Breaking News

Uyg'urlar xalqaro hamjamiyatdan yordam so'ramoqda


Urumchi, 29-iyun, 2013
Urumchi, 29-iyun, 2013
Urimchida 2009-yilgi qonli voqealar xotirlanar ekan, Sharqiy Turkiston – Shinjon-uyg'ur muxtoriyati harbiylarlar qurshovida. Hukumat nazoratni kuchaytirgan. Jahon Uyg’urlari Kongressi xalqaro hamjamiyatdan e’tibor va yordam so’ramoqda.

Jahon uyg'urlarining Shinjondagi voqealarga munosabati, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:51 0:00
Yuklab oling

Ma’lumotlarga ko’ra, hududga minglab harbiy texnika kiritilgan. Uyg’urlar kundalik hayoti cheklab qo’yilganidan nolimoqda. Noroziliklarning yangi to’lqini kuzatilmoqda.

Germaniyada asoslangan Jahon Uyg’urlari Kongressi Bosh kotibi To’lqin Isa deydiki, Xitoy hukumati Urumchi voqealari yuzasidan haqiqatni yashirib keladi.

“Qancha odam o’lgan, qanchasi qamoqda, qanchasi yarador bo’ldi, hukumat bu ma’lumotlarni hozirgacha yashirib kelayapti. Biz BMTdan, Yevropa Ittifoqidan haqiqiy vaziyatni bilish uchun bir tashrif guruhini tashkil etishni so’radik, biroq Xitoy hukumati ruxsat bermadi. Xitoy hukumati to’qnashuvda 197 kishi o’ldi, ularning ko’pchiligi xan-xitoylar deb aytdi, ammo bizdagi ma’lumotlarga ko’ra, o’lganlar soni bir necha mingga yetishi mumkin. Shu munosabati bilan biz dunyoga Xitoy hukumati 5-iyul fojiasi uchun javobgar ekanligini eslatib, shahidlarimizga hurmat ko’rsatishni maqsad qildik”, - deydi To’lqin Isa.

Xitoy mustamlakasida yashayotgan uyg’urlarning norozilik kurashi izchil jarayon, deydi faol. Shu yilning 28-iyun kuni uyg’urlar va politsiya orasidagi to’qnashuvda o’nlab odam qurbon bo’ldi.

Uyg’urlar uchun oddiy turmushda qator cheklovlar qo’yilgan ekan, noroziliklar kuchaysa kuchayadiki, kamaymaydi, deydi To’lqin Isa.

“Boshqa shaharga o’tish uchun ruxsat olish kerak. Uyga mehmon kelsa, hokimyatni xabardor qilish kerak. Soqol qo’yish, machitga borish mumkin emas. Kasal bo’lsangiz qaramaydi. Maktabga olmaydi, avtobusga chiqsang chipta sotmaydi. Shunga o’xshash kamsitishlarning har kuni uchrashi odamlar bardoshini tugatdi. Shundan so’ng odamlar soqchilarga, hokimyat vakillariga hujum qila boshlashdi. Lekin bularning asl sababi Xitoy hukumatining bosimi va kamsitish siyosatiga bog’liq”,- deydi uyg'ur yetakchi.

Xitoy pozitsiyasi shuki, uyg’urlar haq-huquqlari ta'minlangan, ularning diniy, milliy qadriyatlari kamsitilmaydi. Rasmiy Pekin targ’ibot kampaniyasida Shinjon iqtisodiy rivojlangan, erkinlik va tenglik barqaror bo’lgan hudud sifatida taqdim etiladi.

Rus matbuotida chiqqan ayrim maqolalarda ham Sharqiy Turkiston taraqqiy etayotgani uyg’urlarda mustaqillikka bo’lgan ehtiyojni pasaytirmoqda deya mulohaza yuritiladi.

Qashg'arda farzandidan ayrilgan onalar
Qashg'arda farzandidan ayrilgan onalar
To’lqin Isa bu yolg’on deydi:

“Sirtdan qaraganda, iqtisodiy ko’tarilish bor, ammo undan bahramand bo’layotgan yerlik aholi - uyg’urlar, qozoqlar, o’zbeklar emas, balki hukumat Sharqiy Turkistonga keltirgan xitoy ko’chmanchilaridir. Ular uchun albatta yaxshi iqtisodiy imkoniyatlar yaratilgan. Bu imkoniyatlar yerli xalqqa tegishli emas, faqat hukumat siyosatini qo’llab turgan bir-ikki foiz aholini istisno qilish mumkin. Qolaversa, agar Sharqiy Turkiston xalqi iqtisodiy manfaatlar evaziga mustaqillik va ozodlikdan voz kechadigan kayfiyatda bo’lsa, nega noroziliklar ko’payib bormoqda? Nega politsiyaga, hukumat vakillariga qarshi hujumlar kuzatilmoqda”?

Sharqiy Turkiston ahli o’zini Markaziy Osiyoning uzviy bir qismi deb biladi. Mintaqada millionga yaqin uyg’urlar yashaydi. Xitoy bilan siyosiy aloqada bo’lgan mintaqa davlatlari uyg’ur fuqarolari faoliyatini ham nazoratda ushlaydi. Urumchidagi qonli voqealar xotirlanar ekan, dunyoning ko’plab mamlakatlarida Xitoy elchiligi norozilik nishoniga aylandi. Lekin Markaziy Osiyoda bunday qilishga ruxsat berilmaydi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG