Moskvada Sovet davridan yoki undan oldingi paytlardan qolgan imoratlar buzilayotgani jamoatchilik orasida norozilik uyg’otmoqda. Ular o’rniga qimmat, zamonaviy binolar bunyod etiladi.
Xrushchev rahbarligi vaqtida qad ko’targan uylardan bir milliondan oshiq odam ko’chiriladi. Chunki shaharda yangi majmualar barpo etilmoqda.
Eski binolarda yashash xavfli, ularni ta’mirlashdan foyda yo’q, deydi rasmiylar.
Lekin ajdodlardan qolgan uylarda istiqomat qiladiganlar uchun bu yerni tark etish qiyin, ruhan juda og’ir.
“Buldozerlar bilan kelishmaguncha shu yerda o’tiraman. Konstitutsiya menga bunday huquqni beradi. Bu mening mulkim. Binomiz butun. Yaroqli”, - deydi fuqarolardan biri.
Elmira va onasi Galina uchun bu imoratlar muqaddas dargohlar.
“1979-yilda ko’chib kirganmiz. Bolalarim shu yerda tug’ilgan, katta bo’lgan. Butun hayotim shu joy bilan bog’liq”.
“Otam tirikligida uning 50 yoshini nishonlaganmiz. Ko’p odam kelgan uni tabriklashga. Uyimizda joy yetmay qolgan. Unutilmas damlar - hammasi shu yerda”, - deydi yana bir ayol.
Moskva hokimiyati eski uylarni tark etayotgan odamlarga yangi turar joy va’da qilmoqda. Bahosi hozirgi uyniki bilan teng bo’ladi.
Aholini ko’chirish uchun, qonunan, ularning uchdan ikki qismi rozi bo’lishi lozim.
Odamlar esa hukumatga ishonmaydi. Korrupsiyaga botgan tuzum bizni laqillatmoqchi, deydi ular.
“Bilasizmi, maxsus komissiya tuzish kerak. U bu bino qanchalik xavfli ekanini tasdiqlasin. Hech kim hozirgacha buni tekshirmagan… Bizningcha, bu joy kimlargadir kerak, odamlarning turmushi esa ular uchun bir tiyin”, - deya shikoyat qiladi shu yerda yashovchi ayol.
Elmira davlatga qarshi namoyish qilaman deb hech tasavvur qilmagan. Lekin bugun ko’chada, norozi.
Moskva hokimiyati aholi dardini tinglashga qaror qilgan. Fuqarolar bilan murosa qilishga tayyor ekanini bildirmoqda.
Facebook Forum