Breaking News

Qozog’istonda muxolifat saylov kuni namoyishlar rejalamoqda


10-yanvar kuni Qozog’istonda o’tadigan parlament saylovlarida beshta partiya qatnashmoqda. G’oliblikka asosiy da’vogar - Nursulton Nazarboyev yetakchiligidagi “Nur Otan” partiyasi. Saylovdan chetlatilgan muxolifat 10-yanvar kuni mamlakatda ommaviy namoyishlar boshlanishi haqida ogohlantirmoqda.

Saylovning asosiy yangiligi siyosiy dasturlar, bahslarda emas, uning tashkiliy jihatida ko’rinadi. Mamlakatda ilk bor mahalliy kengashlarga nomzodlar ham partiyaviy ro’yxatga muvofiq saylanadi.

“Nur Otan” tomonidan e’lon qilingan saylovoldi ro’yxatda Nursulton Nazarboyevning qizi Dariga Nazarboyeva ham bor.

Dariga Nazarboyeva o’tgan yil Senat a’zoligidan iste’foga chiqqan. Elboshining vorisi sifatida ko’rilgan Nazarboyevaning to’satdan senatorlik maqomidan ketishi jamoatchilikda turli munozaralar uyg’otgan edi.

Qozoq faollari saylov parlament tarkibida, siyosiy boshqaruvda biror o’zgarish qilishiga ishonmaydi. Saylovning raqobatsiz o’tayotgani nafaqat rejim tazyiqlarni kuchaytirganida, shuningdek, muxolifatda ham saylovga nisbatan umumiy yondashuv shakllanmagani bilan izohlanmoqda.

Saylov arafasida Qozog’istondagi siyosiy vaziyat bir qadar tarang. Rossiya siyosatchilarining mamlakat hududiy yaxlitligiga tahdid qilingan ziddiyatli bayonotlari bo’yicha munozaralar hali tinmagan. Yaqinda prezident Qosim- Jo’mart Tokayev ham bu borada o’z fikrini bildirdi, Qozog’iston o’z hududlarini hech kimdan sovg’a sifatida qabul qilmaganini ta’kidladi.

Bu voqealar soyasida parlament saylovlari qanchalik tinch o’tishi mumkinligi haqidagi savollar ham ko’tarilgan.

Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdining matbuotga bildirishicha, mamlakatdagi vaziyat barqaror, beqarorlikka sabab bo’luvchi ichki va tashqi omillar yo’q.

“Saylovlarning tinch o’tishi juda muhim, biz yirik norozilik namoyishlarini kutmayapmiz. Buning uchun ichki va tashqi omillar kerak. Ichki jihatdan mamlakatdagi ijtimoiy siyosiy vaziyat barqaror hisoblanadi. Tashqi omillarning o’rni muhim, ammo Qozog’iston ko’p vektorli siyosat yuritadi, tashqi hamkorlarimizdan hech biri Qozog’istondagi vaziyatni beqarorlashtirishdan manfaatdor emas”, - deydi u.

Vazirning yirik namoyishlar kutilmayotgani haqidagi bayonoti katta ehtimol bilan muxolifat tomonidan surilayotgan ommaviy namoyishlarni nazarda tutadi.

Qozog’iston ko’p vektorli siyosat yuritadi, tashqi hamkorlarimizdan hech biri Qozog’istondagi vaziyatni beqarorlashtirishdan manfaatdor emas

Qozoq muxolifati faollari saylovni boykot qilish, hokimiyatdagi partiyaga ovoz bermaslik haqidagi chaqiriqlar ortidan aholini ommaviy namoyishda qatnashishga da’vat etishmoqda. Namoyishlar o’tkazilishi ko’zda tutilgan hududlar avvaldan e’lon qilingan.

Qozog’istonda ekstremist tashkilot sifatida e’lon qilingan muxolifatdagi “Qozog’iston demokratik tanlovi” partiyasi yetakchisi, biznesmen Muxtor Ablyazov saylov kuni rejim ag’darilishi haqidagi bayonotlar bilan chiqmoqda.

Muxolifatini xorijdagi faollaridan biri Aydos Sodiqqa ko’ra, muxolifat saylovga nisbatan munosabatda umumiy pozitsiya ishlab chiqolmagan bo’lishi mumkin, ammo shu kuni mamlakat bo’ylab ommaviy namoyishlar o’tkazilishini ko’pchilik qo’llab-quvvatlamoqda.

“Biz ommaviy noroziliklarni o’tkazish uchun mamlakat ichkarisidagi muxolif guruhlar bilan birlashdik, saylov kunigacha ham turli hududlarda, jumladan poytaxtda ham turli norozilik chiqishlari o’tkazdik. Asosiy, yirik chiqishimiz saylov kuniga rejalangan. Qozog’iston xalqi Nazarboyev sulolasi, “Nur Otan” hukmronligiga barham berish kerakligini tushunib turibdi”, - deydi “Jusan” partiyasi yetakchisi Aydos Sodiq.

Ta’kidlash joiz, ommaviy namoyishlarga doir chaqiriqlarni muxolifat yakdillik bilan quvvatlanayotgani yo’q, ayrim guruhlar saylovlarni boykot qilish lozimligi haqidagi chaqiriqlar bilan cheklanishgan.

Ommaviy norozilikning asosiy talabi adolatli saylovlar, Nazarboyev hokimiyatiga barham berish sifatida e’lon qilingan.

Qozog’istonni so’nggi 30 yil davomida boshqarib kelgan Nursulton Nazarboyev prezidentlik ketgan. Ikki yildirki, mamlakatga Qosim- Jo’mart Tokayev rahbarlik qilmoqda.

Ammo bundan qat’i nazar tanqidchilar Qozog’istonda hokimiyat hamon Nazarboyev tomonidan boshqarilayotganini, elboshi bir qator vakolatlarni o’zida saqlab qolgani, parlament saylovlaridagi yaqqol g’olib sifatida taqdim etilayotgan “Nur Otan” partiyasiga ham raislik qilib kelayotganini ta’kidlashdi.

10-yanvar kuni qozog’istonliklar parlamentning quyi palatasiga va mahalliy kengashlarga deputatlarni saylash uchun ovoz berishadi. Qozog’istonda ham ikki palatali parlament amalda. Quyi palata 107 nafar deputatdan iborat, ammo ularning 98 nafari umumiy ovoz berish yo’li bilan saylanadi, to'qqiz o’rin esa Qozog’iston xalqlari assambleyasi tomonidan taqdim etilgan nomzodlarga beriladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG