Breaking News

Obama: Prezidentlik uchun Hillari Klintondan kuchliroq nomzod yo'q


AQSh Prezidenti Barak Obama demokratlar qurultoyida nutq so'zlamoqda, 27-iyul, 2016-yil
AQSh Prezidenti Barak Obama demokratlar qurultoyida nutq so'zlamoqda, 27-iyul, 2016-yil

Pensilvaniya shtatida davom etayotgan demokratlar qurultoyining uchinchi kunida AQSh Prezidenti Barak Obama nutq so'zlab, prezidentlik uchun kechayotgan saylovda Hillari Klinton nomzodini qo'llab-quvvatladi.

U o'tgan sakkiz yil ichida mamlakat erishgan yutuqlarni tilga olib, bular davom etishi uchun Klintonni saylashimiz kerak, dedi.

"Amerika allaqachon buyuk davlat. Men uning kelajagi yanada buyuk bo'lishiga ishonchim bugun har qachongidan ham kuchliroq", - dedi Obama.

Demokratlar qurultoyi, 27-iyul, 2016, Filadelfiya, Pensilvaniya shtati
Demokratlar qurultoyi, 27-iyul, 2016, Filadelfiya, Pensilvaniya shtati

"Amerika Qo'shma Shtatlari prezidentligi uchun Hillari Klintondan ko'ra arziydigan erkak yoki ayol yo'q", - dedi AQSh rahbari.

U bir oy oldin Klinton nomzodini prezidentlik uchun yoqlaganda ham shu so'zlarni tilga olgan edi.

Obama vitse-prezidentlik uchun Klintonning sherigi Tim Keynni samimiy va xalqparvar inson deb olqishladi.

"Tim Keyn yaxshi odam, samimiy, kamtar hamda xalq xizmati uchun bel bog'lagan. U ajoyib vitse-prezident bo'ladi va Hillarini yaxshiroq prezident qiladi. Xuddi qadrdon do'stim va birodarim Jo Bayden meni yaxshiroq prezident qilganidek", - dedi Obama.

Vitse-prezident Jo Bayden
Vitse-prezident Jo Bayden

Bayden Trampni qoraladi

27-iyul oqshomida Vitse-prezident Jo Bayden ham qurultoyda yig'ilganlarga murojaat qildi.

U mamlakat o'tgan sakkiz yilda erishgan muvaffaqiyatlar uchun Prezident Obamani olqishlab, Klinton ham xuddi shu yo'lda davom etishiga ishonch bildirdi.

"Hech kim bu mamlakat haqida Klintondek qayg'urmaydi. Uning butun umr yo'li shu haqda", - dedi u.

Bayden, shuningdek, respublikachilar nomzodi Donald Trampni keskin qoraladi. Bu odam prezidentlik uchun noloyiq, mamlakatimiz taqdirini unga ishonib topshira olmaymiz, dedi vitse-prezident.

Nyu-York sobiq meri, multi-milliarder Tim Keyn
Nyu-York sobiq meri, multi-milliarder Tim Keyn

Blumberg mustaqil saylovchilarga murojaat qildi

Nyu-York shahri sobiq meri Maykl Blumberg ham sahnaga chiqib, mustaqil saylovchi sifatida Hillari Klintonni qo'llab-quvvatladi.

"Ilgari respublikachi ham, demokrat ham bo'lganman. Bugun mustaqil saylovchi sifatida demokratlar nomzodi Hillari Klintonni prezidentlik uchun qo'llab-quvvatlayman. Chunki bu partiya va siyosatdan ham yuqoriroq masala. Mamlakatni Trampga berib qo'ymaymiz, - dedi Blumberg.

Nyu-Yorkning sobiq meri va taniqli ishbilarmon mamlakatning biror partiyaga mansub bo'lmagan fuqarolarini Klintonga ovoz berishga undadi.

Vitse-prezidentlikka nomzod Tim Keyn
Vitse-prezidentlikka nomzod Tim Keyn

Tim Keyn: Qo'limizdan kelgancha yaxshilik qilamiz

Shu kuni vitse-prezidentlik uchun nomzod Tim Keyn ham sahnaga chiqib, qatnashchilarga o'zini yaqindan tanishtirdi. Siyosatga qanday kirib kelganini va shu paytgacha qilgan ishlarini sanab, Klinton bilan birgalikda Amerikani yanada ravnaq toptirish yo'lida qattiq ishlashini e'lon qildi.

"Hillari Klinton va men bir xil e'tiqoddamiz: qo'lingdan kelgan barcha yaxshilikni qil. Men, sizlar, Berni Sanders, Jo Bayden, Barak Obama, Mishel Obama ham xuddi shunga ishonadi. Klinton ham shunday qarashda. Mamlakatimizga shunday xizmat qilamiz", - dedi Keyn.

28-iyul kuni qurultoyning so'nggi yig'ilishi bo'ladi. Unda asosiy nutq bilan Hillari Klinton sahnaga chiqadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG