Breaking News

Hindistonda quyoshdan quvvat olish sohasi rivojlanmoqda


Charanka qishlog'idagi quyosh energiyasi batareyalari
Charanka qishlog'idagi quyosh energiyasi batareyalari
Hindistonning quyosh energiyasi sanoatini rivojlantirishga qaratilgan siyosati uni bu sohadagi eng yirik bozorga aylantirishi mumkin.

Hindiston g’arbidagi Gujarat shtatida mana bir yildirki uylarda chiroq elektr energiyasi emas, quyosh quvvatidan yonadi. Dalalarda minglab quyosh batareyalari o’rnatilib, tinimsiz ishlab turibdi.

Charanka qishlog’i yaqinida Osiyodagi eng yirik quyosh energiyasi parki joylashgan. Unga o’tgan yil aprelida o’ndan ziyod xalqaro kompaniya asos solgan edi. Maqsad – kuniga 214 megavatt energiya ishlab chiqarish.

O’shandan buyon mamlakatning turli qismlarida quyosh batareyalari o’rnatila boshladi. Vaholanki, bundan bor-yo’g’i uch yil avval Hindistonda quyosh energiyasi ishlab chiqarilmasdi.

Dehlidagi Energiya va manbalar instituti xodimi Amit Kumarning aytishicha, quyosh energiyasi arzonlashmoqda, demak bu manbadan foydalanish hollari ko’payaveradi.

“Bir yil ichida 1500 megavatt energiya ishlab chiqara boshladik. Bu katta yutuq. Narxlar ham pasaymoqda. Quyosh quvvatining narxi oddiy energiya manbalari bilan bir darajada bo’lishi kerak, biz bunga 2017-yilga borib erishmoqchimiz,” deydi Kumar.

Duyoning ko’pgina mamlakatlari kabi Hindistonda ham gaz va neft asosiy yonilg’i manbalari sanaladi. Biroq u yerda hukumat quyosh energiyasi sohasini ham rivojlantirishga bel bog’lagan. 2022-yilga borib mamlakatda 20 ming megavatt energiya ishlab chiqarilishi kerak, deydi rasmiylar.

Bosh vazir Manmoxan Singx toza energiyaga bag’ishlangan anjumanda xalqaro kompaniyalarni Hindistonni quyosh energiyasi markaziga aylantirishga undadi.

Mamlakatda qariyb 400 million odam chiroqsiz kun kechiradi. Yangi manbalarga ehtiyoj kattaligi shubhasiz. Xalqaro kompaniyalar ham buni yaxshi biladi, shu sababdan quyosh energiyasi sanoatida o’rin egallashga shoshilmoqda.

Ayrim korxonalar hukumatning energiyani imtiyozli narxda sotib olish va’dalariga qiziqib, quyosh quvvatini ishlab chiqaradigan parklar ochayotgan bo’lsa, boshqalar alohida qishloqlar uchun kichik sistemalar ishlab chiqarmoqda. Bangalor shahridagi SELCO kompaniyasi shunday strategiyani tanladi. U ishlab chiqargan quyosh energiyasi sistemalarida nafaqat chiroq, balki televizor, ventilyatorlar, uyali telefon va tikuv mashinalari ishlaydi.

SELCO xodimi Prasant Bisval bundan kambag’al oilalar ayniqsa foyda ko’rishini aytadi.

“Masalan, elektr tokida ishlaydigan tikuv mashinalari bor. Lekin qishloqlarda elektr quvvati yo’q. Tadbirkorlar mexanik mashina sotib olishga majbur. Endi esa quyosh energiyasi bo’lsa, elektr mashinalaridan foydalanish mumkin bo’ladi. Hozirda bir kishi 10-20 ta sari tiksa, quyosh quvvatida ishlaydigan mashinada 100 tagacha sari tika oladi,” deydi u.

Hindistonning kattagina qismi tropik hududda joylashgan. Deyarli har kuni oftob chiqadi. Demak, agar hukumat hozirgi siyosatini davom ettirsa, bu mamlakat yaqin kelajakda quyosh energiyasining markazi va bozoriga aylanishi mumkin, deydi tahlilchilar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG