Afg’oniston yoshlari ishsizlik va beqarorlik sabab vatanni tark etmoqda. Ko'pi oliy ma’lumotli yoshlar. Noqonuniy yo’l bilan xorijga ketayotganlar talay chunki qonuniy chiqish juda mushkul. Chet eldagi sharoitga ko’nikolmay vatanga qaytganlar ham bor. Masalan, yaqinda 125 afg’on Germaniyadan qaytgan.
Oliy ma’lumotli Shamsulhaq Quyosh Afg’onistonda ish topolmay vatanni tark etgan. 10 kishilik ro’zg’orni tebratish uning zimmasida.
Hozirda Turkiyaning Istanbul shahrida ko’rpa-to’shak ishlab chiqaruvchi fabrikada ishlaydi. Oyiga 400 dollar topadi. Afg’onistondan noqonuniy yo’l bilan chiqib ketgan, Eron orqali.
“Afg’onistondan Turkiyaga kelgunga qadar yo’llar juda xavfli. Keladigan har bir odam o’lim bilan bilan o’ynashib keladi. Bu o’zimning ko’rganim”,- deydi Shamsulhaq Quyosh.
Shamsulhaq Quyosh deydiki, Eron chegara qo’riqchilari muhojirlarni nishonga oladi, ko’pchilik ushlanadi yoki jarohatlanadi.
Shuncha azob-uqubat chekib Turkiyaga kelsangiz, sharoit og’ir. Tirikchilik qiyin. Rasmiy ishga kira olmaysiz.
“Og’ir ishlarni qilishingiz kerak. Noqonuniy kelganlarga ish berishmaydi. Kasal bo’lib qolsangiz, hech kim ahvolingizni so’ramayd. Kasalxonalarda qarashmaydi. O’sha ishlaydigan odam pulingizni bermasa, ish haqqi talab qilib hukumatga ariza yozsangiz ham hukumat so’ramaydi ”,- deydi Quyosh
Turkiyada noqonuniy yurganlar uchun eng yuqori maosh 500 dollar, buning 200 dollari turar joy va oziq-ovqatga ketadi.
Pul to’plab Afg’onistonga jo’natish mushkul, deydi Shamsulhaq Quyosh.
Shamsulhaq Quyosh ko’p marta Yevropaga o’tishga harakat qilgan. Yo’l xavfli ekani sababi ahdidan qaytgan.
Ba’zida odamlar tavakkal bilan o’zini suvga tashlaydi. Ba’zilar manzilga yetadi, ba’zilar esa cho’kib ketadi.
Xorij biz o’ylagan narsa emas ekan, deydi Shamsulhaq.
Farhod Sharifiy degan yana bir afg’on Yunoniston orqali Germaniyaga yetib borgan. Besh oydan beri davlat qarorgohida yashaydi. Yo’l xavfli ekan, suvga cho’kishimga sal qolgan, deydi u. Uning nazarida xorij shuncha tahdidga arzimaydi. Lekin tinchlik bor, deydi u.
“Hukumat bizga har oyda 230 yevro to’laydi. Bu oziq-ovqat uchun. Hozirda til o’qiymiz. Afg’onlarni tezlikda qabul qilishmaydi. Birinchidan, suriyaliklar, keyin iroqliklarni qabul qilishadi”,- Farhod Sharifiy.
U Germaniyada uzoq muddatga qolmoqchi. Oilasini ham Germaniyaga olib kelmoqchi.
Jamoatchi faollar nazarida afg’on hukumati sharoitni yaxshilash uchun chora-tadbir ko’rmasa, bergan va’dalarini bajarmasa, yoshlar xavfli bo’lsa-da xorijga ketaveradi.
“Qani ko’zi-ki ko’rsa, qani qulog’i-ki eshitsa… Qani hukumat bizning sasimizni eshitsa? Lekin biz yoshlarning sasini hukumat qulog’iga yetkazishga harakat qilayapmiz. ”,- deydi Aslam Yovar ismli faol.
Germaniya hukumati afg’on qochqinlarning 50 foizini vataniga qaytarmoqchi.