Breaking News

AQSh ilk bor eng yirik noyadroviy bombasini qo'lladi


GBU-43B bombasi, 11 tonnalik portlovchi modda, yadroviy emas. Ilk bor 2017-yilning 14-aprelida Afg'onistonda "Islomiy davlat"ga qarshi qo'llandi.
GBU-43B bombasi, 11 tonnalik portlovchi modda, yadroviy emas. Ilk bor 2017-yilning 14-aprelida Afg'onistonda "Islomiy davlat"ga qarshi qo'llandi.

Prezident Donald Tramp fikricha, AQSh qurollari kuchlari dunyodagi eng kuchlisi ekanini yana bir bor isbotladi. Afg'onistonning Nangarhor viloyatida "Islomiy davlat"ga qarshi eng yirik, noyadroviy bomba ishlatildi. 11 tonnalik portlovchi modda.

“Yana bir muvaffaqiyat”, - deydi Tramp. "O'tgan sakkiz hafta ichidagi ishimizni o'tgan sakkiz yil bilan qiyoslasangiz, farq yaqqol ko'zga tashlanadi".

"Islomiy davlat" Afg'onistonda qonli xurujlar qilib kelmoqda. Yaqinda Kobulda 30 dan oshiq odamni o'ldirdi.

Lekin bu terror to'dasi Iroq va Suriyada ko'proq faol va yirik jangari kuch. Afg'onistondagi faoliyat ancha tor, deya tan oladi rasmiylar.

Harbiy tahlilchi Rebeka Zimmermanning tushuntirishicha, bomba muayyan manzildagi muayyan odamlarni nishonga olish uchun qo'l keldi. Begunoh fuqarolar, tinch aholi orasida o'lim ehtimolini kamaytirish uchun bu bomba Iroq va Suriyada qo'llanilmay keladi. Olis joydagi yakka obyektga qarshi mo'ljalllangan.

"Eng katta bombani qo'llab, Amerika terroristlarga bir narsani aniq bildirmoqda: qayerda bo'lmang, nishondasiz; ayovsiz qirilasiz. AQSh jim turmaydi".

Nangarhor viloyati
Nangarhor viloyati

Pentagon sobiq rasmiysi, hozirda tahlilchi Lorens Kalb izohicha, bu bomba yerosti obyektlarini ham barbod qiladi. Bunkerlar va ulardagi odamlar ham yo'q bo'ladi. Pokiston bilan chegarada "Islomiy davlat" va boshqa jangarilar uzun tunnellarga ega. Ana'naviy bombalar ularni vayron qilolmaydi.

36 kishi o'lgan. Hammasi jangarilar, deya tasdiqladi afg'on hukumati.

Tomas Jonson, mojarolar va harbiy strategiya bo'yicha yetakchi mutaxassis tahlilicha, bu bomba AQSh qudratini aks ettirsa-da, terrorizmga qarshi kuchli vosita emas. Jangarilar kamayadi, ko'payadi, lekin asl maqsad nima?

Olim nazarida Amerika terrorizm ildiziga e'tibor qaratib, omillarga qarshi chora ko'rishi kerak.

Jonson ko'plab toliblar "Islomiy davlat" ga qo'shilganini iqtisodiy sabablarda ko'radi. Oyiga 700 dollar uchun qaysi afg'on yo'q deydi? Umrini qurol ko'tarib o'tkazgan odamlar uchun "Islomiy davlat" yana bir imkoniyat.

Terror guruhlarini moliyaviy manbalardan ayirish lozim. Al-Qoida, Tolibon va "Islomiy davlat" ga qarshi ko'rilgan mana shunday choralar o'tgan yillarda ularni ancha zaiflashtirgan. Amerika shu yo'lda davom etsin, deydi Jonson. Markaziy Osiyo singari terrorchilar odam yollayotga mintaqalardagi tub muammolarga diqqat qilish kerak, deydi u.

Yana bir ekspert Bill Gudfellou deydiki, Tolibonni ko'zdan qochirmaslik kerak. Tolibon, afg'on hukumati va fuqaro jamiyati orasida murosaga erishmas ekanmiz, deydi u, tinchlik bo'lmaydi. Pokistonni ham bu borada chetlab o'tolmaysiz.

AQShning Afg'onistondagi qo'mondoni, general Jon Nikolson, Kobul, 14-aprel, 2017
AQShning Afg'onistondagi qo'mondoni, general Jon Nikolson, Kobul, 14-aprel, 2017

Afg'onistonning AQShdagi elchisi Hamidulla Mohibning aytishicha, Nangarhor viloyatidagi harbiy operatsiyalar haqida tomonlar aniq ma'lumotga ega bo'lgan. Vashington va Kobul kelishib ish ko'rgan. Hudud terrorchilar tomonidan minalangan va afg'on harbiy kuchlari u yerlarga yaqinlasha olmayotgan edi.

AQShning Afg'onistondagi qo'mondoni, general Jon Nikolson deydiki, bomba tashlash - taktik qadam.

“Aynan shunday hollarda ishlatilishi ko'zlangan qurol edi bu", - deydi general.

Afg'onlar orasida munosabat turlicha. "Amerika Ovozi" bilan gaplashganlar hukumatlar kelishib ishlayotganidan mamnun.

“Terrorchilar ko'p, aynan o'sha tomonlarda "Islomiy davlat" odamlari talay. Biror fuqaro o'lmaganidan xursandman. Jangarilarni qirib yaxshi qilishdi", - deydi Nangarhor viloyatidan bir afg'on.

Ko'plab afg'onlar terrorizmga qarshi kurash ilg'or qurollarsiz kechmasligini tushunadi lekin ularning xavotiri shuki, Afg'onistonda yangi vositalar sinab ko'riladigan maydonga aylanib qolishi mumkin. Boshqalar fikricha esa allaqachon shunday.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG