Britaniya Tashqi ishlar vaziri Boris Jonsonning aytishicha, uning mamlakati Suriyaga qarshi qo'shimcha havo hujumlari rejalayotgani yo'q. Ammo, deydi u, agar Suriya Prezidenti Bashar Assad kelajakda kimyoviy qurollarni ishga solsa, Britaniya chora ko'rishi mumkin.
"Assad rejimi yangi kimyoviy hujumga qo'l urgani yo'q, shu sabab unga qarshi yangi hujumlar rejada yo'q", - dedi Jonson.
Shanba kuni saharda AQSh, Britaniya va Fransiya Suriyadagi uch inshootga 105 ta raketa otgan. Bu davlatlarning da'vo qilishicha, bu inshootlar kimyoviy qurollar ishlab chiqarish bilan shug'ullangan - biri poytaxt Damashqda, ikkitasi esa Hims viloyatiga yaqin joyda.
Rossiya va Suriya rasmiylariga ko'ra, aksariyat raketalar havo mudofaasi tizimlari tomonidan urib tushirilgan. Pentagon bu da'volarning yolg'on ekanini aytib, har bir raketa nishonga tekkanini ta'kidlamoqda.
AQSh, Britaniya va Fransiyaga ko'ra, raketa hujumlari Suriyaning Duma shahrida 40 dan ortiq odamni zaharlagan kimyoviy hujumga javob bo'lgan. Rossiya va Suriya hujum haqidagi da'volarning yolg'on ekanini, Suriyaga qarshi hujumlarni oqlash uchun voqea soxtalashtirilganini bildirmoqda.
Kimyoviy qurollarni man qilish tashkiloti inspektorlari kimyoviy hujum haqidagi da'volarni tekshirish uchun 14-aprel kuni Suriyaga bordi.
Facebook Forum