Breaking News

FBR sobiq rahbari Jeyms Komi Kongressda savolga tutildi


Jeyms Komi Kongressdagi tinglov paytida
Jeyms Komi Kongressdagi tinglov paytida

AQSh Federal qidiruv byurosining o'tgan oy ishdan olingan direktori Jeyms Komining bildirishicha, Prezident Donald Tramp undan sadoqat talab qilib, ma'muriyati a'zolarining Rossiya rasmiylari bilan aloqalariga doir tergovni bosdi-bosdi qilishni so’ragan.

Komi Senat Razvedka qo'mitasida salkam uch soat qonunchilar tomonidan so'roqqa tutildi. U Tramp bilan kechgan to'qqiz muloqot tafsilotlarini bayon qildi.

AQSh razvedka idoralari Rossiyani o'tgan yil noyabrida Amerikadagi saylovlarga aralashganlikda ayblar ekan, Komi xulosaga qo'shilishini aytdi.

FBR sobiq direktori va sobiq prokuror qanday sabablarga ko'ra ishdan olinganini tushunmaganini aytadi. Trampga ko'ra, Komi ishini uddalay olmagan.

Oq uyning Komi FBR ishonchini yo'qotdi degan gaplarini byuro sobiq rahbari bo'hton deb, Tramp uni Rossiya bo'yicha tergov sabab lavozimidan olganini aytadi.

Komining bildirishicha, Prezident Donald Tramp undan sadoqat talab qilgan, Komi esa sadoqatdan haqiqatni ustun ko’rishini aytgan.

Mobil-salom: Trampga "sadoqat"
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00

Komining iltimosiga ko'ra surishtiruv yopiq eshiklar ortida davom ettirildi. Twitter orqali tez munosabat bildirishga odatlangan Tramp Senatda tinglov o'tayotgan soatlarda sukut saqladi. Biroq uning o'g'li kenja Donald Tramp Komining izohlarini tanqidga oldi.

Trampning advokati Mark Kasovitsning aytishicha, prezident Komi bilan sadoqat haqida umuman gaplashmagan va sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi Maykl Flinn ustidan tergovni to'xtatishni buyurmagan.

Tinglovda Komi tergovni to'xtatishga buyruq olmaganini tan oldi, biroq Trampning "Flinn yaxshi yigit, balki uni o'z holiga qo'yarsan" degan gapini ko'rsatma sifatida qabul qilganini aytdi.

"Janob Prezident, bu ish noto'g'ri deyishni lozim topmadim", - deydi Komi.

U, shuningdek, Tramp Rossiya bo'yicha tergovni to'xtatishni buyurmaganini ham tan oldi. Tergovni yakuniga yetkazish uchun maxsus prokuror tayinlangan - FBRning yana bir sobiq direktori Robert Myuller. Tramp Komidan Flinn tergovini bas qilishni so'rab, adliya ishiga aralashganmi, yo'qmi, buni ham maxsus prokuror aniqlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG