AQSh kelasi 10 yilda sog’liqni saqlash sektorida mutaxassislar yetishmovchiligi bilan yuzlashadi. Mamlakatga 120 ming shifokor kerak, chunki aholi o’sib va keksayib borayapti. Immigrant tibbiy xodimlar va vrachlarni jalb qilish muammoga qisman yechim bo’la oladi.
Amerikaning qishloq hududlarida katta bir muammo bor: shifokorlar yetishmayapti. Pensilvaniyaning Denvil shaharchasida 4600 odam yashaydi. Bu yerga eng yaqin kasalxona bir soatlik yo’l.
Shahardagi yagona tibbiy markazda taxminan 30 ming odam ishlaydi. Hamshira va bemorlar nisbati optimal bo’lsin desak, chet eldan mutaxassislarni jalb qilish kerak, deydi markaz xodimlari.
“Amerikadagi boshqa kasalxonalar kabi biz ham keksayib borayotgan aholi bilan yuzlashib turibmiz. Ishchi kuchi ham yosh emas. Bu muammoni qanday yechish haqida hozirdan o’ylash kerak”, - deydi hamshira Kristal Mutler.
Tibbiy markaz Hemoy Drammond singari xalqaro hamshiralarga murojaat qilmoqda. U Yamaykadan.
“Ikki qizim bilan boshqa yurtga ko’chib, yashash oson emas. Lekin shunga qaror qildik”, - deydi Drammond.
Hozirda AQShda hamshiralarning qariyb 15 foizi, qariyalarga qarovchi xizmatchilarning 23 foizi muhojirlar. Gaysinger kasalxonasi kasbiy o’sish imkoniyatlarini taklif etadi.
“Maqsadim nevrologiya bo’yicha sertifikat olish. Keyinchalik hamshiralar ustida bosh bo’lmoqchiman”, - deydi yamaykalik hamshira.
Kelasi 10 yilda AQSh sog’liqni saqlash sektorida 1,3 million ish o’rinlari ochilishi kutilmoqda. Bu o’rinlarni to’ldirishda kasalxonalarga yordam zarur. Shifokorlar, qariyalarga qaraydigan xizmachilar kerak, ayniqsa qishloq joylarida.
"Shaharlarda har 100 ming aholiga 200 ta shifokor to’g’ri keladi. Ammo qishloq joylarda ahvol yaxshi emas - 100 ming odamga 82 ta shifokor qaraydi”, - deydi tadqiqotchi Endryu Lim.
May oyida Prezident Tramp immigratsiya tizimini o’zgartirish takliflarini e’lon qildi. Agar ovozdan o’tsa, bu loyiha tibbiyot sohasida qanday o’zgarishlar yasashi noma’lum.
Chambersburg kasalxonasi ham chet ellik ishchilarga tayanmoqda. Shifokorlarining yarmi boshqa davlatlardan.
“Intervyularimizga amerikalik bitiruvchilar kam keladi. Ehtimol ular kichik shaharda yashashni, ishlashni xohlamaydi. Amerikalik 10 kishini suhbatga chaqirsak, bittasi keladi”, - deydi doktor Golam Mustafo.
“Amerika Ovozi” bu kasalxonada xorijlik 10 vrach bilan gaplashdi. To’qqiztasi shu ishda qolmoqchi.
“Bemorlar bilan ishlash, umuman ishimni yoqtiraman. Ko’pincha shifokor bir joyda ishini boshlaganidan keyin o’zining bemorlari paydo bo’ladi, boshqa joyga ko’chishi qiyin bo’ladi”, - deydi shikofor Ragav Tirupati.
U kabi hindistonlik shifokorlar AQShda yashash va ishlash huquqini beruvchi grin-kartani uzoq kutishi kerak, chunki navbatda turganlar ko’p. Shu shaharchada qolib, ishlashga tayyorman, deydi u.
Facebook Forum