Breaking News

Pokistonda ilmli yoshlar ham radikalizmga berilmoqda


Kufr qonunlarini himoya qilib chiqqan namoyishchilar
Kufr qonunlarini himoya qilib chiqqan namoyishchilar

Tinchlik uchun Nobel mukofoti sohibi, BMTning tinchlik elchisi Malala Yusufzoy olti yildan so'ng vatani Pokistonga safar qilar ekan, uni qahramondek kutib olishdi. U bosh vazir bilan uchrashgan, televideniye orqali nutq so'zlagan.

Malala qizlar ta'limini targ'ib qilgani uchun 2012-yilda Tolibon tomonidan otilgan, ammo omon qolgan. U keyinchalik Malala jamg'armasiga asos soldi. Britaniyada davolandi va hozir o'sha yerda yashaydi. Bir kun kelib Pokistonga doimiy qaytishini aytib keladi.

Malala Yusufzoy Pokistonda
Malala Yusufzoy Pokistonda

Faolning o'zi tug'ilib o'sgan Svot vodiysiga to'rt kunlik safarini olqishlayotganlar ko'p, ammo ijtimoiy tarmoqlarda unga nisbatan tanqidlar ham yog'ildi. Konservativ sahifalarda Yusufzoy AQSh agenti va islomni qoralab kelayotgan shaxs deb qoralanadi. Pokistondagi bir qator maktablarda "Men Malala emasman" degan shiorlar yangramoqda.

Radikal qarashlar

Ekspertlarga ko'ra, Pokistondagi o'qimishli yoshlar ham jangari guruhlar mafkurasiga jo'r bo'layotgani afsuslanarli. 2017-yilning aprelida talaba Mashal Xon o'ldirilgani yoshlar orasida radikalizm kuchayganiga yana bir dalildir. Uni internetda yozgan izohlari uchun kufrda ayblashgan edi.

Islomoboddagi Pak tinchlik tadqiqotlari instituti xodimi Muhammad Ismoil Xon deydiki:

"Ekstremistlar yoshlarni qishloq va shaharlardan, madrasa va universitetlardan, kambag'al va boy qatlamdan o'z safiga jalb qilmoqda. Faqat erkaklar emas, ayollarni ham".

Institut yaqinda o'tkazgan izlanishga ko'ra, "ushbu keng qamrovli radikallashuv DAISh guruhi Pokistonda odamlarni o'ziga jalb qilish uchun qo'llayotgan turli xil usullarni aks ettiradi. Uning a'zolari orasida sobiq toliblar, o'ziga to'q fuqarolar, Karochi, Loxur va Sialkot shaharlaridan ayollar ham bor".

Pokiston madrasalari
Pokiston madrasalari

Tarixchilarning qayd etishicha, pokistonlik yoshlar dunyoqarashida tub o'zgarish 1980-yillar boshida Sovet kuchlari Afg'onistonni egallab olgan davrga to'g'ri keladi. Talabalar o'shanda sovetlarga qarshi harakatga qo'shilishga, 1990-yillarda esa Kashmirda Hindistonga qarshi qurol ko'tarishga undalgan.

Kollej va universitet talabalarining butun bir avlodi jihod ulug'lanishiga guvoh bo'ldi va bu jarayonni orqaga qaytarish oson bo'lmaydi.

Jamiyatning har bir qatlami

"Yoshlar bilan jiddiy muloqot boshlash kerak. Davlat milliy uyg'unlik uchun zarur masalalar bo'yicha tizimli yondashuvga ega bo'lishi, jamiyatning har bir qatlamini radikalizmdan tozalash rejasi o'quv dasturlariga kiritilishi, mavzu matbuotda muhokama qilinishi lozim", - deydi tahlilchi Qamar Chima.

Pokiston aholisining 60 foizini 25 ga to'lmaganlar tashkil etadi. Ichki ishlar vaziri Ahsan Iqbol so'zlariga ko'ra, o'quv yurtlari Aksil-terror milliy idorasi tomonidan nazoratga olingan. Maqsad - yoshlarni ekstremizmdan himoya qilish. Bu idora 2009-yilda tuzilgan edi.

Ammo strategiya qanchalik ish berayotgani savol ostida. Yanvarda mamlakat shimoli-g'arbida Fahim Shoh ismli o'quvchi o'z maktabi direktorini o'ldirgan. Shoh "Tahrik-e-Labaik" diniy-siyosiy partiyasining namoyishlarida qatnashib, darslarni qoldirgani uchun direktor oldiga chaqirtirilgan. O'quvchi unga o'q uzgan.

Kufr qonuni tanqid ostida

Pokiston inson huquqlari komissiyasi rahbari Mehdi Hasan fikricha, ushbu qotillik shakkoklikka doir qonunlarni shaxsiy maqsadlarda qo'llash qanchalik oson ekanini ko'rsatib turibdi.

2017-yilda talaba Mashal Xonning xaloyiq tomonidan o'ldirilishi mamlakat bo'ylab g'azab uyg'otgan va kufr qonunlarini bekor qilish chaqiriqlari yangragan edi.

Mehdi Hasanning aytishicha, bu voqealardan saboq olinayotgani sezilmaydi. Bunday hodisalarning oldini olish uchun hukumat chora ko'rmayapti.

"Jamiyatda toqatsizlik qanot yozmoqda. Hukumat ekstremizm muammosini yechishga ojizdek", - deydi u.

Qizlar ta'limini targ'ib qilgani uchun o'qqa tutilgan Malala Yusufzoyni vatanida qo'llab-quvvatlayotganlar ham oz emas. Tarafdorlari uni radikalizm va ekstremizmga qarshi kurash ramzi deb biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG