Breaking News

Respublikachilar orasida Donald Trampga qarshilar ko'p


Donald Tramp
Donald Tramp

AQShda prezidentlikka da’vo qilayotgan respublikachilar birin-ketin poygadan chiqib, oxirida Donald Tramp qoldi. Ko’plab respublikachilar bu faktni qabul qila olmayotgan ko’rinadi.

Ayrimlar esa partiya qadriyatlariga zid qarashlarga ega shaxsning yagona nomzod bo'lishidan g'azabda, chunki noyabr saylovlarida kim g’olib chiqishidan qat’i nazar Respublikachilar partiyasi kelajagi hozir har doimgidan ham mavhumroq.

Konservativ qarashlarga ega bloggerlar va partiya faollari, jumladan Mark Salter Trampni qo’llab-quvvatlamasligini ochiqchasiga ma’lum qildi. Boshqalar esa Demorkatlar partiyasi vakili Hillari Klinton tarafida ekanini aytmoqda.

“Respublikachilar partiyasining oddiy a’zolari va hatto konservativ qarashga ega arboblarning Klintonni qo’llab-quvvatlashi - misli ko’rilmagan hol”, - deydi Brukings instituti tahlilchisi Jon Hudak.

Indiana shtatida Tramp g’alaba qozongach, uning so’nggi ikki raqibi Ted Kruz va Jon Keysik poygadan chiqdi. Shundan so’ng Tramp “Respubliachilar partiyasi birdamlikka muhtoj”, deb gapirdi.

Kongressni ham o’ylash kerak

Ayrim respublikachilar partiyani inqirozdan saqlab qolish uchun Trampga ovoz berishi mumkin.

“Bu partiyani yana birlashtirishga va odamlarni saylovda qatnashish va ovoz berishga undashga urinish bo’ladi”, - deydi Amerika tadbirkorlik institutidan Norm Ornstein. Chunki respublikachilar Senat va Vakillar palatasi haqida ham o’ylashga majbur.

Noyabrgi saylovda Senatning 34 o’rni uchun ham bellashuv bo’lib o’tadi. Respublikachilar 7-10 ta o’rinni boy berishi ehtimoli bor. Bunga yo’l qo’ymaslik uchun ham respublikachilar Trampga ovoz berishga qaror qilishi mumkin, deya tushuntiradi Ornstein.

AQShning ikki sobiq prezidenti, ota va o’g’il Bushlar Respublikachilar partiyasining yozgi qurultoyida qatnashmaslikka va hech kimni qo’llab-quvvatlamaslikka qaror qildi.

Partiyaning eng yuqori lavozimga ega a’zosi, Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan Tramp nomzodini ma’qullashga tayyor emasligini aytdi.

Janubiy Karolinadan respublikachi senator, Trampni anchadan beri tanqid qilib keladigan Linsi Grem “agar Trampni yagona nomzod qilib ko'rsatsak, kunimiz bitdi. O’zimizning boshimizni o’zimiz yegan bo’lamiz”, deydi.

“Uoll-Strit Jornell” gazetasiga ko’ra, Vakillar palatasi va Senatning 300 respublikachi a’zosidan atigi 12 nafari, 31 respublikachi gubernatordan 3 nafari nyu-yorklik tadbirkor nomzodini ma’qullagan.

Noyabrgi saylovlar natijasi qanday bo’lishidan qat’i nazar, respublikachilar partiyasi ilgarigi holiga qaytolmaydi. Agar saylovda Tramp yutsa, uning immigratsiyaga, an’anaviy siyosatga qarshi siyosatini ma’qullagan partiyadoshlari ustun keladi. Agar u mag’lubiyatga uchrasa, konservator Ted Kruz va boshqalar partiyani qayta tiklash vazifasi bilan to’qnashadi.

“Nafaqat partiya rahbariyatini nazorat qilish uchun, balki Respublikachilar partiyasi mohiyati va qadriyatlari uchun jiddiy kurash boshlanadi va bu kurash osonlikcha hal bo’lmaydi”, - deydi Ornstein.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG