Breaking News

Birma: Musulmon va buddistlar orasidagi qonli mojaro


Boshpanasiz qolgan musulmonlar uchun maxsus lagerlar tashkil etildi
Boshpanasiz qolgan musulmonlar uchun maxsus lagerlar tashkil etildi
Oktabr oyida Birmaning Rakxayn shtatida musulmonlar yashaydigan qishloqlarga o’t qo’yilib, ko’plab odamlar nobud bo’ldi. Mojarodan bir oy o’tganiga qaramay, etnik ziddiyatlar hanuz barham topmagan. Zo’ravonlikdan qo’rqib qochgan odamlar uylariga qaytolmayapti, kelajakdan xavotirda.

Musulmon baliqchilar qishlog’i bo’shab qolgan. Uylar o’rnida kultepalar. Alangadan omon qolgan 100 mingdan ortiq odam bugun boshpanasiz. Ular o’zlari yashagan joyga qaytishga qo’rqadi.

Buddistlar fikricha fojida musulmonlarning o’zi aybdor.

“Buddistlar va musulmonlar orasidagi diniy nizoda musulmonlar o’zlari hujum uyushtirib, qishloqqa o’t qo’ydi. Buddistlarga tegishli uylarni vayron qilish uchun ataylab o’z uylari va masjidlarini ham yoqib yubordi”, - deydi Nu Nu Kin ismli buddist ayol.

Musulmonlar esa mojaroda buddistlarni ayblaydi. Ayrimlari buddistlarga hukumat askarlari ham yordam berdi desa, boshqalari zobitlar bizni himoya qildi, deydi.

“Buddistlar kelib, bizni o’ldirmoqchi bo’ldi. Biz qochdik. Biroq ular ko’pchilik bo’lib, bizni o’rab oldi. Askarlar esa bizni qutqardi va bu yerga olib keldi”, - deydi Lin I-On ismli mahalliy musulmon.

Birma rasmiylari hodisa tafsilotlarini aniqlashga harakat qilmoqda. Uylaridan ayrilganlar va yangi hujumlardan qo’rqib qishlog’idan qochgan musulmonlar lagerlarda joylashtirilgan. Armiya ularni himoya qilmoqda.

Rasmiylar aybdorlarni topib, jazolashni va’da qilgan. Shuningdek, tinchlik va tartibni tiklaymiz, deydi ular.

“Qonun va tartibni tiklash yo’lida ishlayapmiz. Bu maqsadda hududga ma’murlarni tayinladik. Maxsus qidiruv ishlarini olib borish uchun otryadlar ajratdik,” – dedi Birma Chegara ishlari vaziri Tein Xtey.

Biroq xalqaro tashkilotlar va inson huquqlari guruhlari zo’ravonliklarda gumon qilinganlar huquqlari toptalayotganini aytadi.

“Arakan shtatida yuzlab odamlar hibsga olindi. Arakan, Butidaung, Maungdou va Ratedaung viloyatlarida qamoqlar bor. Ularda esa ayblanuvchilar saqlanmoqda. Bu qamoqlardagi vaziyatni mustaqil ravishda tekshirish lozim. Nima bo’layotganini bilishimiz kerak”, - deydi Human Rights Watch tashkiloti xodimi Mettyu Smit.

Chegara Bilmas Shifokorlar tashkilotining mahalliy xodimi Kyo Xla Ong hibsga olinib, so’ngra qo’yib yuborilgan. Mahbuslar qiynoqqa solinmoqda, deydi u.

“Sharoitlar juda yomon. 185 ayblanuvchi hamon panjara ortida qolmoqda. Ayblanuvchilarning ikki nafari qiynoqqa solinib,10 kun oldin o’ldirilgan”, - deydi u.

So’nggi oylarda Birmada jiddiy siyosiy o’zgarishlar ro’y berdi. Ammo sud tizimida islohotlar amalga oshgani yo’q. Demak, sud jarayonining mustaqil va adolatli o’tishi hanuz savol ostida.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG