarning bu haqda gapirishdan xafsalasi pir.
Qamoqxonadagi uchrashuvlarda qiynoq alomatlarini ko’rgan advokatlar masalani sudda ko’tarmoqchi bo’lishgan, lekin ayblanuvchilarning o’zi buni ochiqlamaslikni iltimos qilishgan, chunki ular natija aksincha, o’zlariga yomon bo’lishini yaxshi bilishadi.
“Qiynoq zulmi shunchalikki, bu haqda gapirishning foydasizligiga ishonch kuchaygan. Shu bois jahon hamjamiyatini, O’zbekistonning xalqaro hamkorlarini vaziyat qanchalik yomonligidan ogoh etish uchun shunday nomni tanladik”, - deydi Stiv Sverdlov.
O’zbekiston hukumatining Xyuman Rayts Votch nisbatan munosabati ancha ziddiyatli. Tashkilot noxolislikda ayblangan, uning vakillari O’zbekistonda ishlashiga ruxsat berilmaydi.
Sverdlov vaqtinchalik viza bilan shu yil O’zbekistonda bo’lgan, akkreditatsiya haqidagi arizasi rad etilgach mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan. Iyun oyida esa Oliy sud qarori bilan Xyuman Rayts Votchning O’zbekistondagi vakolatxonasi yopilgan edi.
Bunday sharoitda O’zbekistondagi vaziyat haqida hisobot tayyorlash ancha murakkab masala.
Hisobot muallifining aytishicha, hatto Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ning inson huquqlari bo’yicha mutaxassilari ham bir necha yildan O’zbekistonga kiritilmaydi, biroq qiynoqlarning sistematik ravishda davom etayotgani bor haqiqat.
Xyuman Rayts Votch o’z professional metodologiyasiga ko’ra bu ishni amalga oshirgan, 100 dan oshiq kishi intervyu qilingan. Tashkilotning 10 yil davomida O’zbekistonda olib borgan tadqiqotlari bundan mustasno.
“Tashkilot ancha yillardan buyon O’zbekistonga kirishda muammoga uchrab keladi. Biz O’zbekistonda bo’lishimizga vaziyatni ochiq baholash, hukumatning inson huquqlari bo’yicha harakatlariga xolis baho berish imkoniyati sifatida qarab kelganmiz. Lekin so’nggi bor akkreditatsiya haqidagi arizamning rad etilishi, keyinchalik vakolatxona tugatilishi yana bir bor vaziyat o’girlashayotganidan, O’zbekiston yopiq mamlakatligi, bu yopiqlik ahvol yomonlashishiga xizmat qilayotganidan darak beradi. Lekin biz hukumat bilan muloqotga chiqishni to’xtatganimiz yo’q”, - deydi Stiv Sverdlov.
Hisobotdagi xulosalardan yana biri shuki, O’zbekistonda mustaqil advokatura yo’q qilingan, ularga bosim kuchaygan, mustaqil ishlashni istagan advokatlardan lisenziyalari olib qo’yilgan.
Xyuman Rayts Votch O’zbekiston hukumati tomonidan inson huquqlari yaxshilanayotganining yorqin namunasi sifatida baholab kelinayotgan Habeas Corpus, ya’ni qamoqqa olish sanksiyasining sudlar vakolatiga o’tkazilishini ham samarasiz deb baholaydi.
“O’zbekistondagi Habeas Corpus mutlaqo xalqaro me’yorlarga mos kelmaydi. Nafaqat qog’ozdagi va amaliyotdagi farqi jihatdan, balki uning qonunchilikda ifoda etilishi nuqtai nazaridan ham. Unda sudlarga yetarlicha vakolat berilmagan, sudlar qiynoqni bartaraf etish, gumondorga nisbatan munosabatni, qanchadan buyon hibsdaligi kabi masalalarni ko’tarishi kerak, lekin bular qonunda aniq aks etmagan. Hatto qonunda belgilangan ijobiy tomonlar ham amaliyotda qo’llanilmayapti. Gumondor qiynoqqa solinib, “tayyor” qilinib sudga keltirilgan holatlar juda ko’p”, - deydi Xyuman Rayts Votch vakili.
O’zbekiston hukumatiga ko’ra esa Habeas Corpus amalga kiritilganidan buyon mamlakatda hibsga olishlar soni kamaygan, ayblanuvchi huquqlari ta’minlanishi kafolanlangan.
“Hisobot chop etilguncha O’zbekiston tomonidan biror statistika e’lon qilingani bizga ma’lum emas, faqat O’zbekiston prezidenti o’tgan yil noyabr oyidagi chiqishida Habeas Corpus joriy qilingandan buyon mingga yaqin hibsga olish haqidagi arizalar sudlar tomonidan rad etilganini gapirgan edi. Biroq bu faktni tasdiqlovchi ma’lumotlarga ega emasmiz. Bundan tashqari, advokatlardan bilamizki, prokurorning hibsga olish arizasi juda kam holatlarda rad etiladi”, - deydi Stiv Sverdlov.
Hisobot AQSh, Yevropa Ittifoqi va rasmiy Toshkentni ogohlikka chaqiradi. Fuqarolik jamiyati bo’g’ilgan, qiynoqlar davom etayotgan sharoitda barqarorlik haqida gapirish mumkin emas, bu O’zbekiston xalqining ham, mintaqadagi davlatlar manfaatiga ham xizmat qilmaydi, deyiladi unda.
“Qiynoqlar muammosi eng yuqori, prezident darajasida e’tirof etilmas ekan, bu borada o’zgarish kutilmaydi”, - deydi Sverdlov.
Uning aytishicha, Xyuman Rayts Votch muttasil qarshiliklarga qaramasdan inson huquqlari o’ta og’ir qolayotgan O’zbekistonda ishlash qaroridan voz kechmagan. Bu borada turli vositalar yordamida hukumat bilan muzokara yuritishga harakat qilinmoqda.