Bugun Fransiyada prezident saylovlarining ikkinchi bosqichi. Ikki hafta oldin o'tkazilgan poygada eng ko'p ovoz to'plagan ikki arbob bu gal o'zaro bellashmoqda. Fransiyaning yangi prezidenti sobiq iqtisodiyot vaziri, Yevropa Ittifoqining ashaddiy tarafdorlaridan biri Emmanuel Makron bo'ladimi yoki millatchi arbob, muhojirlar va Yevropa Ittifoqiga qarshi siyosatchi ayol Marin Le Penmi?
Saylovdan oldin o'tkazilgan ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, Makron 63 foiz, Le Pen esa 37 foiz olishi mumkin.
Iste'foga chiqayotgan Prezident Fransua Olland ovoz berib bo'ldi.
Le Pen
Le Penning aytishicha, Fransiyani muhojirlar bosib ketdi - ko'chalarda namoz o'qiyotgan odamlar, ayollarga kirish taqiqlangan kafelar, kalta yubka kiygan yosh qizlarga ko'chada yomon qarayotganlar ko'paygan.
“Agar prezident bo'lsam, bularning barchasiga barham beraman, chunki bu fransuzcha turmush tarzi emas", - deydi u.
Le Pen o'z chiqishlarida ekstremizmga da'vat qilayotgan imomlar ishlaydigan masjidlarni yopishga, islomiy qarashlarga ega odamlarni mamlakatdan haydashga, immigratsiya ko'lamini tushirishga, yevrodan voz kechib, frank pul birligiga qaytishga, Fransiyaning Yevropa Ittifoqidagi a'zoligi bo'yicha referendum o'tkazishga va'da bergan.
Le Penning tashkilot bo'yicha e'tirozi shuki, mamlakat chegaralari bo'yicha nazorat a'zo davlatlar emas, Yevropa Ittifoqi qo'lida.
Makron
Emmanuel Makronning qarashlari Le Pennikidan tamoman farqli. Sobiq bankir globalizatsiya jarayonidan ortga qaytish yo'q, deb keladi.
“Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlar xalqlari erkin harakatlanish huquqiga ega. Iqtisodiyot bundan foyda ko'rmoqda. Madaniy va ta'lim sohalarida ham ijobiy yutuqlarga erishdik", - deydi u.
Shu bilan birga, Makron Yevropa Ittifoqini isloh qilish tarafdori. Aks holda, deydi u, fransuzlar Britaniya fuqarolari kabi tashkilotdan chiqish harakatiga tushishi mumkin.
Makronni, asosan, shahar aholisi, Le Penni esa globalizatsiyani fransuz madaniyati, o'zligi va iqtisodiyotiga tahdid deb bilgan fuqarolar qo'llab-quvvatlaydi. Le Pen tarafdorlarining aksariyati so'nggi yillarda fabrika va po'lat zavodlarining yopilishi oqibatida minglab ish o'rinlarini yo'qotgan shimoliy-sharqiy hududlarda yashaydi. Fransiyada ishsizlik 10 foizga yaqin bo'lib, Yevropada eng yuqori ko'rsatkichdir.