Breaking News

Qizil Xoch Suriyadagi qamoqxonalarni tekshirishga tushdi


Misrda Suriya xalqini qo'llab-quvvatlab namoyishlar o'tgan
Misrda Suriya xalqini qo'llab-quvvatlab namoyishlar o'tgan

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi Suriyadagi turmalarni ko’zdan kechirmoqda. Mart oyida qo’zg’olon boshlanganidan beri xalqaro tashkilot mamlakatga kirishga endi ruxsat olgan.

Qizil Xoch rahbari Yakob Kellenberger boshliq delegatsiya kecha poytaxt Damashqdagi qamoqda bo’lib qaytgan.

“Yakshanbadan beri Hims, Xama, Idlib, Latakiya, Jisr al-Shugur va qator boshqa shaharlarga borib, yegulik, dori-darmon tarqatdik”, - deydi Qizil Xoch vakili Xisham Hasan. “Undanda ko’p shaharlarga kira olsak, yaxshi bo’lar edi”, - deydi u.

Qizil Xoch matbuot kotibi Karla Xadad Mardini fikricha, Suriya hukumati delegatsiyani qabul qilib, katta ish qildi. “Bunday tashriflar muntazam ravishda o’tishi va prezident Bashar al-Assad bunga ruxsat berishi muhim”, - deydi u.

Madrinining aytishicha, qamoqlarda necha kishi saqlanayotgani va turmalar soni maxfiy ma’lumot. Qo’mita yig’gan axborot, xulosa va tavsiyalar Suriya hukumatiga taqdim etiladi, deydi u.

Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi rahbari Yakob Kellenberger
Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi rahbari Yakob Kellenberger

“Yana bir muhim shart – mahbuslar bilan yuzma-yuz, alohida gaplashib, arzini tinglay olish. Bu shikoyatlarni keyin qamoqxona mulozimlari bilan bo’lishamiz. Va oradan ko’p o’tmay o’sha turmalarga takror-takror boramiz, shartlar bajarilgan-bajarilmaganini tekshiramiz”, - deydi Madrini.

Qizil Xoch rahbari Yakob Kellenberger iyul oyida ham Suriyaga borib, prezident Bashar al-Assad bilan uchrashgan edi. Kellenberger yaradorlar, bemorlar tezkor yordamga muhtoj ekanini eslatgan. U Suriyada mavjud gumanitar ahvoldan xavotir bildirib, hukumat xatti-harakatlarini qayta ko’rib chiqishga, xalqaro qonunlarga rioya qilib, xalqqa jabr qilmaslikka undagan.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti hisob-kitobiga qaraganda, mart oyidan beri qamalgan fuqarolardan 88 nafari o’lgan. BMTning bildirishicha, bahordan beri Suriyada 2200 odam nobud bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG