Breaking News

NATO Turkiya mudofaasiga shay, lekin zarurat bo’lmaydi degan umidda


Suriyalik qochqinlar
Suriyalik qochqinlar
Suriya chegarada otishmani bas qilmasa, Turkiya keskinroq javob qaytarishga majbur bo’ladi, deydi Turkiya Qurolli kuchlari boshlig’i, general Nejet Ozel. General bugun chegaradagi Akchakala qishlog’ini va harbiy postlarni ko’zdan kechirgan.

Hudud o’tgan hafta hujumga uchrab, Turkiyaning besh fuqarosi halok bo’lgan, ketidan bu davlat kuchlari Suriyaga bir necha kun o’q yog’dirgan edi. Suriya, ma’lumki, o’tgan yilning martidan beri qo’zg’olon va olishuvlar girdobida.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyip Erdog’an Istanbulda Islomiy Hamkorlik Tashkiloti anjumanida so’zlab, Suriya hukumatiga dakki berdi. Prezident Bashar al-Assad ma’muriyati xatti-harakati insoniyat, butun islom dunyosi bag’rini xun qilmoqda, deydi u.

Erdog’an so’zlariga ko’ra, bugun Turkiyada 99 ming suriyalik jon saqlamoqda. Hukumat va isyonchilar bir-birini talagani sari, ko’proq odam qo’shni yurtlarga qochishi aniq, deydi u.

Qo’shma Shtatlar Iordaniyaga qochqinlar masalasida yordam berish uchun 150 mutaxassis safarbar etgan. Mojaro ko’lami oshsa, Suriya ommaviy qirg’in quroli ustidan nazoratni boy bersa, nima qilish kerak? Bu ekspertlar guruhi mana shu xavf ehtimoliga tayyorgarlik ko’rish bilan ham band.

Guruh Iordaniyadagi harbiy bazada joylashgan. Bu davlat esa Qo’shma Shtatlarning Yaqin Sharqdagi yaqin ittifoqchilaridan biri. Uning rahbari, Qirol Abdulla arab dunyosida birinchilarda bo’lib Assadni ketishga chaqirgan edi. BMT hisobicha, hozir Iordaniyada 100 mingdan oshiq suriyalik qochqin bor.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen deydiki, alyans Turkiya mudofaasiga shay. Biroq arbob bunga zarurat tug’ilmaydi degan umidda.

“Turkiyani himoya qilish uchun hammasi taxt qilib qo’yilgan. Ammo bungacha bormas. Tomonlar urush yanada alanga olmasidan lozimini qilib, ziddiyatga siyosiy yechim topishiga ishonamiz”, - deydi Rasmussen.

Uning so’zlariga qaraganda, Suriya hukumatini tinchlik va diplomatiyaga ko’ndirish avvalo BMT Xavfsizlik Kengashi bo’ynida.

“Xavfsizlik Kengashi shu paytgacha qonuniy, majburiy yechim bilan chiqa olmagani afsuslanarli hol”, - deydi NATO bosh kotibi.

Rossiya va Xitoy, BMT Xavfsizlik Kengashida veto huquqiga ega davlatlar, Assadga qarshi kuch qo’llashga doir har qanday tashabbusni to’sib keladi.
Suriyalik oilalar qo'shni davlatlarga bosh olib ketmoqda.
Suriyalik oilalar qo'shni davlatlarga bosh olib ketmoqda.

Bir yarim yildan oshibdiki, Suriya notinch. Urush oxirgi paytlarda NATO a’zosi Turkiyani domiga torta boshlagan. Rasmiy Damashq qo’shni bu mamlakatga ziyon qilmoqchi emas edik deydi, lekin Anqara javob o’qi qaytargan.

To’qnashuv ketidan NATO elchilari favqulodda majlis o’tkazib, Turkiya bilan yakdil ekanini bildirgan.

Lekin alyans bundanda keskin chora ko’rmoqchi emas.

Harbiy blok ekspertlarining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, NATO Suriyadagi urushni jilovlash uchun yetarli salohiyatga ega. Lekin jahon yetakchilari bir to’xtamga kelmas ekan, alyans aralashmaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG