30-may kuni O‘zbekiston Xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov 80 yoshida olamdan o‘tdi. Adib Toshkent shahridagi hukumatga qarashli 1-sonli statsionarda hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda "Ozodlik" radiosiga ma’lum qilgan taniqli jurnalist Sharof Ubaydullaevga ko‘ra, shoir anchadan beri to‘shakka mixlangan holda yotgan va so‘nggi yarim yilda uch marta insultni boshdan kechirgan.
Toshkentdan olingan ma’lumotga ko‘ra, Erkin Vohidov dushanba kuni kechki payt olamdan o‘tgan.
O‘tgan hafta "Ozodlik" manbalari Erkin Vohidovning tildan qolgani haqida xabar qilishgan edi.
1970-yillarda shoirning “O‘zbegim” qasidasi milliy madhiya darajasiga ko‘tarilgan, 1990-yillarda esa u o‘zbeklarning ilk milliy ozodlik harakati “Birlik” yetakchilaridan biriga aylangandi.
So‘ng mamlakat Parlamentining deputati sifatida O‘zbekiston Oliy Majlisining Parlamentlararo aloqalar qo‘mitasini boshqardi.
Dastlab o‘z ijodi va faoliyati bilan xalq olqishiga sazovor bo‘lgan Vohidov so‘nggi yillarda saroyga yaqin bo‘lib, eldan uzoqlashgani uchun uni yozg‘irganlar ham ko‘p bo‘ldi.
Umrining so‘nggida to‘shakka mixlangan holda yotgan adibning yonida faqat qizi va xotini bo'lib, uning holidan xabar olguvchi, yo‘qlovchi boshqa biror kimsa yo‘q ekani haqida gaplar yurar edi.
Shoirni yo‘qlab borgan bir jurnalist 24-may kuni shunday yozgan edi:
"Tildan qolib ketadigan ahvolda yotgan ekan. Boruvdik, bir ko‘rsatishdi-yu, chiqib ketdik. Hech kim bormagan oldiga, g‘alati bo‘lib ketdik. Xotini va qizlari nega hech kim kelmayapti deb hayron bo‘lib o‘tirishibdi".
Erkin Vohidov 1936-yilning 28-dekabrida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida o‘qituvchi oilasida dunyoga kelgan. Vohidovlar oilasi 1945-yilda Toshkentga ko‘chib kelgach, bo‘lg‘usi shoir poytaxt maktablaridan birida o‘qigan.
1960-yili oliygohni tugatgan Vohidov avval "Yosh gvardiya", so‘ng G‘afur G‘ulom nashriyotida bosh muharrir, direktor bo‘lib ishlagan va "Yoshlik" jurnaliga ham rahbarlik qilgan.
Erkin Vohidovning ilk she’riy to‘plami 1961 yilda "Tong nafasi" nomi bilan bosilgan. Shoirning jami o‘ttizdan ziyod she’riy majmualari nashrdan chiqqan.
U dramaturgiya sohasida ham ijod qilgan. Uning "Ruhlar isyoni", "Istanbul fojeasi" kabi dostonlari mushtariylarga yaxshi tanish. "Oltin devor" asari esa yillardan buyon sahnadan tushmay kelayapti.
Unga 1987-yili O‘zbekiston xalq shoiri, 1999-yili O‘zbekiston Qahramoni unvoni berilgan.
Shuningdek, Erkin Vohidov SSSR davrida (1983l) Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati, mustaqillik yillari (1997) esa "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni sohibi bo‘lgan.
Shoir 31-may kuni peshinda dafn etildi
Marosimda ishtirok etgan jurnalist Sharof Ubaydullaevning "Ozodlik" radiosiga aytishicha, janoza namozi Toshkentdagi Forobiy (sobiq Chig‘atoy) qabristoni yonidagi Chig‘atoy masjidida o‘qilgan. Marhumning oxirgi manzili ham Forobiy qabristoni bo'ldi.
Dafn marosimiga shoirning Toshkent shahar, Olmazor tumani, Xuvaydo mahallasidagi xonadoniga Bosh vazir Shavkat Mirziyoev, Prezident devoni rahbari Zelimxon Haydarov va boshqa rasmiylar kelgan.
O'zA axborot agentligida hukumatdan rasmiy bayonot e'lon qilindi. "Atoqli shoir, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Erkin Vohidovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi",- deyiladu unda.