Breaking News

Qirg'iziston: Klanlar yoki millatchi guruhlar?


Svetlana Jakson (Jacquesson), chapda, Jorj Vashington universitetida davra suhbatida, 7-oktabr 2013
Svetlana Jakson (Jacquesson), chapda, Jorj Vashington universitetida davra suhbatida, 7-oktabr 2013
Bishkekdagi nufuzli oliygohda siyosatdan dars beradigan olima Svetlana Jakson (Svetlana Jacquesson) tahlilicha, Qirg’izistonda azaldan mavjud bo’lgan klanlar, norasmiy doiralar, bugun rasman tan olinib, o’ziga xos siyosiy kuchga aylanib bormoqda. 2009-yildan beri, deydi Amerika universiteti professori, etnik qurultoylar doimiy yig’inlarga aylandi.

Birinchidan, hali bu guruhlar xususida to’liq tasavvurga ega emasmiz, deydi professor. Ikkinchidan, ular kun sayin o’zgarib bormoqda, shaklan yangilanmoqda. Uchinchidan esa ular bugun maxfiy emas. Bu doiralarga kirib, yaqindan muloqot qilish mumkin.

Qirg'izistondagi klanlar - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:17 0:00
Yuklab oling
Clans in Kyrgyzstan - Svetlana Jacquesson-GWU discussion
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 1:18:42 0:00
Yuklab oling

Xo’sh, klanlar deganda Qirg’izistonda aynan kimni tushunamiz?

Svetlana Jaksonning tushuntirishicha, ular etno-siyosiy harakatlardir. Klanlarning maqsadi – qirg’iz elati kim ekanini targ’ib qilish, qirg’iz tili va madaniyati ustuvor qadriyatlar bo’lsin deya siyosatga o’z ta’sirini o’tkazish.

Umuman olganda, deydi olima, bugun mamlakatda uch yirik klan bor: so’l, o’ng va markaz. Qirg’izchada ular - “ong”, “sol” va “ichkilik”. “Ichkilik” ba’zida neytral deb ham olinadi. Bu uch klan ostida yana bir necha mayda guruhlar ham bor va ular ham o’zini klan deb ataydi. Masalan Saribagish (Sarybagysh) yoki Abigin (Abygine) klanlari.

Ularning tarixi murakkab va boy. Ba’zi olimlar ularni geografik jihatdan bo’ladi, masalan Saribagish shimoliy bo’lsa, Abigin janubiy.

So’l qanotga shimol va g’arbdagi yetti klan kirsa, o’ng qanot asosan Abigindan iborat. Neytral to’dalarga esa janubdagi mayda guruhlar kiradi.

Yaqin o’tmishda, ya’ni mustaqillik yillarida, qo’shni mamlakatlarda bo’lgani kabi Qirg’iziston ham milliy uyg’onish davrini boshdan kechirdi. Qirg’iz buyukligi, uning o’ziga xos madaniy-ijtimoiy boyligi, ustuvor jihatlari haqida tom-tom kitoblar yozildi, maktablarda saboq berildi. Hukumat ko’p elatli jamiyat qurayapmiz deya qanchalik bong urmasin, amalda millatchilik ruhi barq ura boshladi. Shimoldagi rusiyzabon elatlar, janubdagi o’zbeklar bu o’zgarishlar oqibatida aziyat chekdi va chekishda davom etmoqda.

Professor Jakson deydiki, klanlar o’zini tolerant guruhlar deb ataydi. A’zolar muntazam ravishda to’planib, maslahat qiladi. Ular o’z bayroq va timsollari, hujjat va dasturlariga ega. Qirg’iz urf-odatlari, o’zligi va tilini asrab avaylash oliy burch deb belgilangan.

Klanlar xalq sayli o’tkazishni odat qilgan. Madaniy tomoshalar, kurash, uloq, musiqa va raqs, katta qozonlarda ovqat qilib, kelganlarga dasturxon yozish - bu yig’inlarning ajralmas qismi.

Klanlarni boshqaradigan odamlar, koordinatorlar, odatda boy va faol qirg’izlar. Klanlar o’zaro aloqada lekin oradagi farqlari bilan ham faxrlanadi. Yoshlar, umuman olganda, bu to’dalar orasida ko’p emas, jonbozlik ko’rsatayotganlar aksariyat hollarda katta yoshli qirg’izlar. Klanlarda ayollar deyarli ko’zga tashlanmaydi. Madaniy tadbirlardagina ko’rasiz ularni.

Masalan, deya hikoya qiladi Svetlana Jakson, Mundus klani yaqinda o’tkazgan qurultoyida jamiyatdagi bo’linishlar, etnik o’zlik va qirg’izlarga xos madaniy boyliklar haqida gaplashgan. Arslonbobdagi qadim qabrlarni asrab qolish bizning burchimiz va hukumatni buning uchun ko’proq mablag’ ajratishga ko’ndirish kerak degan gaplar yangragan.

Oqsoqollar Qirg’iziston janub va shimolga ajralib qolganini qoralaydi, qirg’iz xalqi birdam bo’lishi kerak deb hisoblaydi. Klanlar qonunan tan olinib, o’z vakillari siyosatda muhim rol o’ynashini istaydi. Ularning har bir tadbiri axborot vositalarida, ayniqsa qirg’iz matbuotida keng yoritiladi.

Ularning faoliyatiga qarab millatchi guruhlar deb atasak bo’lmaydimi, nega klan deymiz?

Svetlana Jakson (Jacquesson) Bishkekdagi Amerika universitetida dars beradi
Svetlana Jakson (Jacquesson) Bishkekdagi Amerika universitetida dars beradi
Svetlana Jaksonning javobi shuki, birinchidan, bu guruhlar o’zlarini klan deb ataydi. Ikkinchidan esa ularni nima deb atashimizdan qat’i nazar, qilayotgan ishiga qarab baholash adolatdan bo’ladi. “Lekin ilmiy nuqtai nazardan bu klanlarga millatchi to’dalar deb qarash bizga hech narsa bermaydi”, - deydi olima.

Qirg’izistonda nasl tarixiga qiziqish kuchaygan. Oilalar o’z avlodlarini bilish uchun izlanadi, geneologik tarixi aks etgan kitoblarni sotib oladi va bunday qo’llanmalar oxirgi yillarda minglab sonda chop etildi.

Bishkek
Bishkek
Xo’sh, ular qanchalik ishonchli, ma’lumotlar nimaga asoslangan?

Svetlana Jakson bilan davra suhbatida yonimda o’tirgan qirg’iz mutaxassisga shunday savol beraman: “Mana menda oilamizning geneologik kitobi bor deyapsiz. Qayerdan kelgan bu kitob? Nima uchun undagi narsalarga ishonasiz?”

Yigit javob bera olmadi, yelkasini qisdi xolos. Gap shundaki, deydi tadqiqotchi Jakson, nasl va ajdodlar kimligi avloddan-avlodga og’zaki tarzda o’tib keladi va odamlar uchun ularning ota-bobolari, momolari aytgan gaplar oltinga teng. Davlat arxivlariga ishonmasligi mumkin lekin keksalarning gapi gap.

O'sh novvoyxonalarida
O'sh novvoyxonalarida
Qirg’iziston o’tgan 23 yil ichida ikki bor dahshatli etnik fojiani boshdan kechirdi. Har ikkisida asosiy jabrlanuvchilar janubdagi o’zbeklar bo’ldi.

2010-yilning iyul oyida O’sh va Jalol-Obodni qaqshatgan xunrezliklar o’zbeklar uchun bu mamlakatda kelajak yo’q degan ishonchni oshirdi.

“Lekin bu yer bizning vatanimiz”, - deydi o’zbeklar. “Millatchi qirg’izlarga yoqadimi yo’qmi, biz azaldan shu yerda yashaganmiz va yashashda davom etamiz”.

Klanlar, qirg’iz elati va manfaatlari uchun kurashni bosh maqsad qilgan guruhlar, kelajakni qanday ko’radi? Oqsoqollar totuv istiqbol haqida gapiradi. Ahil yashay olamiz, deydi ular.

Svetlana Jakson aytganidek, klanlar o’zgarishdan to’xtamaydigan doiralar. Ularda hozircha yoshlar va xotin-qizlarning faol emasligi, bu guruhlar jamiyatni hali butkul qamrab olmaganidan dalolat.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG