AQSh va xalqaro koalitsiya qo’shinlarini Afg’onistondan chiqariganiga bir yil bo’ldi. Ayrimlar evakuatsiya qarorini tanqid qilyapti. AQSh Markaziy qo’mondonligining ikki sobiq qo’mondoni shular jumlasidan. “Amerika Ovozi” ular bilan gaplashib, e’tirozi sabablarini o’rgandi.
O’tgan yil avgustida AQSh Afg’onistondan askarlarini olib chiqa boshlashi ketidan afg’on armiyasi Tolibonga qarshilik ko’rsatmay hokimiyatni qonsiz topshirdi. Kobul toliblar qo’liga o’tdi. Evakuatsiya tartibsiz tus oldi.
AQSh qurolli kuchlarining Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi harbiy amaliyotlariga mas’ul Markaziy qo’mondonligini boshqargan ikki arbob Afgonistondan ketish qarorini tanqid qilmoqda.
“Afg’onistonni to’liq tark etish qarorimiz o’tgan yil avgustidagi fojiali voqealarga sabab bo’ldi degan fikrdaman. Bu qarorga har ikki prezident mas’ul”, - deydi iste’fodagi general Frenk Makkenzi.
2020-yil fevralida sobiq prezident Donald Tramp ma’muriyati Qatarda Tolibon bilan tinchlik bitimini imzolab, AQSh qo’shinlarini 2021-yil mayigacha Afg’onistondan to’liq olib chiqishga so’z bergan edi. Prezidentlikka Trampdan keyin kelgan Jo Bayden askarlarni chiqarish qarorini uch oyga kechiktirdi.
“Qo’shinlarimizning hammasini olib chiqish shart emas edi deb o’ylayman”, - deydi yana bir general.
Evakuatsiya tepasida turgan general Makkenzi ham, undan oldin qo’mondonlik qilgan general Jozef Votel ham Afg’onistonda kamida 2500 amerikalik askarni qoldirish kerak edi degan fikrda.
“2500 ta askar bilan Afg’onistonda bir nechta oz sonli, ammo mustahkam bazani egallagan bo’lardik. Bagram harbiy aviabazasini, masalan. Shunda bizda logistika tizimini saqlab turish, afg’on harbiylarini jang maydonida qo’llab-quvvatlash imkoniyati bo’lar edi”, - deydi Makkenzi.
Prezident Bayden barcha askarlarni chiqarish qarorini bir yil oldin shunday izohlagan edi:
“Abadiy urushni davom ettirish yoki evakuatsiyani cheksiz cho’zish niyatim yo’q. Afg’onistonda yana bir necha yilga qolishni taklif etayotganlardan “bundan milliy manfaatlarimizga qanday naf” deb so’ramoqchiman. Nazarimda, yolg’iz bir maqsadni ko’zlashimiz kerak. U ham bo’lsa, vatanimizga Afg’onistondan boshqa hech qachon hujumlar qilinmasligini ta’minlash”.
Bayden qaroridan afsusda emas. Hatto yaqinda al-Qoida rahbari Ayman al-Zavohiriyning dron hujumida o’ldirilgani AQShning chegara orti aksilterror strategiyasi ish berayotganiga dalil ekanini aytdi.
“Amerika xalqiga Afg’oniston va boshqa joylarda aksilterror amaliyotlarni samarali davom ettirishga va’da berganman”, - dedi Bayden.
Amerikaning Afg’onistondagi salkam 20 yillik harbiy faoliyatining so’nggi besh yilidagi amaliyotlarga mas’ul bo’lgan ikki general Afg’onistonda faoliyat yuritayotgan terror guruhlari haqida ma’lumot to’plash hozir ancha qiyinlashganiga ishora qiladi. Va bu, ular nazarida, amerikaliklar xavfsizligini yemirmoqda.
“Qo’shinlarimizni Afg’onistondan chiqarishimiz oqibatida xavfsizroq bo’ldik deb o’ylamayman”, - deydi Makkenzi.
“Mamlakatda harakatlanayotgan terror tashkilotlari haqida ko’p narsalarni bilmaymiz. Bu yerda ishimiz ko’paydi. Barqarorroq yoki xavfsizroq bo’lganimizga ishonmayman. Afg’oniston ham ancha beqarorroq bo’ldi, buning oqibatida bu mintaqa ham beqarorroq”, - deydi Votel.
Evakuatsiyaning so’nggi kunlarida “Islomiy davlat” jangarilarining xudkush hujumida kamida 170 odam, jumladan 13 amerikalik harbiy o’lgan. Bu AQSh askarlari uchun so’nggi 10 yilda eng qonli kun bo’ldi. Ikki haftalik missiya davomida 120 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi, ammo Amerikaning yana o’n minglab ittifoqchilari qolib ketdi.
Facebook Forum