Breaking News

Shangri-la muloqotida AQSh-Xitoy ziddiyati, Ukraina urushi muhokama etildi


Zelenskiy Shangri-la muloqotida ma'ruza qilyapti, Singapur, 2-iyun, 2024-yil
Zelenskiy Shangri-la muloqotida ma'ruza qilyapti, Singapur, 2-iyun, 2024-yil

O’tgan hafta Singapurda o’tkazilgan an’anaviy Shangri-La xavfsizlik sammitida AQSh va Xitoy mudofaa rasmiylari Osiyo xavfsizligi bo’yicha bir-biridan farqli qarashlar bildirdi.

Xalqaro hayot - 3-iyun, 2024-yil - Netanyaxu Kongressga taklif etildi. Zelenskiy Xitoydan xafa
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:07 0:00

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin xitoylik hamkasbi Dun Dzyun bilan ilk bor yuzma-yuz uchrashdi. Xitoy bungacha yuqori darajali uchrashuvlarga rozi bo’lmay kelayotgan edi.

“Biz hamisha almashinuv va hamkorlikka ochiqmiz, biroq buning uchun qarshi taraf ham javob qadamini qo’yishi kerak”, - dedi Dun.

Muloqot chog’ida taraflarning ayrim kelishmovchiliklarni hal qila olmasligi ayon bo’ldi.

"AQSh xalqaro tartibning eng katta buzg’unchisidir, global boshqaruvdagi muvaffaqiyatlarga eng katta to’siqdir, mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka eng katta muammodir”, - deydi xitoylik generallardan biri.

AQSh mudofaa vaziri urushning oldini olishga, muloqotni tiklashga chaqirdi.

“Muloqot doim ham ko’ngildagidek bo’lmasligi mumkin. Ammo gaplashishda davom etish muhimdir”, - deydi Lloyd Ostin.

Uchrashuv chog’ida Amerika rasmiylari Xitoyning yaqinda Tayvan atrofidagi ikki kunlik harbiy mashg’ulotlari, Janubiy Xitoy dengizidagi vaziyat, Xitoy kemalarining Filippin kemalariga tajovuzlari yuzasidan xavotir bildirdi.

Filippin Prezidenti kenja Ferdinand Markos bunday vaziyatda mamlakatining fuqarosi halok bo’lsa, Filippin chora ko’rishi haqida ogohlantirdi.

Xitoy va Filippin o’rtasidagi nizo esa AQSh va Filippin o’rtasida imzolangan mudofaa bitimining harbiy yordam haqidagi bandlarini harakatga keltirishi mumkin.

Zelenskiy Xitoy tinchlik anjumanida qatnashmasligidan norozi

Shangri-La muloqotida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham qatnashdi, qator davlat rahbarlari va rasmiylari bilan uchrashib, Ukraina tashabbusi bilan 15-16 iyunda Shveysariyada bo’ladigan tinchlik anjumanini qo’llab-quvvatlashni so’radi.

Tadbirda 106 mamlakat va xalqaro tashkilot vakillarining ishtiroki kutilmoqda. Biroq Braziliya, Xitoy, Saudiya Arabistoni kabi Rossiyaga hamkor davlatlar Rossiya taklif etilmagani uchun anjumanda qatnashmasligini bildirgan. AQSh Prezidenti Jo Bayden ham Shveysariyaga bormaydi.

Zelenskiy Xitoy rejasidan norozi ekanini bildirib, uni Rossiyaga anjumanni izdan chiqarishga yordam berayotganlikda aybladi. Ukraina rahbari nazarida, Rossiya shu maqsadda Xitoyning mintaqadagi ta’siridan, diplomatlaridan foydalanmoqda.

“Afsuski, Xitoydek katta, mustaqil va qudratli davlat Putin qo’lida qurolga aylandi”, - deydi Zelenskiy.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Shveysariyadagi anjuman Pekin talablariga javob bermasligini ma’lum qildi.

Jang maydonida askarga o’tkir ehtiyoj sezayotgan Ukraina qamoqdagi mahbuslarni urushga jalb qila boshlagan. Hozircha 4500 dan oshiq mahbusdan amnistiya evaziga urushda qatnashish uchun ariza tushgan.

Rossiyada ham o’n minglab odam qamoqxonalardan urushga yollangan, minglab mahbus halok bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG