Boston shahridagi portlashlardan beri chechenlar va Chechenistondagi vaziyat AQSh ommaviy axborot vositalarida tez-tez tilga olinmoqda. Ayni paytda Federal Qidiruv byurosi Rossiya xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikni kuchaytirish niyatida. AQSh Kongressida o’tgan tinglovda Chechenistondagi islomiy ekstremizm va uning AQSh uchun tug’diradigan xavfi muhokama qilindi.
Qonunchilar oldida so’zlagan barcha mutaxassislar Chechenistonda diniy-radikal va jihodga chaqiruvchi kuchlarning harakat qilishini ta’kidladi. Ammo ularning xalqaro jihodiy guruhlar bilan aloqasi yoki bog’liqligi bahsli masala, deydi Jorjiya Regents universiteti professori Kreg Albert.
“Chechenistonda islomchi kuchlarning mavjudligi aniq. Ammo ularning AQShga biror strategik xavf tug’dirishi ehtimoli juda oz. Ular Amerikaning xorijdagi kuchlariga biroz xatar solishi mumkin”, - deydi tahlilchi.
Uning fikricha, chechen jihodchilari e’tiborlarini asosan Rossiyaga qarshi qaratgan va ularning AQShni hujumga olishi ehtimoli kam. Ammo xalqaro terror guruhlaridagi ishtiroki kengaysa, chechen jangarilarining Amerikani ham nishonga olishlarini kutsa bo’ladi, deydi professor Albert.
2007-yil tashkil etilgan Kavkaz amirligi mintaqadagi eng katta diniy-ekstremist guruh hisoblanadi. Ushbu guruh nafaqat Chechenistonda, balki butun Kavkaz mintaqasi va uning tevaragidagi hududlarda islomiy xalifalik tuzishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan. Amirlik Rossiya mustamlakasiga qarshi ozodlik kurashi olib borayotganini ta’kidlasa-da, amalda uning al-Qoida kabi global terror tashkilotlari bilan aloqasi bor, deydi Kongressda yig’ilgan mutaxassislar.
Xalqaro Inqirozlarni o’rganish guruhining Yevropa dasturi rahbari Sabina Freyzerning aytishicha, kavkazlik jangarilar nafaqat rus askarlariga hujum qilmoqda, balki Checheniston hukumatiga ishlayotgan oddiy fuqarolarni ham nishonga olmoqda.
“Kavkaz amirligi Rossiya tomonidan ham, AQSh va boshqa davlatlar tomonidan ham terrorist tashkilot sifatida ro’yxatga olingan. Tashkilot Shimoliy Kavkazning turli millatli yoshlarini o’ziga jalb qilib, nafaqat ruslarga, balki ruslar bilan hamkorlikda mahalliy hokimiyatda ishlayotgan oddiy fuqarolarga ham hujum uyushtiradi. Kavkazda ro’y bergan ko’plab terror xurujlari ortida shu guruh turibdi”, - deydi Freyzer.
Rossiya Shimoliy Kavkaz mojarosining dastlabki yillarida jangari guruhlarni jismonan mahv etish siyosatini tutdi. Hozirda esa mintaqaga moddiy yordam miqdorini oshirib, ayni paytda hukumat va xavfsizlikni ta’minlash vazifasini mahalliy rahbarlarga topshirmoqda.
Nyu-Yorkda joylashgan Demokratiya va hamorlik instituti direktori Andranik Migranyanga ko’ra, Amerika o’z boshidan o’tkazmagungacha, Chechenistondagi terrorizm xavfini to’g’ri baholay olmadi.
“AQSh, xususan, boshqa g’arb davlatlari uzoq vaqt Rossiyaning Chechenistonda olib borayotgan siyosatini inson huquqlarining buzilishi sifatida talqin etdi. Aslida AQShning Iroq yoki Afg’onistondagi urushlariga qarshi chiqayotganlarni ham chechenlar bilan qiyoslash mumkin. Lekin AQShda masalaga hech kim bu tomondan yondashmaydi”, - deydi tahlilchi.
Uning aytishicha, AQSh va Rossiya xavfsizlik kuchlari terrorga qarshi kurashda yaqin hamkorlik qilishi lozim. Shunda Bostondagi kabi fojealarning kelajakda oldi olinadi.
Vakillar Palatasining Yevrosiyo, terrorizm va yadro qurollari ko’payishining oldini olish bo’yicha quyi qo’mitalarida o’tgan tadbirda yana bir tadqiqotchi, Jahon siyosati instituti professori Paul Gobl ham so’zladi. U AQSh hukumatini Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqasini yaxshiroq o’rganishga chaqirdi.
“Avvalo, biz Kavkaz va O’rta Osiyo haqida ko’proq narsa o’rganishimiz kerak. Ayniqsa, O’rta Osiyoni yaxshiroq bilishimiz kerak, chunki uning aholisi ko’p. Bu mintaqalar bo’yicha hozir aniq rejaga, qo’llanmaga ega emasmiz. Bu AQSh uchun xavf tug’dirishi mumkinmi? Chunki bu yerlarda AQShni yoqtirmaydigan odamlar bor”, - deydi tadqiqotchi.
Goblga ko’ra, AQSh Chechenistondan ko’ra, ko’proq Dog’istondan xavfsirashi kerak.
“Dog’iston juda notinch joy. Amerikaliklar ko’proq Chechenistonga e’tibor qaratyapti, chunki shu davlat haqida ko’p eshitishdi. Aslida Dog’iston Rossiya uchun ham, biz uchun ham ko’proq xavfli bo’lgan joy. Bu yerda hukumat juda zaif, tartib yo’q, har narsa bo’lib yotibdi. Ayni shunday joy terrorchilar keng tomir yozadigan maskan hisoblanadi”, - deydi tahlilchi.
Shimoliy Kavkaz mintaqasida, xususan, Chechenistonda terror guruhlariga aloqador kuchlar harakat qiladi. Ammo ularning AQShga to’g’ridan-to’g’ri tahdid solishi borasida aniq xulosa bildirishga hali erta, deydi ekspertlar. Ular mintaqani yaqindan kuzatib borish lozimligi haqida yakdil fikrda.