Breaking News

Epidemiyalarga qarshi xalqaro kurashga AQSh bosh-qosh


Yuqumli kasalliklar ustidan nazoratni oshirish yo’lida xalqaro hamkorlik. Yaqinda Vashingtonda dunyoning 26 mamlakati va xalqaro tashkilotlar vakillari yig’ilib, shunga kelishib oldi. Epidemiyalarga olib kelishi mumkin bo’lgan kasalliklarni oldini olish, aniqlash va davolash tashabbusiga AQSh bosh-qosh.

2012-yilda Kongo respublikasida Ebola virusi tarqalganida musulmonlarga hajga borish taqiqlangan edi.

2003-yilda esa g’ayritabiiy zotiljam Xitoydan bir zumda 20 dan ziyod mamlakatga tarqaldi.

Bugugi dunyoda xavfli viruslarning bir joydan ikkinchi joyga ko’chishi osonlashgan, deydi AQSh Sog’liqni saqlash vazirasi Ketlin Sebelius.

“Mikrob va kasalliklar ilgariga qaraganda ancha tezroq yuqayapti. Bir narsa shubhasiz – ular davlat va chegara tanlamaydi”.

Aksar mamlakatlarda tibbiy ofatlarga qarshi tayyorgarlik darajasi juda sust. Shuning uchun Qo’shma Shtatlar kambag’al, o’rtahol va badavlat mamlakatlar orasida hamkorlikni yo’lga qo’ymoqda.

“O’ttiz mamlakat bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilsa, kelasi 5 yilda 4 milliard odamning hayotini saqlab qolamiz,” - deydi Sebelius.

Kasalliklar tarqalishini bartaraf etish hamda tayyorgarlikni oshirish bo’yicha ilk loyihalar Vyetnam va Ugandada amalga oshirilgan.

Yangi tashabbus global xarakterga ega, lekin ayni vaqtda hukumatlar kasalliklarga qarshi o’z kuchi bilan mahalliy darajada kurashishga ham o’rganadi, deydi Amerika yuqumli kasalliklar jamiyati rasmiysi Amesh Adalja.

“Noma’lum bir infeksiya tarqalganida qo’llanadigan texnologiya va metodlardan oddiy kasalliklarga qarshi kurashda ham bemalol foydalansa bo’ladi. Masalan, laboratoriyalar barpo etish, emlash, ommani xabardor qilish va hokazo,” - deydi u.

Rivojlanayotgan davlatlarda yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish, sog’liqni saqlash tizimlarini takomillashtirish uchun Obama ma’muriyati kelasi bir yilda 45 million dollar ajratadi. AQSh boshqa davlatlarni ham bu loyihaga qo’shilishga undamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG