Britaniya hukumati AQSh rahbari Donald Trampning bu davlat josuslik agentligi Prezident Barak Obamaga uni maxfiy kuzatishda yordamlashgan, degan da'vosini inkor etmoqda. London rasmiylariga ko'ra, Oq uy ularga bu da'volar boshqa takrorlanmaydi, deya va'da qilgan. Prezident Trampning yuqoridagi gaplari hozirda uning ma'muriyati uchun katta boshog'riqqa aylangan, chunki da'volarni isbotlovchi ma'lumot mavjud emas.
Britaniya Bosh vaziri idorasiga ko'ra, qirollik maxfiy xizmati hech qachon AQSh fuqarolarini zimdan kuzatmaydi, chunki buni man etuvchi kelishuv bor.
Qirollikning Vashingtondagi elchisi Kim Darrok AQSh Xavfsizlik kengashiga shikoyat qilgan. Oq uyning javobi shuki, aslida Britaniya roli haqidagi gaplar matbuotdan chiqqan, Amerika hukumatidan emas.
"Fox News" kanali, deydi AQSh rasmiylari, Obama saylov kampaniyasi davrida Trampni ko'zdan qochirmaslikka uringan, degan axborot tarqatgan. Yangiliklarda Britaniya maxfiy xizmati Obamaga madad ko'rsatgan bo'lishi mumkin degan iddaolar qilingan. Ingliz rasmiylari esa Amerikada yangrayotgan da'volar, kimdan chiqqan bo'lsa ham, g'irt safsat deya javob qilmoqda.
Kongressning har ikki palatasidagi Razvedka bo'yicha qo'mitalar Prezident Trampni Obamaga asossiz ayblov yog'dirmaslikka chaqirib, da'volarni tuhmatga tenglashtirgan. Biroq Oq uy bunda ham jurnalistlarni ayblamoqda. Vakillar Palatasidan respublikachi Devin Nunes deydiki, hech qanday asos yo'q.
Senatdan ham ikki yetakchi qonunchi - respublikachi Richard Barr va demokrat Mark Vorner birgalikda bayonot berib, jumladan shunday dedi: "2016-yilgi prezident saylovi davrida Amerika hukumatidan hech kim va hech bir idora nomzod faoliyatini maxfiy ravishda kuzatmagan. Oq uy iddaolarida asos yo'q".
Vakillar Palatasi spikeri Pol Rayan fikricha ham Prezident Trampning gaplarini jiddiy emas, bu masala yechilgan va e'tiborni boshqa mavzularga qaratgan ma'qul.
Tramp esa maxsus hay'at tuzilib, uning da'volari o'rganilishini va vaqti kelib, prezident albatta isbot-dalil taqdim etishini aytmoqda.
"Hali juda qiziq ma'lumotlarni fosh etamiz. Ko'rib, hayron qolasiz", - deydi Tramp.
Uning partiyadoshlari, Kongressning nufuzli a'zolari, hatto Tramp ma'muriyatidagi yuqori lavozimli rasmiylar ham bu mavzuni uloqtirish kerak, deya undamoqda.
Ikki hafta oldin Tramp "Twitter" yozgan ediki:
"Dahshat! Hozirgina aniqladim, Obama uyimga yashirin vositalar o'rnatib, meni zimdan kuzatgan ekan".
Obama darhol javob bermadi, ammo keyinroq "bu oddiy yolg'on" deya munosabat bildirdi. Tramp astalik bilan dastlabki iddaosini o'zgartira boshladi. Jurnalistlarni u to'g'ri ma'lumot bermayotganlikda aybladi.
Oradan to'rt kun o'tib, kongressmen Devin Nunes, Razvedka bo'yicha qo'mita raisi, mavzu yuzasidan matbuot anjumani o'tkazdi.
"Tramp minorasida hech qanday yashirin vosita bo'lmagan va u maxfiy ravishda kuzatilmagan", - dedi respublikachi qonunchi.
Qo'mitadagi yetakchi demokrat Adam Shiff ham shu kungacha Trampning gapini isbotlovchi biror dalil keltirilmaganini ta'kidladi.
AQSh Adliya vazirligiga ko'ra ham bu masala yuzasidan hech qanday tekshiruv boshlanmagan va hatto, rejalanmagan.
Aslida Tramp prezidentlik kampaniyasi va Rossiya hukumati orasidagi aloqalar anchadan beri tekshirilmoqda. Rossiyadan qilingan xakerlik hujumlari to'g'risida aniq informatsiya to'plash, izchil ko'rib chiqish - jiddiy vazifa, deydi mutasaddilar.
Tramp bu tekshiruvlar doirasida olib borilgan faoliyatni Obamaning ishi deya qoralayotgan bo'lishi mumkin, deydi ayrim ekspertlar.
Respublikachi senator Lindzi Grem bu chigallik yaqin orada hal etiladi, dedi.