Breaking News

Rossiya va AQSh razvedka bo'yicha hamkorlikni kuchaytirmoqchi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) va AQSh rahbari Barak Obama Meksikada o'tgan xalqaro yig'inda o'zaro suhbatlashmoqda, Los-Kabos, Meksika, 18-iyun, 2012-yil.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) va AQSh rahbari Barak Obama Meksikada o'tgan xalqaro yig'inda o'zaro suhbatlashmoqda, Los-Kabos, Meksika, 18-iyun, 2012-yil.
Bostondagi portlashlar ortidan Oq uy va Kreml xavfsizlik borasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgan. Terror xurujini amalga oshirganlikda ayblanayotgan Joxar Sarnayevning akasi, politsiya bilan otishma paytida yaralanib halok bo’lgan Temurlan Sarnayev haqida Rossiya xavfsizlik xizmati AQShni oldindan ogohlantirganiga doir ma’lumotlar bor.

O’tgan hafta Bostonda ro’y bergan portlashlarda chechen millatiga mansub ikki aka-uka ayblanmoqda. Ayni paytda Rossiya va AQShning xavfsizlik bo’yicha mutaxassislari nega Temurlan Sarnayev haqida ikki yil oldin aytilgan ogohlantirish e’tiborsiz qoldirilgani ustidan bahs qilmoqda.

Rossiya va AQShning razvedka bo'yicha hamkorligi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:58 0:00
Yuklab oling

Rossiya xavfsizlik xizmati faoliyatini kuzatuvchi Agentura.ru saytining rahbari Andrey Soldatov muammoni ikki mamlakat o’rtasida yaqin hamkorlikning yo’qligi bilan izohlaydi.

“Nozik ma’lumotlarni o’rtoqlashish haqida gapiradigan bo’lsak, Rossiya va Amerikaning bu borada aloqalari yaxshi emas”, - deydi u.

Nyu-York universitetida Rossiya va AQSh xavfsizlik xizmatlari bo’yicha ekspert professor Mark Galleotti ham shunday fikrda.

“Razvedka bobida hamkorlik qilish uchun boshqa davlatni yaxshi ko’rish shart emas”, - deydi u.

2011-yilda Rossiya iltimosiga ko’ra, AQSh Federal qidiruv byurosi (FBR) Temurlan Sarnayevni so’roqqa tutib, xorijiy safarlari tarixi va internetdagi faoliyatini tekshirgan. FBRning aytishicha, gumondorda shubhali biror holat topilmagan.

2012-yilning yanvarida do’stlari va qarindoshlarini ko’rish uchun Sarnayev Rossiyaga borib, Do’giston va Chechenistonda olti oy yashaydi. Rossiya janubidagi bu ikki o’lka ko’p yillik urush va diniy nizolar o’chog’i sifatida tanilgan.

O’tgan yil iyul oyida AQShga qaytgach, Temurlan aeroportda immigratsiya xodimlari tomonidan so’roqqa tutiladi, ammo yana xavotirga arzigulik biror muammo topilmaydi.

“YouTube” saytida Temurlan Sarnayev nomi bilan ochilgan sahifa mavjud. U yerda jihodga targ’ib qiluvchi bir necha video to’plam tarzida saqlab qo’yilgan. Videolarning ayrimlari saytga Rossiyaga qarshi kurashayotgan “Kavkaz amirligi” jangari guruhi tomonidan qo’yilgani aytiladi.

Sarnayev FBR tomonidan suhbatga tortilgani bois uning o’tgan yili AQSh fuqaroligiga topshirgan arizasini ko’rib chiqish noma’lum muddatga qoldiriladi. Shundan bir oz o’tib Rossiya Sarnayev masalasida yana FBRga murojaat qiladi.

“NBC News” tarqatgan xabarga ko’ra, Rossiya xavfsizlik xizmati AQShga Sarnayevning Dog’istonda taniqli jangari bilan uchrashgani haqida ma’lumot bergan. AQSh bu borada biror tekshiruv o’tkazgani haqida ma’lumot yo’q.

Rossiya muxolifati vakili Vladimir Milov AQSh xavfsizlik xizmatini sustkashlikka yo’l qo’ygan deb hisoblaydi.

“Bu yigitlardan ehtiyot bo’lish kerakligi haqida ularni Rossiya ogohlantirgan edi. Ular esa quloq solmadi. Natijada bu ish fojeaga olib bordi”, - deydi u.

O’tgan hafta Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh rahbari Barak Obamaga qo’ng’iroq qilib, xavfsizlik masalasida o’zaro axborot almashishni kuchaytirish lozimligi haqida gaplashgan.

Tahlilchi Mark Galleotti bu borada hamkorlikning rivojlanishiga shubha bilan qaraydi.

“Muammo shundaki, uzoq yillardan beri har ikki tomon bir-biriga shubha bilan qaraydi. AQSh rasmiylariga ko’ra, Rossiya hukumati o’zi yoqtirmagan har qanday odamni Al-Qoida yoki boshqa guruhlarga bog’lashi mumkin. Ayni paytda Kreml AQShning Rossiya ichki mojarolariga aloqador ko’plab ma’lumotlarni o’zida saqlayotganiga ishonadi”, - deydi mutaxassis.

Yakshanba kuni “Kavkaz amirligi” Bostondagi portlashlarga aloqasi yo’qligini e’lon qildi. Jangari guruh faqat Rossiyaga qarshi kurash olib borayotganini aytadi.

Ayrimlar fikricha esa, Temurlan Sarnayev yolg’iz harakat qiluvchi terrorchilar toifasiga mansub. Bundaylar xurujlarni qanday amalga oshirishni, asosan, internet orqali o’rganadi.

Ekspert Soldatov bunga ishonmaydi.

“Terror xurujlariga aloqador bunday odamlar qaysidir darajada boshqa terrorchi guruhlar bilan bog’liq bo’ladi. Moliyaviy yordam berishda, tayyorgarlikdan o’tkazish hamda portlovchi moddalar bilan ta’minlashda ularning ishtiroki bo’ladi”, - deydi rus tahlilchisi.

Amerikalik ekspert Galleotti esa yolg’iz terrorchilarning yanada xavfliroq ekanini aytadi.

“Yolg’iz harakat qiluvchi bunday odamlarni hech kim yollamagan, aksincha ular o’zlarini o’zlari yollagan. Muammo shundaki, ularni aniqlash juda qiyin”, - deydi u.

Shimoliy Kavkazda bir necha yillardan beri isyonchi guruhlar faol harakat olib boradi. Ular sodir etgan so’nggi zo’ravonliklar haqida Rossiya hukumati o’tgan hafta yangi hisobot chiqargan.

Unga ko’ra, joriy yilning dastlabki uch oyi davomida Kavkazda 47 ta otishma va qo’poruvchilik harakati sodir etilgan. Oqibatda 39 kishi halok bo’lgan, 100 dan ortiq odam jarohatlangan. Qurbonlarning aksariyati askarlar yoki politsiya xodimlari ekani aytiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG