Vashingtonda mashhur bir sartaroshxona bor, 50 yildan beri xizmat ko’rsatadi. AQShning qator prezidentlari ham shu sartaroshxonaga qatnagani uchun Diyego Deambrosiyoni “prezident sartaroshi” deb atashadi.
Amerikaning qator siyosatchilari, Donald Tramp, Barak Obama, Jorj Bush va Bill Klinton kabi prezidentlar Diyego Deambrosiyoning mijozlari. Sitsiliyada tug’ilgan italiyalik sartarosh 1968-yildan beri 50 ga yaqin davlat rahbarlariga xizmat ko’rsatgan.
Diyego Deambrosiyo taniqli siyosatchilar sochini qirqishni sharaf deb biladi, lekin har bir mijoz muhim.
“Hamma birday odam. Kim kelsa birday xizmat ko’rsatamiz”, - deydi u.
Vashington meri 2010-yilda sartaroshxona yo’liga Deambrosiyo ko’chasi deya nom berdi. Ungacha “Q” ko’chasi deb atalar edi.
Mijozlar nafaqat uning qo’li yengilligidan, mahallada faolligidan ham mamnun.
“Bu yerga kelayotganimga 40 yillar bo’ldi. Oiladaymiz. Kelasiz, diydorlashasiz, sochingizni yaxshilab qirqib qo’yishadi, ko’rinishim ham yaxshi bo’lib qoladi”, - deydi mijozlardan biri.
Diyego bir necha o’n yillardan beri sartarosh. Sog’ligi a’lo bo’lmasa-da, ishini tashlash xayoliga kelmaydi.
“Jiddiy aytayapman, ishimni yaxshi ko’raman. Odamlarni, ular bilan ko’rishish, gaplashish, xizmat ko’rsatishni yoqtiraman, ham pul ishlayman”, - deydi Diyego Deambrosiyo.
Mijozlar, hatto birga ishlaydiganlar ham uning yoshini bilmaydi. Qachon nafaqaga chiqishini taxmin ham qilolmaydi.
“Ko’rinishi doim bir xil, uning yoshini bilmaymiz”, - deydi sartaroshning yordamchilaridan biri.
Xo’sh, buning siri nimada?
“Odam hech ham kasalman, yoki qarib qoldim deb o’ylamasligi kerak”, - deydi u.
Diyego Deambosiyoning eshiklari doim ochiq. “Sartaroshxona yopildi” degan yozuvni ko’rmaysiz, deydi u.
Facebook Forum