Afg’oniston rahbarlari kelishmovchiligi azaliy muammo. Hokimiyat uchun kurash minglab odamning boshini yegan.
2014-yilda vujudga kelgan hukumat ham istisno emas. Bosh vazir Abdulla Abdulla va Vitse-prezident General Abdul Rashid Do’stumning Prezident Muhammad Ashraf G’anidan shikoyatlari oshib bormoqda.
General Do’stum so’nggi suhbatlarida hatto vitse-prezidentlik lavozimidan voz kechishi mumkinligi haqida aytgan.
General prezidentni unga kerakli vakolatlarni bermayotganlikda ayblaydi. “Men kimman” ?- deya ajablanadi u, Kobulda tarafdorlari bilan suhbatda.
General Do’stum ishxonasiga bormay qo’ygan. Lavozimni egallaganidan beri faqat bir oydan ko’proq muddat ofisga tashrif buyurgan. Uning ishlarini kim olib borayotgani ham aniq emas.
General Do’stum o’zbeklarga haq-huquq berilmaganidan norozi. Uning so’zlariga ko’ra, vazirliklarda, muhim idoralarda, elchixonalarda o’zbeklar ishga olinmagan.
Uzoq muddat shimoliy viloyatlarda toliblarga qarshi janglarga rahbarlik qilgan General Do’stum jurnalistlar bilan suhbatda ham prezidentdan noligan edi.
Lekin o’zbeklar General Do’stumdan ishxonasiga borib ular manfaati uchun kurashishni so’rab keladi. Ashraf G’ani bilan o’tirib mavzuni qat’iy ravishda hal qilishi lozim, deydi faollar.
Vitse-prezident yaqin kunlarda o’tkazilishi kutilayotgan “Junbishi Milliy” partiyasi qurultoyida uning hukumat va partiya tepasida qolishi xususida qaror qabul qilishini ta’kidlagan.
Bir tomondan General Do’stum va boshqa tomondan Abdulla Abdullaning jiddiy qarshiligi prezidentni sergak torttirgan.
8-sentabr kuni “Shahidlar haftasi” munosabati bilan Kobulda uyushtirilgan marosimda sobiq jihod rahbari Ahmadshoh Mas’ud tarafdorlari bo’lgan “Jamiyati islomiy” partiyasi a’zolari qurollangan holda ko’chalarni aylangan, sharga vahima slogan.
Shu oqshom Prezident Ashraf G’ani Vitse-prezident General Abdul Rashid Do’stum bilan uchrashgan. Kobuldagi namoyishlar prezidentga ta’sir qilgan bo’lishi mumkin, deydi sharhlovchilar. Chunki “Jamiyati islomiy” partiyasi prezident uchun katta tahdid bo’lishi muqarrar. Davlat rahbariga o'zbeklar liderining madadi zarur, deydi ular.