Breaking News

Malala Yusufzoy mehnati zoye ketmaydi, deydi kuzatuvchilar


Pokistonning Svot vodiysida, Malala Yusufzoy o'qigan maktab hovlisi.
Pokistonning Svot vodiysida, Malala Yusufzoy o'qigan maktab hovlisi.
Pokistonlik Malala Yusufzoy ayollar haq-huquqi uchun kurashgani uchun o’tgan yili Tolibondan o’q yeb, xalqaro jamoatchilik nazariga tushgan edi. Bu o’smir qiz jarohatidan tuzalib, bugun Britaniyada yashayapti va po’pisalarga qaramay, kurashni davom ettirmoqda.

Uning vatani Pokistonda maktab yoshiga yetgan bolalarning uchdan biri o’qishga qatnamaydi. Ayniqsa, chekka qishloqlarda qizlar orasida bu ko’rsatkich juda past. “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan mutaxassis Piter Yeltsov nazarida Malala Yusufzoyning sa’y-harakatlari zoye ketmaydi.

Bir yil oldin Malala bir o’limdan omon qoldi. Toliblar hujumidan keyin uni Britaniyaga davolashga jo’natishdi.

Jangarilar uni tinch qo’ymoqchi emas. Guruh qizcha tug’ilib o’sgan Svot vodiysini qo’ldan boy bergan bo’lsa-da, u yer, bu yerda xurujlarni amalga oshirib keladi.

Tahlilchi Piter Yeltsov so’zlariga ko’ra, Pokistonning chekka joylarida toliblar va ayrim oqsoqollar dunyoviy ta’limni yot deb, uni rad etadi.

“Pokistonning shimoli-g’arbiy mintaqasi va Balujistonda men guvoh bo’lgan bu qadar qarshilikni boshqa hech yerda kuzatmadim. G’arb madaniyati, G’arb ta’limiga nisbatan nafrat juda kuchli”, - deydi u.

Yeltsovning aytishicha, G’arb san’ati va madaniyatini Vaziriston, Balujiston va Svot vodiysida azbaroyi yomon ko’rishadi.

Vodiyda ikki yil hukmronlik qilgan toliblar yuzlab maktablarni vayron qildi, xususan, qizlar o’qigan maskanlarni. Yeltsov so’zlariga ko’ra, Pokistonning ayrim konservativ, eskilikni himoya qiluvchi siyosatchilari Tolibonning yoni olgan. Lekin Pokistonda aksariyat fuqarolar xotin-qizlarga o’qishni ravo ko’radi, deydi u. Afsuski, ko’plab qishloqlarda maktablarning o’zi yo’q.

“Ta’lim, tibbiy xizmat degan tushuncha yo’q bu manzillarda. Qishloqlarni aylansangiz, ko’chalarda ayol zoti ko’rinmaydi, bolalarning qiy-chuvi eshitilmaydi. Xilvat, pastqam mahallalar”, - deydi u.

Pokistonda 16 yoshgacha ta’lim majburiy sanaladi. Lekin, deydi Yeltsov, hukumat qabilaviy mintaqalarda bu qoida ijrosini ta’minlay olmayapti.

“Balujiston poytaxti Kvetta yoki Vaziristonda mahalliy rasmiylar bilan gaplashib ko’ring-da. Ular markaziy hukumatga bo’ysunishni xohlamaydi. Qabilaviy qonun-qoidalar, shariat, oilaviy an’analardan ustuni yo’q bu insonlar uchun”, - deydi olim.

Pokiston shaharlarida aksariyat bolalar loaqal boshlang’ich maktabga qatnaydi, qizlar orasida xat-savod darajasi yuqoriroq. Shaharlarda chet madaniyat, an’analarni osonroq qabul qilishadi.

Model qiz Nadia Hussayn zamonaviy Pokiston haqida shunday deydi:

“Xorij matbuoti Pokiston hayotining ilg’or jihatlarini ham ta’riflashi kerak. Faqat ekstremizm haqida sayrash to’g’ri emas”, - deydi u.

Yusufzoy bitgan kitob yaqinda Amerika va Britaniyada bosmadan chiqdi. Lekin vatani Pokistonda toliblar bu kitobni rastaga qo’ygan har qanday do’konning kulini ko’kka sovurishini aytgan.

Yeltsov nazarida Malala uyida ham, xorijda ham qahramon nomini olib ulgurdi va bunga munosib. Aynana Malala Yusufzoy kabi insonlar tarixda burilish yasab kelgan, deydi ekspert.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG