Breaking News

G'arb Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotini tanqid qilmoqda


Rossiya Havo va kosmik kuchlari Suriyada "Islomiy davlat" obyektlarini nishonga olishda davom etayotganini bildirmoqda. Guruh infratuzilmasi va ta'minot tizimiga jiddiy zarar yetgan, deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

So'nggi 24 soat ichida jangarilarga jami 10 joyda zarba berilgan, aksariyat nishonlar g'arbdagi Idlib va Raqqa shahrida urilgan. "Islomiy davlat" Raqqani o'z poytaxti deb e'lon qilgan.

Britaniyadan turib Suriyadagi vaziyatni yorituvchi guruh ma'lumotiga ko'ra, Rossiya jangovar samolyotlari Hims va Hamoni ham nishonga olgan.

G'arb hukumatlari Rossiyani Prezident Bashar Assad rejimiga qarshi kurashayotgan mo'tadil muxolif kuchlarga zarba berayotganlikda ayblab keladi.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameronning aytishicha, Suriyada rahbariyat yangilanmas ekan, vaziyat barqarorlashmaydi.

"Rossiya jallod Assadni himoya qilib, katta xatoga yo'l qo'ymoqda. Bunday siyosat natijasida mintaqa yanada beqarorlashadi, terrorizm kuchayadi, aholi tez radikallashadi", - deydi Kameron.

Britaniya mudofaa vazirining aytishicha, Rossiya havo hujumlarining atigi 5 foizi ekstremistlarga tekkan.

AQSh rahbari ham Rossiya hujumlarini tanqid qilib, Putin bu ishga zaifligidan qo'l urganini aytadi.

Obamaga ko'ra, ruslar "Islomiy davlat" jangarilarini ham, Assadga qarshi kurashayotgan mo'tadil muxolifatni ham nishonga olmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG