AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Uilyam Byorns (William Burns) bugun Ostonada prezident Nursulton Nazarboyev, Bosh vazir Karim Masimov va Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov bilan muloqot qildi.
Qo'shma Shtatlar mintaqa bilan o'zaro manfaatlarga asoslangan holda hamkorlik qilishda davom etadi, deydi diplomat.
Mustaqillik, suverenitet, hududiy yaxlitlik - Vashington Markaziy Osiyodagi davlatlarni bu borada quvvatlab kelgan. AQSh bu muhim omillarga urg'u berishdan to'xtamaydi, deydi Byorns.
Rossiyaning Ukrainaga nisbatan harakatlari, bu davlatning hududiy yaxlitligi buzilgani Qozog'iston va qo'shni davlatlarda xavotir uyg'otgani sir emas, deydi 6-7 may kunlari Toshkentda bo'lib, muzokaralar olib borgan arbob.
Amerika nima qilar ekan, deb o'ylanayotganlarga uning javobi quyidagicha:
"Biz Rossiya bilan urushmoqchi emasmiz. Ukraina va Rossiya bir-biri bilan til topishib, normal aloqa yuritishi kerak, buni har ikki davlat kelajagi uchun juda muhim deb hisoblaymiz. Ularni azaliy madaniy, iqtisodiy va ijtimoiy rishtalar bog'lab turadi. Boshqa davlatlar ham Rossiya bilan shunday aloqalarga ega. Rossiyaning hozirgi xatti-harakatlari xavfli. Biz o'z ittifoqchilarimiz bilan unga nisbatan bosimni oshirayapmiz".
Ostonadagi suhbatlarda Afg'onistondagi bugungi ahvol, yaqin kelajak va bu mamlakat yuzasidan hamkorlik xususida ham fikr almashilgan. Byorns muloqot ketidan matbuot xodimlari oldida so'zlar ekan, umumiy gaplar bilan cheklandi.
U Amerika va Qozog'iston orasidagi iqtisodiy va madaniy rishtalarga ham to'xtaldi. Vashington bu davlatning Jahon Savdo Tashkilotiga kirishini quvvatlamoqda, ammo buning uchun Qozog'istonda islohotlar tezlashishi kerak, deydi Byorns.
Jurnalistlar bilan savol-javobda AQSh yetakchi diplomati Kremlning so'nggi qadamlarini baholashga shoshmadi. Prezident Vladimir Putin Ukraina sharqidagi rusparast isyonchilarni hozircha referendum o'tkazmaslikka chaqirgan. Obama ma'muriyati kuzatmoqda, hozircha biror narsa deyish qiyin, deydi Byorns.
Eron va Rossiya orasidagi aloqalar haqida so'ralganida ham diplomat aniq javob bermadi. Eron bilan mojaroning diplomatik yechimi bor, iqtisodiy sanksiyalar bosimi ostida Tehronni murosa qilishga ko'ndirish maqsad, deydi u.
Amerika Ostonada anchadan beri elchiga ega emas. U yerdagi elchixonani muvaqqat vakil, iste'fodagi diplomat Jon Ordvey boshqarib keladi. Shu yoz Toshkentda elchilik vazifasini yakunlaydigan Jorj Krol Qozog'istonda elchilikka ko'rsatilgan.
Yil oxiriga borib, AQSh nafaqat Qozog'iston balki O'zbekiston, Qirg'iziston va Turkmanistonga ham yangi elchilarini yuboradi.