Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov O’zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan. Uni Toshkent aeroportida Bosh vazir Abdulla Aripov kutib olgan. Shavkat Mirziyoyev va Qurbonguli Berdimuhammedov o’rtasidagi muzokaralarda o’zaro munosabatlarni rivojlantirish, istiqboldagi loyihalar, savdo-iqtisodiy, ikki tomonlama madaniy aloqalar, mintaqaviy hamkorlik masalasi muhokama qilingan.
Berdimuhammedovning O’zbekistonga tashrifi Toshkentda 29-noyabr kuni kutilayotgan Markaziy Osiyo prezidentlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi doirasida amalga oshmoqda. O’zbekiston taklifiga ko’ra Turkmaniston rahbari bu sammitda ilk bor ishtirok etadi.
Toshkent mintaqadagi eng yopiq rejim rahbari sifatida tanilgan Berdimuhammedovga alohida ehtirom ko’rsatayotgani kuzatiladi. Prezidentlar tashrif munosabati bilan tashkil qilingan kitob ko’rgazmasida ishtirok etishgan.
Qurbonguli Berdimuhammedov qalamiga mansub asarlarga bag’ishlangan bu ko’rgazmada Mirziyoyev turkman yetakchisiga uning o’zbek tilida chop etilgan ilk kitobini sovg’a qilgan.
O’zbekiston prezidenti matbuot xizmati Turkmaniston prezidentining asarlari O’zbekiston ilmiy doiralarida katta qiziqish uyg’otganini alohida ta’kidlaydi.
Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Turkmaniston prezidenti O’zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi unvoniga loyiq ko‘rilmoqda. Ikki qo'shni davlat orasidagi aloqalar Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan shiddatli rivojlandi.
O’zbekiston prezidentining birinchi xorijiy safari aynan Turkmanistonga qilingan tashrifidan, strategik sheriklik bitimi imzolanishidan boshlangan edi.
2018-yilda esa Turkmaniston prezidenti O’zbekistonga tashrif buyurgan, tomonlar o’zaro aloqalarni rivojlantirish, hududlar o’rtasida hamkorlikni yo’lga qo’yish, energoresurslar eksporti bo’yicha hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga kelishgan edi.
Strategik sheriklik bitimiga qaramasdan Turkmaniston O’zbekiston bilan vizali tizimni saqlab qolayotgan mintaqadagi yagona davlat hisoblanadi. O’zbekiston prezidentining Qirg’iziston va Tojikistonga qilgan tashriflari ortidan bu davlatlar bilan mavjud vizali tartib bekor qilingan, aholini o’zaro o’tib-qaytishi soddalashtirilgan edi.
Berdimuhammedov Markaziy Osiyo hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan sammitda qatnashish maqsadida kelganiga qaramasdan mintaqada vizali tartibningsaqlanib qolinayotgani sammit doirasida muhokamaga chiqishi ehtimoldan yiroq.
O’zbekiston-Turkmaniston aloqalari o’rtasidagi dolzarb muammolardan biri Turkmanistondagi o’zbeklar taqdiri, xususan mamlakatda ikkinchi yirik etnik guruh bo’lgan o’zbeklar uchun ona tilidagi maktablar yo’qligi, milliy-madaniy markazlar faoliyati to’xtatilgani bo’lib qolmoqda.
Bu masala Prezident MirziyoyevningTurkmanistonga, Berdimuhammedovning esa O’zbekistonga qilgan tashriflari davomida bir qadar ko’tarilgan, ammo Turkmaniston tomonidan lozim darajada e’tibor berilmagan masala sifatida qolmoqda.
Rasmiy Toshkent, xususan Prezident Mirziyoyev muzokaralar davomida O’zbekistonda istiqomat qilayotgan 200 mingga yaqin etnik turkmanlarning ona tilida ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida taqdimot qilgan, ammo Turkmanistondagi milliondan oshiq etnik o’zbeklarning bu boradagi huquqlari qanchalik ta’minlanayotganiga doir vaziyatni rasmiy Ashxobod, Prezident Berdimuhammedov ham muzokaralar davomida chetlab o’tayotgani kuzatiladi.
Berdimuhammedovning navbatdagi safari davomida ham bu muammo chetlab o’tilgan ko’rinadi. Har holda Berdimuhammedovning Mirziyoyev bilan o’tkazgan uchrashuvi davomida Turkmanistondagi etnik o’zbeklar huquqiga doir masala muhokamaga chiqqani xabar qilinmadi.
Shavkat Mirziyoyev ilk rasmiy safarini Turkmanistondan boshlashi, tomonlarning strategik sheriklikka kelishishi tazyiqlar ostidagi turkman faollari tomonidan ham iliq kutib olingan edi.
O’zbekistondagi islohotlar epkinining Turkmanistonda ham sezilishiga umidlar oqlanmadi. Turkman faollari islohotlar taqdiri hali O’zbekistonning o’zida ham mavhum qolayotganini ta’kidlashmoqda.
Qurbonguli Berdimuhammedov, Shavkat Mirziyoyev kabi, Turkmanistonning ikkinchiprezidenti hisoblanadi. Berdimuhammedov mamlakat rahbarligiga 2006-yilda birinchi Prezident Saparmurod Niyozovning o’limi ortidan kelgan edi.
Dastlab mamlakatda demoktarik o’zgarishlar qilish, islohotlar o’tkazish va’dasi bilan hokimiyatga kelgan Prezident Berdimuhammedov keyinchalik Niyozov davrida amalda bo’lgan diktatura rejimini qayta tikladi, avtoritar boshqaruvni mustahkamladi. Ayni paytda Turkmaniston Markaziy Osiyodagi eng yopiq davlat sanaladi.
Facebook Forum