Breaking News

Eron bilan muzokaralar 2015-yilda davom etadi


AQSh: Eron bilan muzokara davom etadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:03 0:00

AQSh: Eron bilan muzokara davom etadi

Eronni atom bombasi yaratish salohiyatidan ayirish va bu davlatga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilishga qaratilgan xalqaro muzokaralar joriy yilda yakuniga yetmadi va 2015-yilda davom ettiriladi. Ekspertlar fikricha, kelishuv har ikki taraf uchun katta ahamiyatga ega bo’lsa-da, kelasi yilda ham unga erishish oson bo’lmaydi.

Eron va u bilan muzokara qilayotgan olti davlat – AQSh, Britaniya, Rossiya, Xitoy, Fransiya va Germaniya – 2014-yil davomida muzokaralarni ikki marta uzaytirishga majbur bo’ldi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri yangi muhlat belgilanganini jiddiy siljish borligi bilan izohlaydi.

“Yil davomida ancha yo’lni bosib o’tdik. Progress bo’layotganini inobatga olsak, endi jarayonni to’xtatish noto’g’ri bo’ladi”, - deydi u.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti nomidan olti davlat Eron hukumati bilan yadroviy dastur ustida tortishmoqda. Respublikadan uran boyitish darajasini oshirib bormaslik, qo’shimcha texnik jihozlarni o’rnatmaslik so’ralgan. Hozirda, ekspertlarga ko’ra, agar Eron rahbarlari istasa ikki oy ichida atom bombasi yasash mumkin.

Tehron esa yadroviy qurol yaratish niyati yo’qligini bildirib keladi. Ammo yadroviy programmasi kengayib borayotgani xalqaro hamjamiyat xavotirlariga sabab bo’lmoqda. Masalani 2015-yilda ham hal etish oson bo’lmaydi.

Xalqaro strategik tadqiqotlar markazi mutaxassisi Mark Fitspatrik tomonlar so’nggi 12 oyda murosaga kela olmagan bo’lsa, kelasi yildan nima kutish mumkin, deya so’raydi.

Shunga qaramay, muzokarani davom ettirish muhim.

“Diplomatiyasiz bu dasturni jilovlab bo’lmaydi. Ziddiyat va inqiroz davriga qaytamiz. Eron atom bombasini yasashga kirishadi va oxir-oqibat harbiy chora ko’rishga to’g’ri keladi”, - deydi u.

Fitzpatrik kabi eronshunoslar nazarida 2013-yil oxirida erishilgan muvaqqat kelishuvning o’zi yetarli emas. Eron-Amerika kengashi raisi, yozuvchi Trita Parsiy:

“Muvaqqat kelishuv har ikki taraf uchun jozibali ko’rinayotgan bo’lishi mumkin. Ammo kelajakni o’ylasak, har ikki tarafda siyosiy muhit o’zgarib boraveradi. Masalani kechga qoldirish bilan undan qutulib bo’lmaydi”, - deydi u.

Eronda kelishuvga qarshi kuchlar bo’lsa ham ular Oliy rahbarning gapiga kirishi mumkin. Trita Parsiy deydiki, muammo shundaki, hozir AQSh Kongressida respublikachilar hukmronlikni qo’lga oldi. Prezident Barak Obama istasa ham sanksiyalarni to’liq bekor qilolmaydi, degan xavotir bor.

“Eron rahbariyatini tashvishlantirayotgan masalalardan biri shu. Obama sanksiyalarni yengillashtirish va’dasi ustidan chiqa oladimi? Gap unga bo’lgan ishonchda emas, balki Kongressda muxolifat kuchayganida”, - deydi olim.

Muzokarachilar kelishuvga erishish uchun yana yetti oy vaqt ajratdi. Murosa uchun iroda bor ekan, barcha taraflar yon berishga tayyor bo’lishi kerak, deydi suhbatdosh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG