Tunisda 2010-yil oxirida boshlanib, 4 hafta davom etgan inqilob natijasida mamlakatni 24 yil boshqargan prezident Zaynobiddin bin Ali hokimiyatdan ketib, arab dunyosida demokratik o’zgarishlar uchun yo’l ochilgan edi. Biroq shundan 10 yil o’tib, prezidentlikka 2019-yilda kelgan Kais Said o’tgan yili parlamentni tarqatdi, 25-iyulga belgilangan konstitutsion referendum orqali vakolatlarini kuchaytirishga intilmoqda.
Prezident taklif etayotgan yangi konstitutsiya 2014-yil qomusini yangilashga qaratilgan.
Ba’zi kuzatuvchilar Tunis inqilobi naijasida erishilgan yutuqlar boy berilishidan xavotirda. Prezident Saidning o’zi referendum mamlakatni inqilobning asl tamoyillariga qaytarishini maqsad qilishini aytadi, ya’ni xalq manfaatlarini ustun qo’yishga qaratilgan tamoyillarga.
Huquq himoyachilari va muxolifat unga ishonmas ekan, fuqarolarning bir qismi referendumni boykot qilmoqda.
“Kais Said barcha hokimiyat uning qo’lida bo’ladigan diktaturani o’rnatishga harakat qilyapti. Referendum natijasi oldindan ma’lum”, - deydi “Annahda harakati” (Tiklanish) siyosiy maslahatchisi Rizo Driss.
Yangi konstitutsiya loyihasi ustida yil boshida ishlagan ekspertlar komissiyasining rahbari ham uning yakuniy ko’rinishini tanqid qildi.
“Prezident nazarida mamlakat poraxo’r elita qo’lida bo’lgan va u davlatni to’g’ri yo’lga qaytarmoqchi. Muxolifat nazarida esa prezident konstitutsiyani o’zi uchun tayyorlamoqda, bu esa demokratiyani, demokratiyaga o’tishni barbod qiladi”, - deydi tahlilchi Nodira Sharif.
Ko’p tunisliklar kundalik turmushi uchun kurash bilan ovora ekan, siyosat bilan ishi yo’q. Mamlakatda ishsizlik kuchaymoqda, inflyatsiya o’syapti. Ko’plar yangi konstitutsiya matnidan bexabar ekanini aytadi.
“Prezidentim va vatanimni sevganim uchun referendumda ovoz beraman”, - deydi bir tunislik.
Inqilobdan so’ng 2014-yil konstitutsiyasini tayyorlashga ikki yil vaqt ketgan edi. Unda prezident va parlament vakolatlari teng taqsimlangan edi. Biroq konstitutsiya Tunisning iqtisodiy va siyosiy muammolarini hal qilishda yordam bermadi.
Prezidentlikka 2019-yil kelgan Said ham muammolarni hal etishga ojizlik qildi. Davlat rahbari janjallarga moyil parlamentni tarqatishga majbur bo’ldi. Ba’zilar uning bu qarorini olqishladi.
“Said shu tobda siyosiy sahnadagi eng mashhur insondir. Muxolifatdagi barcha partiyalarni qo’shib solishtirganda ham Saidning xalq orasida obro’si balandroq. Nazarimda, muxolif partiyalarning aksariyati xalq nazaridan qolgan”, - deydi tahlilchi Sharif.
Kuzatuvchilar saylovchilarning dushanba kungi referendumda faol bo’lmasligini, biroq konstitutsiya qabul qilinishini bashorat qilmoqda.
Facebook Forum