Breaking News

Raqqani ozod etish amaliyoti hanuz boshlanmadi


Kurd jangchilar
Kurd jangchilar

"Islomiy davlat" to'dasini Suriyaning Raqqa shahridan haydab chiqarish amaliyoti boshlanishi haqida o'tgan oylarda bir necha bor e'lon qilindi. AQShning jang maydonidagi ittifoqchisi bo'lgan kurd qo'mondonlar belgilagan yana bir muhlat - 1-aprel ham o'tib ketdi. Raqqa jihodchilar poytaxti bo'lib qolmoqda.

Suriya Prezidenti Bashar al-Assad shaharni kim ozod qilmoqchi bo'lsa, qo'llab-quvvatlaymiz der ekan, operatsiya bir necha bor qoldirilganini mazax qildi. AQSh harbiylariga ko'ra, Raqqani taxminan to'rt ming jangari himoya qilmoqda.

"Shaharni tozalaymiz degan gaplarni bir yildan beri eshitamiz. Shu paytgacha hech narsa o'zgarmadi. Bu ishni kim bajaradi, ma'lum emas", - deydi Suriya rahbari.

15-aprel kuni Vashingtonda Turkiya Mudofaa vaziri Fikri Ishik bilan muloqot qilgan Pentagon rahbari Jim Mattis ham harbiy operatsiya qachon boshlanishi haqida og'iz ochmadi. Vaziyatni chigallashtirayotgan omillardan biri Anqara qo'yayotgan talabdir, ya'ni Qo'shma Shtatlar kurd jangchilar bilan aloqani va ularga yordamni uzishi kerak.

Vashington esa bu talabga ko'nmayapti. Rasmiylarning aytishicha, Raqqa uchun kurash qo'shni Iroqda bo'lgani kabi turli xil mahalliy guruhlarni o'z ichiga oladi. Ularni tayyorlash uchun AQSh ham Suriya shimoliga maxsus kuchlarni safarbar etgan.

Mudofaa vaziri Jim Mattisga ko'ra, "Islomiy davlat" guruhi va terrorchi guruhlar ro'yxatiga kiritilgan Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi kurashda AQSh Anqara bilan hamfikr. Ammo vazir suriyalik kurdlar bilan aloqani uzish to'g'risida lom-mim demadi.

Anqaraning xavotiri shuki, kurdlar Turkiya bilan chegaradosh hududlarni egallab, mustaqil davlat yaratmoqchi.

Bu orada, Raqqa shahri tunu-kun AQSh boshchiligidagi koalitsiya hamda Suriya aviatsiyasi tomonidan bombardimon qilinmoqda. Mahalliy faollar harbiy inshootlar va aholi yashaydigan punktlar birdek nishonga olinayotganidan shikoyat qiladi.

Suriyada o'z manbalariga ega britaniyalik faollar ma'lumotiga qaraganda, 1-mart va 10-aprel oralig'ida havo hujumlarida 224 kishi o'lgan, jumladan, ayollar va bolalar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG