Turkiya va Gretsiya Egey dengizi uzra harbiy samolyotlar uchirib, bir-birining havo sarhadini buzganlikda ayblamoqda.
Dengiz ikki mamlakat talashayotgan hudud markaziga to’g’ri keladi.
May boshida Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis AQSh Kongressini Turkiyaga qurol savdosini to’xtatishga chaqirgach, Prezident Rajab Toyib Erdog’an Mitsotakisdan ko’ngli qolganini aytdi.
Afinaning qurollanish dasturidan xavotirga tushgan Anqaraga ko’ra, qo’shni mamlakat Turkiyaga yaqin orollarga qurol joylashtirmoqda.
“Gretsiya 5 milliard dollarga Fransiyadan jangovar samolyot va yangi kreyserlar, AQShdan esa 10 milliard dollarga vertolyotlar va harbiy floti ehtiyojlari uchun anjomlar sotib oldi. Yangi F-35 qiruvchi samolyotlarini ham. “Grek orollarida nimalar bo’lyapti” degan savol tug’iladi bizda. Nahotki Turkiyaga hujum qilishga qaror berishayotgan bo’lsa?”, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi Mesut Jashin.
Turkiya Rossiyadan havo mudofaasi sistemasini sotib olishi ketidan Qo’shma Shtatlar Turkiya bilan qurol savdosini muzlatib qo’ydi.
Ayrim tahlilchilar Turkiya va Gretsiya o’rtasida kuchlar muvozanati o’zgarib borayotganidan xavotirda.
“Turkiya zamonaviy qurollar va harbiy texnikadan bebahra qoldi, Gretsiya esa bunday qurollarni tinimsiz sotib olmoqda. Bu esa shubhasiz harbiy vaziyatni Gretsiya foydasiga og’diradi”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universiteti eksperti Serhat Guvench.
Seshanba kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’li Anqara grek orollariga da’vo qilishga tayyor ekanini aytib hamda Afinani orollar demilitarizatsiyasini ko’zda tutgan xalqaro bitimni buzayotganlikda ayblab, ziddiyatlarni yanada kuchaytirdi. Gretsiya uning harakatlari o’zini mudofaa qilishga qaratilganini bildirmoqda.
Afina xavotiriga ko’ra, Turkiya chegaralarini ochib, qochqinlarni u tomon chiqarib yuborishi, Egey dengizidagi orollarga harbiy bosim qo’yishi mumkin.
“Migratsiya yoki qochqinlar masalasi, orol suvereniteti va uning militarizatsiyasi, harbiy mashqlar masalalarida Turkiyaning qadamlari qanday bo’lishi hozircha mavhum. Shu sabab Gretsiya qator himoya va boshqa turdagi choralarni ko’rishga qaror qildi. Oldinda o’ta qiyin davr bizni kutmoqda”, - deydi gretsiyalik siyosatshunos Afanasios Drugos.
Kuzatuvchilar nazarida, Gretsiya va Turkiya rahbarlari o’zini millatchi saylovchilari manfaatlari uchun kurashayotgan kuchli shaxs sifatida ko’rsatishga urinmoqda.
Biroq Afinaning Vashington va Yevropa Ittifoqi bilan chuqurlashayotgan aloqalari hamda Anqaraning yakkalanishi Turkiyani zaif ahvolga solmoqda
“Bu Turkiyaning so’nggi 10 yilda qilgan strategik xatosi oqibatlaridir. Hammani o’zidan uzoqlashtirib, atrofidagi muhitni yakka o’zi shakllantira olish qobiliyatiga bo’lgan haddan tashqari ishonch natijasi bu”, - deydi Serhat Guvench.
Turkiya Gretsiya va Kipr da’vo qilayotgan dengiz hududlariga yaqin joyda tabiiy resurslarni qidirishga kirishgani ham uning yanada yakkalanishiga olib kelishi mumkin.
Facebook Forum