Turkiyada ijtimoiy va iqtisodiy inqiroz chuqurlashar ekan, yoshlar xorijda ta'lim olishga intilmoqda.
“Turkiyadagi terror xurujlari, siyosiy beqarorlik va xavfsizlikka oid xavotirlar sababli xorijga o’qishga ketmoqchi bo’lgan turklar ko’paydi”, - deydi chet elda tahsil olish masalasida maslahat beruvchi Rahmi Ma'sud Yilmaz.
“Jumhuriyat” gazetasiga ko’ra, 2009-yildan buyon o'zga mamlakatlarda o’qishni istovchi talabalar soni har yili ikki baravarga oshmoqda.
Istanbuldagi "Robert Kolleji" nomli xususiy maktabda 196 nafar yuqori sinf o’quvchisidan 151 nafari chet davlatlarida o’qish uchun ariza topshirgan.
"Anatoliya" axborot agentligiga ko’ra, turkiyalik talabalar xorijda o’qish uchun yiliga qariyb 1,5 milliard dollar sarfaydi. Har yili 900 ming yigit-qiz chet elga, asosan Britaniya, AQSh, Malta, Kanada, Avstraliya va Germaniyaga ketadi.
Jahon banki ma’lumotiga ko’ra, xorijda tahsil olayotgan talabalar soni bo’yicha Turkiya dunyoda 11-o’rinda.
“Yoshlarni xorijda ta’lim olish va ish topishga undayotgan qator omillar bor. Eng asosiysi - iqtisodiy beqarorlik. 15-iyulgi davlat to’ntarishiga urinishdan keyin bu sabablar yanada kuchaydi", - deydi Anqaradagi Yaqin Sharq Texnologiya universiteti professori, mavzu bo'yicha izlanish olib borayotgan Aysit Tansel.
Yoshlarning kelajakdan umidi yo’q, deya qo’shimcha qiladi u.
Istanbulning Bilgi universitetida tahsil olayotgan Duygu Balli Turkiyada imkoniyatlar cheklangan, deydi.
“Turkiyadagi terror xurujlari, iqtisodiy qiyinchiliklar va xalq orasida kelajakka oid xavotirlar talabalarni xorijga ketishga majburlamoqda, - deydi chet elda magistraturada o’qishni rejalayotgan bu talaba.
Yaqinda Nyu-Yorkning Siti universitetini bitirgan Ergulen Tuproq esa Turkiyada matbuot erkinligi cheklanayotganini va mustaqil jurnalistlarning hibsga olinayotganini aytib, aynan shu bois AQShda qolmoqchi ekanini bildirdi. U axborot fakultetida tahsil olgan.
“AQShda ommaviy axborot vositalarining birida ishlab, tajriba orttirmoqchiman. Turkiya jurnalistlar uchun xavfli o'lka. Menga ko’plar qo’ng’iroq qilib, AQShda qanday qilib o’qishga kirsam bo’ladi, deb so’raydi. Vatanimdagi vaziyat tezda yaxshi tarafga o’zgaradi degan umiddaman”, - deydi yigit.
Xorijiy o’quv maskanida tahsil olgach, ko'p turklar o’sha yerda ish topib qolishga harakat qiladi.
“Yigit-qizlarimiz xorijda o’qishni bitirishi bilan o’sha mamlakatda ish qidira boshlaydi. Turkiyada tanish-bilishchilik kuchli, ish topish qiyin, deydi ular. Ko’plar mendan vatanda kelajak qanday, imkoniyatlar bormi, deb so’raydi”, - deydi Tansel.
Turkiyada tahsil olayotgan yoshlar esa ilm sohasida vaziyat yomonlashayotganidan xavotirda.
“Davlat to’ntarishiga urinishdan keyin olimlarga qarshi repressiyalar boshlandi, ilm sohasi ayanchli ahvolda. Turkiya hukumati ilm ahli uchun pul emas, erkinlik va huquqlar muhimroq ekanini tushunishi kerak”, - deydi Anqaradagi Bilkent universitetidan siyosatshunos Aykan Erdemir.
“Dunyodagi eng zo’r tadqiqotlar markazlari qonun ustuvorligi va so’z erkinligi bor mamlakatlarda joylashgani bejiz emas. Hukumatimiz demokratik islohotlarni amalga oshirmas ekan, Turkiyaga yuqori malakali olimlar kelmaydi,” - deydi u.