Breaking News

Qirg'izistonda din siyosatga aralashmaydi


Bishkekdagi hibsxonada namoz, 26-yanvar 2012
Bishkekdagi hibsxonada namoz, 26-yanvar 2012
Qirg’izistonda diniy tashkilotlar va oqimlar ko’paymoqda. Ayrimlari yurt siyosiy hayotida faol qatnashishga intiladi.

Qirg'izistonda din va siyosat, Ulug'bek Sokin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:00 0:00
Yuklab oling

Kuzatuvchilar deydiki, ayrim dindorlar orasida siyosiy partiya tuzish harakati seziladi.

Xo'sh, Qirg’izistonda bu mumkinmi? Organlarning munosabati qanday?

Hozirda mamlakatda 150 dan ziyod siyosiy partiya bor.

Jamoatchilik tashkilotlari orasidan esa o’nlab islomiy uyushmalar o’rin olgan. Ularning ayrimlari bot-bot siyosatga aralashishga intiladi. Davlat qonunlari diniy siyosiy partiyalar tuzishni ta’qiqlaydi.

Qirg’iziston prezidenti qoshidagi Diniy ishlar bo’yicha davlat komissiyasi janubiy bo’limi boshlig’i Qurbonali Uzaqov ta’kidlashicha, o’lkada diniy guruhlar siyosiy maqsadlarni ko’zlashi nojoiz.

“Qirg’izistonda islomiy partiya tusih mumkin emas. Mamlakat konstitutsiyasi va qonunlari bunga yo’l qo’ymaydi”, - deydi mulozim.

O’shdagi Islom hamkorligi markazi rahbari, mustaqil Qirg’izistonning birinchi parlamenti deputati Sodiqjon Kamolov bosh qomusni qabul qilishda qatnashgan.

“O’sha parlamentda mazkur masala ko’rilar ekan, deputatlar diniy partiyalar tuzilishi mumkin emas, degan moddani qo’llagan. Shaxsan men ham dinning hozirgiday siyosatga buncha aralashib kirib ketishidan xursand emasman. Ma’lumki har qanday partiya qaysi bir guruhlarning manfaatlarini ko’zlab tuziladi. Va buning ortida qandaydir g’oya va maqsadlar yotadi. Ammo dinimiz bir partiyaga yoki boshqa narsalarga muhtoj emas. Dinimiz musulmonlarni birlashtirishi kifoya. Buning uchun g’oya ham, maqsad ham yetarli”, - deydi Kamolov.

Mutaxassislarning aytishicha, oz sonli guruhlarni nazarga olmaganda, ko’pchilik musulmonlar hozirda diniy partiyalarga ehtiyoj sezmaydi.

Jalol-Oboddagi Islom ta’limi markazi boshlig’i Dilmurod hoji O'rozov fikricha, bunga sabab – Qirg’izistonda musulmonlar yetarli imkoniyatlarga egaligi.

“Mamlakatimizda boshqa o’lkalarga nisbatan musulmonlar haq-huquqlari poymol etilmayotir. Har kim barcha diniy amallarini bajarish imkoniyatiga ega”, - deydi O'rozov.

Ma’lumki, musulmonlar Qirg’iziston aholisining bosimli qismini tashkil etadi.

Kuzatuvchilar nazarida, ularning qandaydir siyosatlashgan diniy uyushmaga birlashishi ehtimoliy oqibatlari davlatni ham, jamoatchilikni ham tashvishlantiradi. Shu bois aksar suhbatdoshlar cheklovlar tarafdorligini aytadi.

Ayni paytda rasmiylar va huquq-tartibot tizimlari Qirg’izistonda ta’qiqlangan diniy-siyosiy tashkilotlar faoliyati avj olayotganidan xavotir bildiradi.

“Aytaylik, Qirg’izistonda man qilingan Hizb ut-Tahrir diniy-siyosiy partiyasi yashirin ravishda faoliyatini yuritmoqda. Ular o’z ish uslubini takomillashtirayotgani kuzatilmoqda. Huquq-tartibor tizimlari jazo tadbirlarini kuchaytirish tarafdori. Bu borada malakat parlamentiga kerakli takliflar kiritilgan. Ayni paytda aholi orasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish darkor”, - deydi Qirg’iziston prezidenti qoshidagi Diniy ishlar bo’yicha davlat komissiyasi janubiy bo’limi boshlig’i Qurbonali Uzaqov.

Mahalliy nodavlat tashkilotlar so’rovlariga ko’ra, hozirgi Qirg’iziston jamiyatida diniy partiyalar tushunchasiga nisbatan turli hadiklar va salbiy munosabat ko’zga tashlanadi. Ko'pchilik dunyoviy tuzumni saqlab qolish tarafdori.

XS
SM
MD
LG