Tolibon hokimiyati davrida musiqa man etilgan Afg’onistonda Ma’suma Muhammadiy mahallasida bolalarga musiqadan saboq beradi. O’smir qiz toliblar yana hukumat tepasiga kelsa ham san’atkorlar taqiq ostiga tushishiga yo’l qo’ymaymiz, deydi.
Ma’suma Muhammadiy 17 yoshda, maktabda o’qiydi. Haftada ikki marta ko’cha bolalarini yig’ib, musiqadan dars beradi. Mashg’ulotlar Kobuldagi oshxonalardan birida o’tadi.
Ma’suma boshqaradigan ansamblni “Yaxshilik elchilari” deb nomlagan.
“Bu yoshda bolalar orzu qilishi, maktabga borishi, o’qishi kerak. Ularga qarasam umidsizlik, tushkunlik ko’raman. Shuning uchun musiqaga jalb qildim”, - deydi u.
12 yoshli Brishna Ma’sumaning 15 nafar o’quvchilaridan biri. Undan muallimaning umidi katta.
“Kobul ko’chalarida hech qo’rqmasdan chalaman. Musiqani yaxshi ko’raman. Orzularimdan biri yaxshi ijrochi bo’lish”, - deydi Brishna.
Ansambl bolalarni moliyaviy tomondan ham qo’llab-quvvatlaydi. Ijrodan tushgan mablag’ bolalarning o’zlariga tarqatiladi.
“O’quvchilarim nota tanib, menga jo’r bo’lganda juda zavqlanib ketaman”, - deydi Ma’suma Muhammadiy.
2018-yilda tashkil topgan ansamblda bolalar nafaqat musiqa sirlarini o’rganadi, shuningdek, konsert qo’yadi, mablag’ to’playdi va albatta xayriya dasturlarida ijro etadi. Ayniqsa, biror portlash ortidan, xalqning ko’nglini ko’tarishga urinadi.
G’arb san’ati qattiq tanqid qilinadigan, bir paytlar Tolibon musiqani man qilgan konservativ muhitda o’smir qizning ijod bilan shug’ullanishi noodatiy hol.
“Tolibon madaniyatni qabul qilishi shart. Ularning ijodimizga to’sqinlik qilishga haqqi yo’q. Bunga yo’l qo’yolmaymiz”, - deydi musiqa o’qituvchisi.
Ma’sumaning orzusi – kun kelib barcha afg’onlar san’atga bo’lgan mehrini oshkor ko’rsata olsin.
Facebook Forum